Bolalar aravachasi qanday tanlanadi?
Hozirgi vaqtda bolalar maydonchalari, istirohat bog‘lari, saylgohlarda toza havodan bahra olish maqsadida ko‘chaga chiqqan yosh bolali onalarni uchratish mumkin. Bolalar aravachasining xuddi mashinalar singari harakat qilishini ko‘rib havasingiz keladi.
Hajmi, rangi, yasalishi turlicha bo‘lgan bu mitti “transport vositalari” onalar og‘irini yengil qilib, kichkintoylarni tashqi ta’sirlardan: sovuqdan, zararli quyosh nurlaridan, yelvizakdan asraydi. O‘z o‘zidan savol tug‘iladi, onalarning yaqin ko‘makchisiga aylanib ulgurgan aravachalar qanday paydo bo‘lgan? Bugungi aravachalar dastlab qayerda paydo bo‘lgan?
XVIII asrda Buyuk Britaniyalik gersog Devonshir dizayner Uilyam Kentdan qizalog‘i uchun aravacha yasab berishni so‘raydi. Mazkur buyurtma 1733-yilga kelib o‘z egasiga topshiriladi. Uning ko‘rinishi hozirgi davrda foydalanilayotgan aravachalardan butkul farq qilardi. U chiroyli qilib bezatilgan kattalar aravasining kichik shakli bo‘lib, poni otlariga biriktirishga mo‘ljallangan. Bunga o‘xshash aravada bola faqat o‘tirishi mumkin bo‘lgan.
Go‘daklar uchun mo‘ljallangan aravachalar ko‘rinishi osma belanchakni eslatadi. Uning ichida kichkintoy ko‘p vaqtini yotgan holda o‘tkazadi. Agar bolakay bexosdan uyg‘onib ketsa, aravachani sekin tebratib uni ovutish mumkin. Sayr qildirishga mo‘ljallangan aravachalar biroz katta yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan. Bu aravacha yordamida bola o‘tirgan holatda harakatlanishi, atrof-muhitni qulay holatda tomosha qilib ketishi mumkin. Maxsus yopinchiq yordamida yomg‘ir, qor, shamol va sovuqdan himoyalanish kabi qulayliklari ham mavjud. Quyoshning foydali ultrabinafsha nurlari ostida go‘dakni issiq kunlarda kunduzgi soat 8-11 va kechki soat 17 dan keyin sayr qildirish mumkin.
Aravachalarni tanlashda uning tashqi ko‘rinishi, rangi bilan bir qatorda qulayliklariga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Odatda ko‘pchilik ko‘rinishi chiroyli ishlangan aravachalarni xarid qiladi. Foydalanayotganda yuzaga keladigan noqulayliklar haqida esa undan foydalangach xabar topadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, aravacha xarid qilishda iloji boricha onaning tanloviga quloq tutgan ma’qul. Sababi u ko‘p vaqtini farzandi bilan o‘tkazadi va albatta, aravachadan odatda u foydalanadi. Aravachalarning yig‘ma turi onalar uchun eng qulay yordamchi sanaladi. U bola bilan uzoqroq joyga sayrga chiqish va kerak bo‘lganda uni yig‘ib qo‘yish uchun mo‘ljallangan.
Shu bilan birgalikda kitobni eslatuvchi, biroz og‘ir ko‘rinishga ega bo‘lgan aravacha ham onalar uchun yaqin yordamchi bo‘la oladi. Uning og‘irligi maxsus cho‘ntaklar hisobiga to‘g‘ri keladi. Cho‘ntaklar vositasida kichkintoy uchun zarur bo‘lgan buyumlarni olib yurish mumkin.
Ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi onalar aravacha tanlashda uning og‘irligiga e’tibor berishlari lozim. Chunki, aravani yuqoriga chiqarish va pastga tushirish vazifasini bajarishda qiynalib qolishingiz, og‘ir ko‘tarish natijasida esa sog‘ligingizga ziyon qilishingiz hech gap emas. Bundan tashqari “mitti transport” vositasi uchun tikilgan mato yuvishga mo‘ljallangan bo‘lishi lozim. Uni yuvishda va qayta joylashtirishda muammolar yuzaga kelishi ko‘pchilikni ranjitadi. Shu sababli bolalar aravachasini tanlashda e’tiborli bo‘ling.
Xurshida HUSENOVA