PREZIDENT SOVG‘ASI BILAN YANGI YIL YANADA QUVONCHLI
Yurtimizning har bir go‘shasida yangi yil shukuhi. Bezatilgan yam-yashil archa rang-barang chiroqlar bilan yanada tarovatli bo‘lib ko‘rinmoqda. Ko‘cha-ko‘yda bayramona kayfiyat hukmron. Ayniqsa, bolajonlarning yuzu ko‘zidagi tabassum va quvonchni ko‘rib yuragingiz entikib ketadi. Bu yurtning bolasiga bo‘lgan ishonch va g‘amxo‘rlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Zero, bolajonlar kelajakning haqiqiy vorislari sanaladi. Shuning uchun ularning xursandchiligi va shodon kulgisi jamiyki boyliklardan a’lo va qadrli.
Vatan bugungi kun istiqlol bolasini yangi yil sovg‘alari bilan qutlamoqda. Bunday g‘amxo‘rlik va e’tiborning bir namunasi sifatida an’naviy tarzda tashkil etib kelinayotgan “Prezident archasi” tadbirini e’tirof etish o‘rinlidir.
Mazkur tadbirni mazmunli va ko‘tarinki ruhda tashkil etish maqsadida, Xalq ta’limi vazirligi va “Sen Yolg‘iz Emassan” Respublika bolalar jamoatchilik jamg‘armasi hamkorligida “Prezident archasi” tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma buyruq qabul qilinib muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Kuni kecha “Turkiston” saroyida o‘tkazilgan “Prezident archasi” tadbirida “Tomosha” bolalar guruhi tomonidan “Mehrimizda sehrimiz” sahnalashtirilgan musiqiy chiqishlar bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirlarda “Mehribonlik” uylari va Bolalar shaharchalari, “SOS – bolalar mahallasi”, Go‘daklar uyi, Oilaviy bolalar uylari, “Muruvvat” uylari tarbiyalanuvchilari, mahallalardagi 3 yoshdan 15 yoshgacha ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda yurtimiz tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lgan Ichki ishlar, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy xavfsizlik xizmati, Respublika Prokuraturasi hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlarining farzandlari ishtirok etdi. Mazkur bayram shodiyonasi bolajonlarga olam-olam shodlik ulashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan taqdim etiladigan 12 nomdagi o‘quv qurollari va 15 nomdagi shirinliklardan iborat bo‘lgan 11 ming dona sovg‘alar yurtimiz bo‘ylab bolajonlarga tortiq etildi.
Charos XUSHVAQTOVA,
“Sog‘lom avlod” muhbiri