Sihatgohda gazeta kuni
“Salomatlik tuman boylik”, – degan naqlga amal qilgan kishi borki nafaqat o‘zining sog‘lig‘ini balki oila a’zolarining tinchligu osoyishtaligini ham ta’minlagan bo‘ladi. O‘z vaqtida mehnat qilib, kezi kelganida maroqli hordiq chiqarib, sog‘liqni tiklashning ham o‘ziga yarasha gashti bor.
Poytaxtimizning so‘lim “Chinobod sanatoriyasi” aksiyadorlik jamiyatida bo‘lib o‘tgan “Sog‘lom avlod” gazetasi kunlari doirasida mazkur sihatgohning dam oluvchilari bilan uchrashib bunga yana bir bor amin bo‘ldik.
Qo‘llari qadoqli, qalbi esa ardoqli otaxonu onaxonlar bilan hamsuhbat bo‘lib, ularning chehrasidagi mamnunlikdan shodlandik. Mazkur sanatoriya dunyoning rivojlangan davlatlarida ishlab chiqarilgan tibbiy asbob-uskunalar yordamida ambulator va statsionar sharoitida diagnostika va davolash xizmatlarini amalga oshiradi. Barcha qulayliklarga ega maskanda dam oluvchilar uchun madaniyat saroyi, kutubxona, sport va raqs maydonchalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tadbir doirasida sihatgohda dam oluvchilar “Sog‘lom avlod” gazetasi tahririyati jurnalistlarining ijod namunalaridan bahramand bo‘lishdi. Ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi. Shuningdek, dam oluvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan sport musobaqasi va “eng yaxshi kitobxon” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash ham bayramga o‘zgacha shukuh baxsh etdi. Uchrashuvda yosh san’atkorlar ijrosida yangragan mumtoz kuy va qo‘shiqlar dam oluvchilarga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
J. HAYDAROVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri