Mehrsiz MUNOSIB tarbiya bo‘lmas
Har bir bola o‘z dunyoqarashiga ega. U katta bo‘lgan sari, o‘y-xayollari, fikrlashi o‘zgarib boraveradi. Darhaqiqat, bola tarbiyasi juda muhim vazifalardan biri. Unga ota-onalar turlicha yondashadi. Ba’zilar bolaga go‘dakligidan tarbiya berish kerak desa, ayrimlar aqlini taniganidan so‘ng u bilan alohida shug‘ullanish zarur deb hisoblaydi. Farzandni hayotga muhabbat, odamlarga izzat-hurmat ruhida kamol toptirishda esa ota-onadan katta bilim, sabr-toqat talab etiladi. Shunday ekan, buning uchun bolalarga tarbiya berish jarayonida go‘dakligidan ko‘proq nimalarga e’tibor qaratish lozim? Shu va shunga yaqin mavzu atrofida fikrlashish maqsadida amaliyotchi psixolog Shahnoza Xalilovani suhbatga tortdik.
Farzandlarimizni kuzatganmiz. Ular ko‘proq kuchuk, mushuk kabi hayvonlar bilan o‘ynab yurganining guvohi bo‘lamiz. Ba’zilari qushchalarning uchib yurishini tomosha qilishga qiziqsa, qolganlari jo‘jalarga don berishni yaxshi ko‘radi. Lekin, qushlarning sayrashiga, tabiatning go‘zalligiga ahamiyat bermaydigan bolalar ham uchrab turadi. Buning uchun kichkintoylarimizni tevarak-atrofga nisbatan ijobiy munosabatda bo‘lishga o‘rgatishimiz kerak.
– Bolalar tabiatga mehr qo‘yishi uchun nimalarga ahamiyat qaratish lozim?
– Bolalarga uy sharoitida turli o‘simlik va hayvonlarni parvarish qilishni o‘rgatish lozim. Shahar sharoitida o‘sgan bola bunday imkoniyatlardan biroz bebahra. Hayvonot va nabotot olamida rang-baranglik xususiyati kamroq. Demak, shunday ekan bola har doim ham tabiat bilan aloqada bo‘lolmaydi. Hozirda har kim zamonaviy sharoitga ko‘nikmoqda. Tabiiy gullarning o‘rniga sun’iy daraxt va chimlardan foydalanmoqda. Bular ham o‘z-o‘zidan insonlarni tabiat bilan muloqotdan yiroqlashtiradi. Shuning uchun bolajonlarimizga uyda jonli burchak tashkil etishimiz shart. Bola qachon tabiatga mehr qo‘yadi? Uni his etganida. Qachon his qiladi? Qachonki bola o‘z qo‘li bilan birorta daraxt eksa, yoki biror hayvonga g‘amxo‘rlik qilsa, o‘shanda tabitga mehri uyg‘onadi.
– Ota-ona, opa-singilga nisbatan g‘amxo‘rlik hissini uyg‘otishda farzandlarimizning ongiga ko‘proq nimalarni singdirishimiz kerak?
– Buning uchun oilada ota-ona, avvalo, farzandlariga o‘rnak bo‘lishi shart. Chunki, oilaviy muhitning ta’sir doirasi ko‘proq kichkintoylarga kuchliroq o‘tadi. Bu judayam nozik masala. Oilada otasini onasiga, buvisini buvasiga mehribonchiligining guvohi bo‘lgan bola qalbida insonparvarlik tuyg‘ulari shakllanadi. Ular oiladan kuch oladi. Shuning uchun ota-ona farzandlariga alohida e’tibor qaratib, birini ikkinchisidan kam ko‘rmasligi lozim. Uka-singlisiga nisbatan g‘amxo‘r bo‘lishi, birdamlik yaxshi oqibatlarga olib kelishini tushuntirish orqali to‘g‘ri yo‘naltirib, tarbiyalash mumkin.
Ba’zida bir xil sharoitda va tarbiyada kamol topgan oila farzandlarining fe’l-atvori turfa bo‘lishi mumkin. Biri judayam qahri qattiq, biror vaziyatning og‘irligini his qilmaydi. O‘zining tanasida og‘riqni sezmas ekan, boshqa odamning dard chekayotganini qanday biladi?! Ikkinchisi yumshoq tabiatli, sal narsaga tezda xafa bo‘ladigan ta’sirchan bo‘lishi mumkin. O‘zi dard chekkan, og‘riqni his qilgan, ko‘p kasallikka chalingan bolalarda his qilish qobiliyati kuchliroq bo‘ladi. Bunda asosan farzandlarning fe’l-atvori ham katta ahamiyatga ega. O‘zi g‘amxo‘rlik ko‘rmagan bola boshqaga mehrli bo‘lishi qiyin. Ba’zi paytlarda “qahri qattiq” degan so‘zlarni ko‘p eshitamiz, bu ruhiyatida qandaydir muammosi bor bo‘lgan bola hisoblanadi. U hech kimga achinmasdan o‘zgalarga jismoniy zarar yetkazishi mumkin. Qandaydir harakatga beparvo qaraydi. Bunday holatlar kuzatilganda, bolalarda jiddiy muammo bo‘lib, tezroq tuzatish kerak.
– Tarbiyada qattiqqo‘llikni qo‘llaydigan oila farzandi ertaga atrofga qanday munosabatda bo‘ladi?
– Bu masalada aniq bir to‘xtamga kelish qiyin. Qattiqqo‘llikni qo‘llab-quvvatlaydigan oilada bolaning dunyoqarashi noto‘g‘ri shakllanadi. Agar, vaqtida bu holatning oldi olinmasa, o‘rtada katta jarlik paydo bo‘lishi mumkin. Bola atrofida bo‘layotgan voqealarga e’tiborsiz qarab, alamzada bo‘lib qoladi. Zero “Mehr ko‘rsang, mehr berasan,” – degan naql bejiz emas.
Charos XUSHVAQTOVA
suhbatlashdi.