Qiz bolaning o‘n barmog‘idan o‘n hunar tomsin

Sizga kimdir “gilamni chappa qilib to‘shang”, desa, hayron qolasiz. Chunki, bizda har narsaning o‘ngi ko‘rimli deb baholangan. Chiroqchilik yosh hunarmand, gilamdo‘z Hulkar To‘qboyevaning aytishicha, gilam turlarining sarasi, mashaqqati bisyori bo‘lgan “Qizgilam” xuddi shunday holatda – chap tomoni bilan ham “yuzlasharkan”.

– “Qizgilam” milliyligimiz bilan uyg‘unlashgan, – deydi yosh hunarmand. – Unda tizilgan gullardan tortib, nomida ham o‘zligimiz aks etgan. Azaldan o‘zbek qizlarining tashqi ko‘rinishi, ichki dunyosi bilan uyg‘unlashib ibo-hayo, odob kabi insoniy go‘zal tuyg‘ularni yanada yorqinroq aks ettirgan. Bu gilam ham shunday: o‘ng tomoni chiroyli, chap tomoni esa undan-da go‘zal. Shu sabab bu gilam turiga “Qizgilam” deb nom berilgan.

Yurtimizda qadimiy urf-odatlarimiz, an’analarimizdan saboq beruvchi soha – hunarmand­chilikning rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, ustoz-shogird maktablari, turli to‘garaklar vositasida momomeros gilamdo‘zlik sayqal topib, eski usullari ham tiklanmoqda. Viloyatimizning ko‘pgina qishloqlarida qiz bola turmushga chiqishdan oldin, albatta, o‘z qo‘li bilan to‘qigan “Shohgilam”, “Arabi”, “Qoqma”, “Dovrug‘” kabi gilamlar uning sepini bezab turishi lozim, deb topilgan. Aynan shu urf-odat zamon taraqqiy etib, turli sun’iy xom ashyodan ishlangan gilamlar iste’molga kirgan bo‘lsa-da, bardavom yashamoqda.

– Tabiiylikka qiziqish – nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham kuchli, – deydi Hulkar. – Tabiiy gilamlarda bir kichik muammo bor – oz miqdorda bo‘lsa ham uning rangi chiqadi. Bu, albatta, gilamning ko‘rinishiga ta’sir qiladi. Shuni hisobga olgan holda tabiiy jun ranglari: qora, kulrang, sariq, oq, ko‘k kabilardan o‘rinli foydalanib, bejirim gilam yaratishni maqsad qildim. Buning uchun dizaynerlik qobiliyati, ranglar uyg‘unligini tasavvur qila olish, “chiqishadigan” ranglarni tanlay ola bilish lozim. Bu borada ustozim Saltanat Qo‘ldosheva bilan maslahatlashib, yo‘l-yo‘riq oldim va buni uddaladim. Tabiiy jundan to‘qilgan gilamlar, avvalo, sog‘liq uchun foydali. Mutaxassislar to‘qima gilamlar oyoqlarni doimiy massaj qilishini, nam o‘tkazmasligini va oyoqlardagi turli xastaliklarning oldini olishini ta’kidlashadi. Hatto, tuya junidan to‘qilgan gilam bo‘g‘imdagi tuzlarni eritish xususiyatiga ega ekan. Tabiiy jun ranglaridan foydalanish esa gilamlarning sifatini ham bekamu ko‘st holga keltirdi. Endi ular qancha yuvilsa, shuncha “ochiladi”. Navbatdagi ishim – turli noan’anaviy shakllar: qaldirg‘och, arslon, tovus kabilarni gilamlarda gavdalantirdim. Bu mahsulotimni yanada xaridorgir qildi.

Yana o‘qing:  EGILUVCHAN VA “AQLLI” BILAGUZUK

Dastgoh, to‘qmoq va qayirma. Birgina gilam tayyor holga kelgunicha o‘rtacha bir oy ketadi, deb hisoblasak, ana shu bir oy davomida bu ish qurollari bilan tillashiladi. Asosiysi, gilamdo‘z bundan zerikmaydi. Har safar bu ish qurollarini qo‘liga olib buyum to‘qir ekan, vaqtning hisobini esdan chiqaradi. Sabrini sinovdan o‘tkazib, irodasini mehnatda toblaydi. Gilamdo‘z gilamga ko‘z nuri bilan birga qalb qo‘rini qo‘shib to‘qiydi va mahsulot ham ko‘zni quvnatuvchi, dillarni yayratuvchi bo‘ladi.

– Momomning aytganlari bor: qiz bolaning o‘n barmog‘idan o‘n hunar tomsin, – deydi Hulkar. – Gilamdo‘zlikdan tashqari, biser, kashtachilik, quroq tikish kabi hunarlarni ham yaxshigina o‘zlashtirdim. Bundan tashqari, dastgohimda telefon uchun g‘ilof, oynaxalta, qoshiqxalta, utovning barcha ashyolarini to‘qiyman.

Kollejda axborot texnologiyalarini o‘rganayapman, bu bilimni egallash hozir zamon talabiga aylandi. Agar kompyuterni yaxshi bilsam, gilamlarim ko‘rgazmasini dunyo miqyosida tashkil qilish va sotish imkoniyati tug‘iladi. Qolaversa, hunar yuzasidan tajriba almashish uchun internet tarmog‘ining ham imkoniyati katta.

O‘n to‘qqiz yoshli gilamdo‘zning yigirmaga yaqin shogirdi bor. Bundan tashqari, u “Tashab­bus”, “Qo‘li guldir o‘zbek ayolin!”, “Biz buyuk yurt farzandlarimiz!” va boshqa ko‘rgazma, tanlovlar, festivallarning faol qatnashchisi.

Chiroqchining chekka qishloqlaridan biri – Beshchashmada ijod qilayotgan Hulkar kabi yoshlar erishayotgan yutuqlar yurtimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati chekka-chekka hududlarni ham qamrab olganligi samarasi. Tanlovlarda yoshlarimiz erishayotgan muvaffaqqiyatlar esa ijodga rag‘bat va yaratilgan imkoniyatlarning mevasidir.

Zamira RO‘ZIYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: