MITTI NASOS
MSR (Mountain Safety Research) korporatsiyasi olimlari yangi “MSR Guardian” nomli innovatsion suv tozalash qurilmasini ixtiro qildilar. Mazkur qurilma kichik suv tozalash nasosi bo‘lib, daqiqasiga 2, 5 litr suvni tozalash imkoniga ega.
Uskuna bir vaqtning o‘zida filtr va tozalash tizimi vazifasini ham o‘taydi. Eng qizig‘i bularning barchasi ultrabinafsha nurlanishsiz, faol ko‘mirsiz, kimyoviy reagentlarsiz va bosqichli filtrlashsiz amalga oshadi.
Filtrlashning asosiy siri, g‘ovaksimon tibbiyot mikrotolasi to‘ldirilgan silindrsimon korpus ichida berkingan. Bir marta ular orqali o‘tgan suvni, bu tolalar kirdan, zararli mikroblardan, viruslardan va mitti mikroorganizmlardan tozalaydi. Filtrlangan suv inson uchun zararsiz hisoblanadi va ichish uchun shu zahotiyoq tayyor hisoblanadi. Suvni tozalash jarayoni qo‘l harakati bilan, maxsus dastakni bosish orqali amalga oshiriladi.
Qurilma egasi uni ishlatgandan so‘ng yuvib tozalash mehnatidan ham ozod etilgan. Guardian tizimi filtrni o‘zini tozalash uchun tozalangan suvning 10 foizgacha bo‘lgan qismini alohida kanal orqali jo‘natadi. Ishlab chiqaruvchining so‘zlariga ko‘ra, filtrning resurslari 10 ming litr suvni tozalashga yetadi.
Dilorom ADILOVA