BOLANGIZNING BO‘YI BARVASTA BO‘LSIN
Tunov kuni qo‘shnim o‘g‘lining bo‘yi pastligi sabab harbiy o‘quv yurtiga o‘qishga qabul qilinmaganini aytib yozg‘irdi. Yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsam, ushbu o‘quv dargohiga kirish uchun davlat tomonidan belgilangan standartlarga mos bo‘lishi zarur. Ana shulardan biri bolaning bo‘yi bilan bog‘liq. Nafaqat harbiy kiyim kiyish uchun balki, qaysi sohada ishlashidan qa’tiy nazar baland bo‘y insonga o‘zgacha viqor bag‘ishlaydi.
Shu bois farzandimizning bo‘y-basti haqida u tug‘ilgan kunidanoq qayg‘urish zarur. Bo‘y bilan bir qatorda vazn ham mutanosib bo‘lmog‘i lozim. Quyida keltirilgan ma’lumotlar ota-onalar uchun ko‘makchi bo‘lsa ajab emas.
Birinchi navbatda bo‘yning qanday bo‘lishi irsiyat bilan aloqador. Bola tug‘ilmasdanoq uning kelgusidagi bo‘yi haqida taxminiy tasavvurga ega bo‘lish mumkin. O‘g‘il bolalarning bo‘yi quyidagi formula orqali hisoblab chiqiladi:
(otaning bo‘yi + onaning bo‘yi x 1, 08): 2.
Qiz bolalarning bo‘yini hisoblash uchun esa quyidagi formula tavsiya etiladi:
(otaning bo‘yi x 0, 923 + onaning bo‘yi): 2.
Bu formula tibbiyotda asoslangan.
Shifokorlarning aytishicha, chaqaloqning bo‘y uzunligi 48-52 sm, o‘rtacha 50 sm bo‘ladi. Birinchi yili bolaning bo‘yi 20-25 sm o‘sadi, ikkinchi yili o‘rtacha 10 sm, uchinchi yili 8 sm o‘sadi. Chaqaloqning bo‘yi 5 yoshgacha 2 marta, 15 yoshda 3 marta ko‘payadi. 1 yoshdan to 15 yoshgacha bo‘lgan bolaning bo‘yi har yili o‘rtacha 5 sm o‘sadi.
Qizlarning 18 yoshda, yigitlarda 20 yoshda bo‘y o‘sishi juda sekinlashadi va 21-25 yoshda butunlay to‘xtaydi. Erkaklarda o‘rtacha bo‘y uzunligi 170 sm, ayollarda 165 sm, deb qabul qilingan.
Chaqaloqning tana vazni 3000-3400 gramm bo‘ladi. Olti oylikkacha chaqaloqning tana vazni 600 gramm oshib boradi. 7 oylikdan 12 oylikkacha har oy bolaning vazni 500 gramm oshadi. Chaqaloqning vazni 6 oylikda 2 marta, 12 oylikda esa 3 marta o‘zgaradi. Bir yoshdan 14 yoshgacha bolaning tana vazni har yili o‘rtacha 2 kgni tashkil etadi. Tana vazni tibbiyot tarozisida ertalab nahorda aniqlanadi.
Bolaning og‘irligi 10-12 kilogrammni yoki undan ko‘proqni tashkil etadi, bo‘yi esa 80-86 santimetrgacha uzayadi. Balog‘at davri boshlangunicha har yili 1, 5-2 kilogrammga og‘irlashib, 4-5 santimetrga o‘sib boradi.
Farzandingizning normal o‘sayotganini yoki o‘sishdan orqada qolayotganini bilish uchun qo‘l kafti rentgen qilib ko‘riladi. Agar tasvirda “o‘sish zonalari”, ya’ni suyaklarning tog‘ay qismi yaqqol ko‘rinib tursa, bola o‘sishda davom etadi. Agar bu zonalar yopilib, suyak bilan batamom berkilgan bo‘lsa, aksincha bo‘ladi.
Bolaning tunda yaxshi uxlashiga alohida e’tibor qarating. Zero, kam uxlash bo‘y o‘sishiga salbiy ta’sir qiladi. Shuningdek, o‘sish gormonining 70 foizi tungi uyqu paytida ajralib chiqadi. Shuning uchun bolalarning to‘yib uxlashi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
To‘g‘ri ovqatlanishning ham bo‘y o‘stirishda ahamiyati beqiyos. Tarkibi oqsilga boy ovqatlarni iste’mol qilish, o‘sish gormonini rivojlantiradi, glyukoza esa bu gormonning chiqishini sekinlashtiradi. Shuning uchun bolalar va o‘smirlarning ovqat ratsionida tvorog, go‘sht, tuxum kabi mahsulotlarning muntazam bo‘lishi tavsiya etiladi. Shuningdek, vitamin A (sabzi, baliq, jigar, ko‘katlar), vitamin V (sariyog‘, sut, tuxum, yong‘oq, qora non), kalsiy (sut mahsulotlari) va fosfor (baliq) elementlarining organizmga yetarli miqdorda tushishi ham bo‘y o‘stirishga yordam beradi.
Bilasizmi, 30 yoshgacha bo‘lgan davrda inson juda sekin, ya’ni yiliga 0, 5 smga o‘sishi mumkin ekan. Bu davr asosan, umurtqa pog‘onalarining o‘sishi bilan xarakterlanadi. 30-50 yoshlar davomida tana uzunligining o‘lchamlari o‘zgarmaydi, keyin esa asta-sekinlik bilan, ya’ni har 10 yilda 1 smga tana uzunligi pasayishni boshlaydi. Bunga sabab, umurtqa pog‘onalarining qiyshayishi, umurtqa pog‘onalararo joylashgan disklarning qalinlashuvi, elastikligining yo‘qolishi hisoblanadi. 80 yoshga yetganda insonning tana uzunligi 7-8 smga pasayadi.