BOLALAR HUQUQLARI HAQIDAGI KITOB

ilk bor sakkiz yuz yil oldin yozilgan

Ushbu allomaning hayoti va ijodi haqida o‘zim ilmiy ish olib borgan Hoji Xalifaning “Kashf az-zunun” asarida tanishgan edim.(vafoti 1657 y.). “Jomi’ ahkom as-sig‘or” asarining asl nusxasi hamda uning ingliz va o‘zbek tillariga o‘grilgan nusxalari yaxlit kitob sifatida o‘quvchilarga armug‘on etilgan edi. Cakkiz yuz yil oldin arab tilida yozilgan kitobni o‘rganish va tarjima qilish oson ish emas. Igna bilan quduq qazigandek mashaqqatli ish. “Ilmiy ishlarimning rahbari, ustoz Shayh Abdulaziz Mansurning ushbu kitobga mas’ul muharrir bo‘lganligi nashrning yutug‘i bo‘ldi” – deb ta’kidlaydi M. Atayev.

Ushbu kitobga tajribali huquqshunos, yuridik fanlari doktori Akmal Saidov zamonaviy huquqshunoslik bilan bog‘lab so‘zboshi yozganligi asarning ahamiyatini yanada oshirgan edi. Ko‘plab olimlarning mehnati singan qo‘lyozmaning birinchi nashri 2011 yili Ar-Riyod shahrida o‘tkazilgan xalqaro kitob ko‘rgazmasida yuqori baholandi. Jenevo shahrida 2013 yili 1 iyul – Bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada professor Akmal Saidov ma’ruza qilib, ushbu asarga mutaxassislarning e’tiborini qaratdi. Jahon huquqshunoslari kitobni katta qiziqish bilan qabul qilishdi. Qadimiy qo‘lyozma huquqshunoslik ilmi bizning mamlakatimizda boshqa fanlar kabi qadimiyligini aks ettirib turardi.

“Jomi’ ahkom as-sig‘or” asari nega e’tiborimni tortdi? O‘zbekiston aholisining 48, 2 foizini voyaga yetmagan bolalar tashkil etishini inobatga oladigan bo‘lsak, bunday e’tiborning mohiyatini anglash mumkin. Zero, O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikni qo‘lga kiritishi bilanoq barkamol avlod tarbiyalash masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov: “Sog‘lom avlodni tarbiyalash barchaning, butun jamiyatning, shu yurtda yashaydigan har bir insonning asosiy ishi, insoniy burchidir” – deb ta’kidladi. Bu borada umumxalq harakatini boshlab berdi.

Xalqaro bolalar tashkiloti YUNISEF tomonidan g‘arb olamini bolalar haq-huquqlarini himoya qilish, ularning ta’lim-tarbiyasiga e’tibor berish yuzasidan birinchilardan bo‘lgani va hozir ham bolalar huquqini himoya qilishda boshqalarga o‘rnak bo‘lyotgani ta’kidlanadi. Darhaqiqat, siyosiy va huquqiy ta’limotlar tarixida asosan inson huquqlari va erkinliklariga e’tibor berilsa-da, yaqin-yaqingacha bola huquqlari muammolariga yetarli ahamiyat berilmas edi. Faqat XX asrning birinchi yarmidan boshlab mazkur masalada xalqaro hujjatlar qabul qilina boshlangan. Jumladan, 1923 yilda angliyalik Eglantayn Djebb tomonidan asos solingan “Bolalarni qutqaring” Xalqaro Kengashi, keyinchalik “Bola huquqlari to‘g‘risidagi Deklaratsiya” (1959), “Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya” (1989) va boshqa bir qator xalqaro huquqiy hujjatlar fikrimizning isbotidir.

Yana o‘qing:  Bir oilada to‘rt qizaloq tug‘ildi

Shu nuqtai nazardan qaralganda, bizning mamlakatimizda bolalar huquqiga bag‘ishlangan asarlar qadim-qadimdan mavjud bo‘lganini alohida faxr va iftixor bilan qayd etish lozim. Bolalar huquqlariga sakkiz yuz yil avval Movarounnahrda ham katta e’tibor berilganligini Majduddin al-Ustrushaniyning 1228 yil 28 iyulda yozib tugatgan “Jomi’ ahkom as-sig‘or” asari tasdiqlab turibdi. “Ushbu asar bolalar huquqi muhofazasi haqidagi alohida yozilgan ilk huquqiy manba bo‘lib, undan keyin ham bolalar haq-huquqlariga daxldor alohida asar yaratilmagan”-deb ta’kidlaydi Muslim Atayev.

Yurtimizning nufuzli allomasi Burhonuddin al-Marg‘inoniyning shogirdi Majduddin Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniyning ilmiy-ma’naviy merosini huquqqa oid “Kitob al-fusul” (Haq bilan botilni ajratuvchi kitob), “Jomi’ ahkom as-sig‘or” (Bolalarga taalluqli shar’iy hukmlar majmuasi), “al-Fatovo” (Fatvolar), “al-Qurud va-d-duyun” (Qarz turlari) va “al-As’ila va-l-ajviba” (Savollar va javoblar) kabi asarlari tashkil etadi. Shulardan “Jomi’ ahkom as-sig‘or”ning bugungi kunda dunyoda o‘n bitta qo‘lyozma nusxasi mavjud bo‘lib, ulardan chet el kutubxonalarining fondlarida saqlanuvchi olti nusxasi ilm olamida yaxshi ma’lum. Ushbu asar turkiyalik, misrlik, iroqlik, germaniyalik, amerikalik olimlar tomonidan qisman o‘rganilib, Islom olamida bir necha marta chop etilgan. Ammo asarning Toshkentda saqlanayotgan besh nusxasi ilmiy jamoatchilik e’tiboridan chetda qolib kelgan. O‘zbekistonda esa unga mustaqillikdan keyin e’tibor berila boshlandi. Fiqh ilmining (huquqshunoslik) rivojiga munosib hissa qo‘shgan alloma Ustrushanada (Jizzax viloyati) tug‘ilib, keyin oilasi bilan Samarqandga ko‘chib o‘tadi va shu yerda ijodiy faoliyat olib boradi. Majduddin al-Ustrushaniyning hayotlik davri Samarqand fiqh maktabi rivojining so‘nggi davri va mo‘g‘ullar istilosining dastlabki bosqichiga to‘g‘ri keladi.

Majduddin al-Ustrushaniyning hayoti va ijodiga e’tibor bersangiz yana bir bor bizning Sharqda oilaviy qadriyatlar, ilmga bo‘lgan intilish nihoyatda kuchli bo‘lganini anglaysiz. Allomaning ilmiy-ma’naviy dunyoqarashining shakllanishiga oilaviy muhitning ta’siri kuchli bo‘lgan.

Olim bir necha avlod faqihlar sulolasining davomchisi bo‘lib, allomaning otasi Jaloluddin Mahmud ibn Husayn al-Ustrushaniy, amakisi Burhonuddin Ahmad ibn Husayn al-Ustrushaniy, tog‘asi Shamsuddin Muhammad ibn Ahmadlar islom ilm-fanining turli sohalarida samarali ijod etib, boy ilmiy meros qoldirganlar. Onasining bobosi “Shams al-aimma” (Imomlar quyoshi) sharafli unvonga ega bo‘lgan. Alloma o‘zining asarlarida ajdodlarining fikrlaridan keng foydalangan.

Yana o‘qing:  “SELFIMANIYa”GA QARSHI DORI ISHLAB ChIQARILDI

“Majduddin al-Ustrushaniy asarlarining islom olamida keng tarqalishining sababi ularning hayot voqeligi bilan real bog‘liqligidadir”-deb ta’kidlaydi yosh olim Muslim Atayev. Uning hayoti va ijodi mo‘g‘ullar istilosi davrida fiqhiy ilmlarni saqlab qolish, ularni muhofaza qilib, fiqhiy qonunchilikni keyingi avlodlarga yetkazib bergan ulamo sifatida baholandi. Zero, u “Jomi’ ahkom as-sig‘or” va “al-As’ila va-l-ajviba” asarlarida 132 faqihga (huquqshunosga) va 115 fiqhiy (huquqiy) asarga murojaat qilgan. Yuqorida berilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Majduddin al-Ustrushaniy o‘zigacha ijod qilib o‘tgan eng mo‘tabar huquqshunoslarga murojaat qilgan. O‘zigacha yaratilgan deyarli barcha asarlardan foydalanib, o‘z asarlarini yaratgan. Alloma murojaat qilgan faqihlarning aksariyati movarounnahrlik hanafiy mazhabi vakillari bo‘lib, ular o‘z davrining eng zabardast olimlari hisoblangan.

Islom huquqshunosligi asosida bitilgan ushbu asarda bolalar huquqlari bo‘yicha kelib chiqadigan muammolar odilona hal qilinib, ijtimoiy hayotda bolalarning xavfsizligi va asosiy huquqlarining daxlsizligini ta’minlash bilan bog‘liq ko‘plab savollar muhokama qilingan. Unda ushbu sohada huquq-tartibot mahkamalari uchun juda ko‘p aniq dalillar va ko‘rsatmalar berilgan. Asar islom huquqining eng muhim va mukammal tizimlarini o‘zida mujassam etib, salkam sakkiz asrdan beri o‘zining hayotiyligini isbotlab kelayotgan mo‘tabar manbalardan biridir.

Bugungi kunda xalqaro maydonda bola huquqlari bilan bog‘liq muammolar, xususan, homilaning qachondan boshlab inson hisoblanishi keng mulohazalarga sabab bo‘lmoqda. Asarda “Tirik mavjudotning hayoti qachon boshlanadi?”, “Homila qachondan bola hisoblanadi?” kabi bugungi kunda ham dolzarb bo‘lib kelayotgan savollarga to‘liq javob berilgan. Asarda bola tug‘ilmasidan avval ham, tug‘ilgandan keyin ham bola hisoblanishi, bolalar jismonan, aqlan va ijtimoiy jihatdan voyaga to‘liq yetmagunga va mustaqil bo‘lmagunga qadar alohida g‘amxo‘rlik va himoyaga muhtojligi ta’kidlab o‘tilgan. Onaning bolani emizishi, enaga yollash, ustoz-shogirdlik maqomi, meros, hatto “bolani kaltaklash mumkinmi?” degan savollar va boshqa masalalar hal etilgan.

“Jomi’ ahkom as-sig‘or” asarida fiqhga oid yuzdan ortiq kitoblarda tarqoq holda berilgan bolalarga taalluqli sha’riy fatvolarni ya’ni qonun-qoidalarni yig‘ib, tizimlashtirilgan va batartib jamlangan. Bu asar dunyoga kelishi uchun Majduddin al-Ustrushaniy hanafiy mazhabining o‘z davrigacha yashab, ijod etgan 120 dan ortiq faqihlarning fikrlarini mujassam qilgan.

Yana o‘qing:  ShODIYONA BUGUN

Shu jihatlari bilan bu mukammal asar hozirgi zamon islomshunos va islom huquqi tarixi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun muhim manba hisoblanishi bilan bir qatorda zamonaviy huquqshunoslik uchun ham tarixiy ahamiyat kasb etadi.

Asar 1289 fatvodan (qonun-qoida) iborat bo‘lib, ularni shartli ravishda, ibodat, axloq, ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy masalalarga bag‘ishlangan qismlarga ajratish mumkin. Bu asar materiallarni joylashtirishning yangi tartibini ishlab chiqishda o‘zidan avvalgi ulamolar fikrlarini jamlab, keyingi avlodlar uchun esa ma’lum shakl-shamoil yaratib berishi bilan ham ahamiyatlidir.

Olim har bir asarida hayotda ko‘p uchraydigan ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni aynan bir yo‘nalishda mukammal yoritgan. Masalan, birinchi yozgan “Kitob al-Fusul” asarida faqat qozilarga (sudyalar) taalluqli masalalarni, ikkinchi asari “Jomi’ ahkom as-sig‘or”da voyaga yetmagan bolalarga taalluqli fatvolarni bir kitobga jamlagan. Bunda Majduddin al-Ustrushaniyning mavzuni yoritishga maqsadli yondashuvi, mavzu chegarasini aniq tanlab olish tamoyili belgilangan.

Ta’kidlash joizki, hozirgi vaqtda butun jahon ommasi mo‘tadillik tamoyiliga katta e’tibor qaratmoqda. Chunki, ko‘pchilik ekstremistik va terrorchilik harakatlari aynan mo‘tadillik tamoyilini tushunmaslik va unga amal qilmaslik oqibatida sodir etiladi.

Islom dini nuqtai nazaridan mo‘tadillikka yondashuv va xususan fiqhiy masalalarda mo‘tadillik tamoyilining namoyon bo‘lishi barchada katta qiziqish uyg‘otadi. Majduddin al-Ustrushaniyning mo‘tadillik to‘g‘risidagi fikr-mulohazalarini o‘rganish va uning dinda haddan oshish kabi salbiy oqibatlarning oldini olish chora-tadbirlarini izlash va o‘rganish qay darajada bo‘lganligi dolzarbdir.

Umumlashtirib aytganda, “Jomi’ ahkom as-sig‘or” asarida hayotning asosiy manbai bo‘lgan oila, farzandlar tarbiyasi, bolalarning oiladagi, jamiyatdagi haq-huquqlari, vazifalari burchlari aniq va to‘liq bayon etilgan. Eng muhimi, kitobning kirish qismida yozilganidek islom dinining bolalar huquqlari xususidagi qarashlari bu sohadagi zamonaviy qarashlar bilan hamohangligidir.

Nodira SA’DULLAYEVA,

Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: