Psixolog kundaligidan

Ish kunlarimning birida yonimga bir ayol keldi, u bilan birga 8-9 yoshlarda o‘g‘li ham bor edi. Men bilan salomlashgandan so‘ng “Siz psixologmisiz?”, deb so‘radi.

– Ha, psixologman, keling, marhamat, o‘tiring, – deb stulni ko‘rsatdim.

– Mening ismim Halima, – dedi ayol o‘zini tanishtirib.

– Sizni eshitaman, qulog‘im sizda, – dedim ayolga sinchiklab nazar solarkanman.

– O‘g‘lim 2-sinfda o‘qiydi, ustozining aytishiga qaraganda o‘qishlari yaxshi emas ekan. Keyin darsda ham jim o‘tirmas ekan. Iltimos, maslahat bersangiz, uni yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun nima qilay, – dedi onasi. U bo‘ylari baland, gavdali ayol edi. Suhbatdoshimning yirik ko‘zlarida odamni teshib yuboradiganday nafrat aks etib turar, notinchlik, norozilik ko‘rinish berardi.

– Avval o‘g‘lingiz bilan suhbatlashib ko‘raychi, – deb o‘g‘liga yuzlandim.

– Isming kim? – so‘radim bolakaydan.

– Akbar, – dedi bola qo‘llarini tinmay o‘ynarkan.

– Akbar qo‘llaringni tizangga qo‘yib stulda qimirlamasdan besh daqiqa o‘tirchi, – deb uni stulga o‘tqizib kuzata boshladim. Akbar bir daqiqa ham ko‘rsatganimdek o‘tira olmadi. Savol bera boshladim. Uning savolimga javob berayotib ham qo‘llari, oyoqlari tinmasdan harakatda bo‘lishi diqqati­­ni jamlay olmasligidan dalolat berardi, o‘rnimdan turib uning yoniga borib savol berishni davom etirmoqchi edim, bola mendan cho‘chib o‘zini olib qochdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, u ko‘p kaltak yeydi.

– Bolangizni ko‘p jazolaysizmi?

– Ha, – dedi-da ayol xo‘rsinib so‘zida davom etdi, – asablarim joyida emas. Ba’zida alamimdan afsusdan, hech narsa qila olmasligimdan bolalarimni urib yuboraman, – ko‘ziga yosh oldi u.

– Akbar, o‘ynab turaqol, – deb sekin bolani xonadan chiqarib yubordim-da, – Qani, sizni eshitaman, – deb suhbatdoshimning qo‘lini ohista siqib qo‘ydim.

– Bir farzandimni tug‘masimdan oldin homiladorlik vaqtimda qaynopam so‘radi, – dedi u.

– Nega, farzandi yo‘q edimi?

– Ha. Avvaliga ko‘nmadim. Ke­yinchalik qaynopamga rahmim kelib mayli dedim. Farzandim dunyoga kelganida bergim kelmadi, yo‘q bermayman, deb turib oldim. Kunlardan bir kun ikki yashar qizim o‘ynab yurib ariqdagi suvga cho‘kishiga ozgina qoldi. Shundan keyin erim “ana ko‘rdingmi, opamga farzandingni bermaganing uchun bu bolamizdan ayrilib qolishimizga sal qoldi”, deb tug‘ilgan bolamni olib opasiga berdi. Men qarshilik ko‘rsatolmadim, – dedida ho‘ngrab yig‘lab yubordi Halima ro‘molchasi bilan yuzlaridan shashqator yumalab tushayotgan ko‘z yoshlarini artarkan, so‘zida davom etdi: – Nima qilay tunu kun xayolim shu bolamda. Axir dunyoda yetim bolalar ham borku. Nega shularning boshini silamaydi? Nega bolam ota-onasi tirik bo‘la turib boshqaning qo‘lida katta bo‘lishi kerak?

Yana o‘qing:  Kashtado‘zlik – o‘zbek ayolining ziynati

– Ahvolingizni tushunib turibman. Uni sog‘inayapsiz, bolangizning o‘z bag‘ringizda bo‘lishini xohlayapsiz shundaymi?

U “ha” deganday boshini chayqadi, – Unda nega qaytarib olmaysiz?

– Qaytarib ololmayman. Bu qo‘limdan kelmaydi, – dedi ayol.

– Xo‘sh, ular bolangizga yaxshi qarashayaptimi?

– Ha, ular juda yaxshi, mehribon odamlar…

– Muhimi bolangiz sog‘-salomat, ishonchli oilada tarbiyalanayapti, to‘g‘rimi, – dedim. Halima yana tasdiq ishorasida boshini irg‘ab qo‘ydi.

– Keling, bu siqilishlaringiz, bu dardingiz qay oqibatga olib kelayotganini ko‘raylik. Mana, misol uchun, Akbarni olaylik, qolgan farzandlaringizni ham. Sizning dardingizni deb ular javob berishi kerakmi, – dedimda gaplarim qanchalik ta’sir qilayotganini bilish maqsadida uni kuzatdim. U qovoqlarini uyub turardi. Gapim unga yoqmayotganini bilgach, – Siz xudbin ekansiz, – dedim, Halima menga “yalt” etib qaradi.

– Nima? Men-a, qanaqasiga, axir men… – deb Halima so‘zida to‘xtab qoldi.

– Siz faqat o‘zingizni o‘ylaysiz, opangizga bergan bolangizni ham, bermaganigizda, yoningizda bo‘lganda uni ham kaltaklar edingiz…

– Bekor gap. Hech qachon urmasdim, – dedi u qat’iy ohangda.

– Uning o‘rnida Akbar bo‘lgandachi, – dedim.

– Albatta, urmasdim axir u ham bolamku, – dedi Halima.

– Yo‘q, bular shunchaki bahona Akbarni bu voqealar bo‘lmasdan oldin ham urardingiz…

– A?! U o‘ylanib qoldi. Biroz jimlikdan keyin davom etdi. – Siz qanday qilib buni bildingiz, so‘radi ayol.

– O‘g‘lingizning xatti-harakatidan, – deb javob berdim. U uzoq o‘ylanib jim bo‘lib qoldi-da, so‘ng tilga kirdi.

– Shunday deng, ha chindan ham. – dedi u. Halima sekin o‘rnidan turdida – tushundim, sizga rahmat, o‘g‘limdan oldin o‘zimni o‘zgartirishim kerak ekan, – deb ketishga chog‘landi.

– Tushunganigizdan xursandman. Bolalaringizga ko‘proq mehr ko‘rsating. Qo‘rqitish va jahl bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi, – deya men ham o‘rnimdan turdim.

Matluba TAGAYEVA,

poytaxtimizdagi 125-umumta’lim maktab psixologi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: