PNEVMOKOKK INFEKSIYASI HAQIDA OGOHLIK
Farzandingizni qanday himoya qilasiz?
Pnevmokokklar sog‘lom odamlarning taxminan 70 foizida burun-xalqum bo‘shlig‘ida aniqlanadi va bu infeksiya ayniqsa, maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarning boshlang‘ich sinflarida keng tarqalgan bo‘ladi. Pnevmokokk kichik yoshdagi bolalar (chaqaloqlar) hayotining dastlabki olti oyida juda xavfli.
Bu infeksiya pnevmokokklarning eng xavfli turlari qo‘zg‘atadigan ko‘plab turli og‘ir kasalliklarni keltirib chiqaradi. Ularga quyidagi og‘ir xastaliklar kiradi: Jumladan, pnevmoniya (o‘pkaning yallig‘lanishi), yiringli meningit (miya qobig‘ining kasalligi), bronxit (bronxlarning yallig‘lanishi), otit (o‘rta quloqning yiringli yallig‘lanishi), sinusit (burun bo‘shliqlarining xastaligi), sepsis (qonga infeksiya o‘tishi), endokardit (yurak ichki qobig‘ining yallig‘lanishi), artrit (bo‘g‘imlarning yallig‘lanishi) va hakozo.
Pnevmokokk infeksiyasining oldini olish va undan saqlanish qoidalari
Ushbu kasalliklarga chalinish xavfini quyidagi chora-tadbirlar yordamida kamaytirish mumkin: Ya’ni, qo‘llarni sovunlab yuvish, go‘dak hayotining dastlabki 6 oyi davomida uni faqat ko‘krak suti bilan boqish, xonalarni va uning havosini toza saqlash, kasallik alomatlari namoyon bo‘lganda o‘z vaqtida shifokorga murojaat etish zarur.
Xastalikni yengishda vaksinatsiya usuli eng samarali vositadir. Respublikamizda pnevmokokk infeksiyasiga qarshi emlash tadbiri Milliy emlash jadvaliga 2015 yil sentyabr oyidan boshlab kiritildi. Ushbu jadval asosida 2, 3 va 12 oylik go‘daklar emlanadi. Pnevmokokk infeksiyasiga qarshi emlangan bola bu jarayonni yengil o‘tkazadi. Vaksina xavfsiz, mushak ichiga yuboriladi va kuchli immunitet hosil qiladi.
Infeksiyaning tarqalish yo‘llari
Pnevmokokk infeksiyasi havo-tomchi yo‘li bilan bemor yo‘talganda, aksirganda tarqaladi. Ayniqsa, xastalik bemor bilan yaqin muloqotda bo‘lganda tez yuqadi.
Hech qanday kasallik alomatlari namoyon bo‘lmagan odam ham ushbu yuqumli infeksiyaning manbai bo‘lishi mumkin. Odamda asosan qishda yoki erta bahorda uni yuqtirish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Kasallikning inkubatsion davri 1 kundan 3 kungacha davom etadi.
Bu kasallik kimlar uchun xavfli?
Quyida ko‘rsatilgan “xatar guruhi”ga mansub bolalarda pnevmokokk infeksiyasining og‘ir shakllari rivojlanishi ehtimoli eng yuqori darajada bo‘ladi. Ya’ni, 5 yoshgacha bo‘lgan tez-tez va uzoq muddat xastalanib yuradigan bolalar, yuqori nafas yo‘llari, yurak-tomir va peshob ajratish tizimining surunkali yallig‘lanish kasalliklariga chalingan bemor bolalar, talog‘i olib tashlangan va OIV infeksiyasini yuqtirgan kichkintoylar (bunday bolalar pnevmokokk infeksiyasi bilan zararlangan holatda ularning orasidagi o‘lim darajasi 50 foizga yetadi). Shuningdek, qandli diabet, immunitet tanqisligi sindromi (OITS)ga chalingan dardmand bolalar, hamda maktabgacha ta’lim muassasalariga qatnayotgan yoki bunga tayyorlanayotgan kasallikka qarshi chidamliligi past bolalar ham infeksiyani tez yuqtirishi mumkin.
Profilaktika chora-tadbirlari
Pnevmokokk kasalliklarini, ayniqsa, meningitni davolash uchun qimmatbaho antibiotiklar talab etilishi mumkin. Lekin keyingi vaqtlarda pnevmokokkning ko‘pgina shtammlari antibiotiklarga chidamli bo‘lib qolganligi kuzatilmoqda. Shu bois pnevmokokk kasalliklarini davolagandan ko‘ra uning oldini olish afzaldir.
Unga qarshi vaksinaning joriy etilishi nafaqat xastalanish holatlari va bemorlarni kasalxonaga yotqizish, shuningdek mudhish oqibatlarning ham oldini oladi. Emlash bolalarda pnevmokokklar sababli kechadigan kasalliklarning asoratsiz (kar bo‘lib qolish, ko‘rlik, gidrotsefaliya (boshning xumday katta bo‘lishi), nafas yo‘llarining surunkali kasalliklari) o‘tishiga yordam beradi.
Bu infeksiyaning eng katta xavfi shundaki, o‘z vaqtida bemorga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmasa, u meningit, bakteriyemiya yoki pnevmoniya sababli hayotdan ko‘z yumishi mumkin. Barcha bakterial infeksiyalar orasida pnevmokokk bugungi kunda odamlarni nobud qilish bo‘yicha dunyoda 1 o‘rin egallaydi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, pnevmokokkli meningitni boshdan kechirgan va omon qolgan bolalarning 60 foizi nogiron bo‘lib qoladi. Ularning 25-30 foizi eshitish qobiliyatini yo‘qotadi. Bemorlar tutqanoqqa chalinadi, turli falajliklardan aziyat chekadi. Xasta bola ruhiy rivojlanishdan orqada qolib ketadi. Pnevmoniya xastaligidan har yili butun dunyoda 5 yoshgacha bo‘lgan 1 million nafardan ortiq bolalar nobud bo‘ladi. Go‘dakni emlatish esa uni sog‘lom ulg‘ayishiga kafolat beradi.
YUNISEF ma’lumotlari asosida Gulchehra ShIRINOVA tayyorladi