Kelajakning yorqin ranglari

Xushxabarning uchqur qanoti yeru ko‘kni to‘ldirib parvoz etarkan, minglab ko‘ngil – larga quvonch ulashaveradi. Ana shunday shodlik xabari Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi 3-umumta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilarini to‘lqinlantirib yubordi. Quvonmay bo‘ladimi? Axir, shu maktabning 8-sinf o‘quvchisi Shohsanam Muhammadjonova Moskva shahrida yosh rassomlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Mening qadrdon o‘rmonim” (“Moy rodnoy les”) xalqaro tanlovida faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Albatta, bunday nufuzli tanlovda g‘olib bo‘lish oson emas. Chunki, mo‘yqalamda ko‘ngil tubidagi betakror hislarni bayon qilish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Buning uchun avvalo o‘ziga xos ijodkorlik talab etiladi. Shohsanam esa buni teran anglaydi. Shu bois ham tabiat qo‘ynida berilib ijod qiladi.

Ranglar uyg‘unligi, manzaralar jilosi, butun borliqning o‘ziga xos go‘zalligi maftun etgan qizning dilida bir olam orzular barq urib gulla­moqda. Ikki o‘rim sochlarini shabbodalar tortqilab o‘tayotgan adirlar bag‘ri u­ning uchun ijod bo‘stonidir. Olis-olislarga ko‘z tikkan qiz goh kamalak jilosini, goho qushlar parvozini, ba’zida esa xayolchan daraxtlarni bus-butunligicha rasmlariga ko‘chiradi. So‘lim O‘zbekistonnning “Kuz manzarasi”ni ishtiyoq bilan chizgan qizning ijodiy ishi hakamlar tarafidan yuqori baholandi. Axir yuzlab chet ellik tengdoshlari orasida ona Vatanimiz manzarasini maromiga yetkazib tasvirlagani uchun g‘oliblikni egallash bu haqiqatdan ham katta yutuq edi.

Nabijon Jumaboyev, Dilaf­ro‘z Qarshiboyeva, To‘lqin Yarqulov kabi ustozlarining maslahatlarini jon qulog‘i bilan tinglagan Shohsanam tasviriy san’at sirlarini qunt bilan o‘rganib bormoqda. U bir qator tanlovlarda g‘oliblikni egallab tengdoshlariga o‘rnak bo‘ldi. 2014-yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining “Tasviriy va amaliy san’at” festivalida sertifikat bilan taqdirlangan yosh ijodkor, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, O‘zbekiston Res­publikasi Xalq ta’limi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi hamkorligida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston – bolalar nigohida” respublika rasmlar ko‘rgazmasida g‘oliblikni egallab, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Joriy yilda ham “Tasviriy va amaliy san’at” festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etib g‘olib bo‘lgan qizning muvaffaqiyatlari bisyor.

– Har kuni kechqurun ertaga bajaradigan ishlarim rejasini tuzib qo‘yaman, – deydi biz bilan suhbatda Shohsanam. – Ushbu kundalik rejamdan albatta uy-ro‘zg‘or yumushlari ham o‘rin olgan. “Qiz bola faqat yaxshi o‘qib, orasta kiyinib yurishigina emas, balki uy-ro‘zg‘or ishlarini ham mukammal uddalashi lozim”, – deya nasihat qiladi buvijonim. Shuning uchun u o‘z uyida mehmondir, – deya nasihat qilishadi kattalar. Ularning o‘gitlariga hamisha amal qilishga intilaman.

Yana o‘qing:  Saodatli iz

Darhaqiqat, Shohsanam mazali pishiriqlar tayyorlash bilan birga bejirim kashtalar tikishga havasmand. Uning tabiiy ashyolardan yasagan o‘ziga xos amaliy san’at asarlari kishi ko‘zini quvnatadi. “Oqqush parvozi”, “Gullar suhbati” kabi amaliy san’at asarlarini ko‘rib yana bir iqtidor egasi yurtimiz dovrug‘ini olamga yoyishga bel bog‘laganidan shodlanasan, kishi.

Yosh ijodkor qiz Guliston shahridagi 2-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida a’lo baho­larga o‘qishi bilan birgalikda turli sport musobaqalarida ham qatnashib kelmoqda. Ko‘ngil olamining munavvar orzularini mo‘yqalamda o‘ziga xos tarzda ifodalayotgan Shohsanam Muhammadjonovaning bugungi muvaffaqiyatlari ertasi uchun qo‘yilgan tamal toshidir.

Jamila HAYDAROVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: