Bilimning avvali – til
Mamlakatimiz umumta’lim tizimida har bir oyning ma’lum fanga bag‘ishlanishi o‘quvchilarning ta’lim va tarbiyasiga, ularning iqtidorini yuksaltirishga samarali ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, darslarning zamonaviy pedagogika-texnologiyalari asosida olib borilishi ham soha rivojiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Toshkent shahrining Sirg‘ali tumanidagi 300-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabida o‘zbek tili va adabiyotga bag‘ishlangan fan oyligining yakuniy tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir doirasida ijodiy ishlar ko‘rgazmasi, pedagoglar uchun ochiq darslar tashkil etildi.
Bayramona bezatilgan maktab ayvonida “Yosh ijodkorlar” to‘garagi a’zolarining mo‘yqalam mashqlari o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Suratlarni kuzatar ekansiz, yoshlar qalbidagi ona Vatanga, oilaga, tabiatga bo‘lgan mehr-muhabbatni his qilasiz.
Maktabning “Zulfiyaxonim” va “Orasta qizlar” to‘garaklari faollari o‘z ijod namunalari, faoliyatlari haqida suhbatlashmoqdalar. Shuningdek, yurtimizda yetishtirilayotgan tabiat ne’matlari-sabzavot va poliz mahsulotlaridan tayyorlangan karving san’ati asosida yaratilgan, ko‘rgazmaga qo‘yilgan eksponatlarda “Tilga e’tibor – elga e’tibor”, “Ona tilim-jonu dilim”, “Til bilgan el biladi” kabi o‘zbek xalq maqollari yozib qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunga bag‘ishlangan devoriy gazetalarda mazmunli ifoda etilgan. 4-moddada shunday so‘zlar qayd etilgan: “O‘zbekiston Respublikasida davlat tilini o‘rganish uchun barcha fuqarolarga shart-sharoit hamda uning hududida yashovchi millatlar va elatlarning tillariga izzat-hurmat bilan munosabatda bo‘lish ta’minlanadi, bu tillarni rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratiladi” deb qat’iy belgilangan.
Ko‘rgazma mazkur o‘quv muassasasi o‘quvchi-yoshlarning sa’y-harakati bilan tashkil etilgan. Unda mamlakatimiz Prezidentining “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart” degan so‘zlari ifoda etilganiga guvoh bo‘lasiz.
– Sirg‘ali tumanida 24 ta umumta’lim maktabi faoliyat olib boradi. Ular orasida 300-maktab har tomonlama namunali bilim dargohi hisoblanadi. Chunki, bu maskan iqtidorli, bilimga chanqoq, san’atga shaydo o‘quvchilari ko‘pligi bilan ajralib turadi. Ular orasida turli fan olimpiadalari hamda, “Bilimlar bellashuvi” g‘oliblari bor. Sportning turli yo‘nalishlarida shahar va respublika chempionlari yetishib chiqqan. Buning zamirida esa uzoq yillardan beri shu maktabga rahbarlik qilib kelayotgan tajribali va tashabbuskor pedagog, pedogogika fanlari nomzodi Nasiba Kamolovaning hamda o‘z ishiga mas’uliyatli pedagoglar jamoasining mehnati mujassam, – deydi Sirg‘ali tuman Xalq ta’limi muassasalarini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi o‘zbek tili va adabiyoti fani bo‘yicha uslubchisi Nurxon Nazarova.
Uchta sho‘bada o‘tilgan namunali o‘zbek tili va adabiyoti darslari Sirg‘ali tumanidagi barcha maktabning til va adabiyot o‘qituvchilari tomonidan kuzatib borildi. Adabiyot o‘qituvchisi Mahliyo Atayeva italiya yozuvchisi J. Rodarining “Hurishni eplolmagan kuchukcha” ertagi asosida, o‘zbek tili o‘qituvchisi Zubayra Arinova “Ravishlarda daraja” mavzusida hamda Sayyora Asatullayeva 5-sinf o‘quvchilariga “Musobaqa darsi”larini zamonaviy o‘quv metodik qo‘llanmalar, multimediya asosida o‘tishdi. Ayniqsa, Sayyora Asatullayevaning rus sinfida o‘tgan o‘zbek tili darsi mutaxassisislarda qiziqish uyg‘otdi.
– Bunday interfaol usulda hamda kompyuter texnologiyalari asosida o‘tilayotgan har bir dars jarayoni o‘quvchilar o‘rtasida o‘zaro bellashuvga aylanib ketadi. Pedagoglar jamoasi har bir o‘tiladigan darsni qayta-qayta o‘z ustida ishlash bilan, mavzuga oid yangiliklarni o‘rgangan holda o‘tishga harakat qilishmoqda, – deydi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Malika Abdullayeva.
3 ming 335 nafar o‘quvchi ta’lim oladigan ushbu maskanda darslar rus va o‘zbek tillarida olib boriladi. Bolalarni har tomonlama bilimli, zukko, jismonan va ma’nan barkamol bo‘lib voyaga yetishlarida 147 nafar pedagog-xodim o‘z bilim va tajribalarini ayamaydilar.
O‘quvchilar davlat tili masalasi mustaqillik tushunchalaridan biri ekanligi, shu davlatda istiqomat qiladigan boshqa millat vakillarining ham davlat tilini hurmat qilishi, ushbu tilda ravon so‘zlashni o‘rganishi unga bo‘lgan hurmat belgisi ekani haqida o‘z fikrlarini bildirdilar. Ayniqsa, rus sinfi o‘quvchilarining o‘zbek tilida ijro etgan she’r va qo‘shiqlari, raqslari kechaga fayz bag‘ishladi.
Maktab direktori tadbir yakunida bolalar ijodini chiroyli izohlab o‘quvchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi – “Til qadimiy bo‘lsa, el qadimiy bo‘ladi. Til yuksalsa el yuksaladi. Ona Vatan, ona tili, ona diyor, xullas jamiki aziz narsalar onaga qiyos etiladi.
– Fizika, matematika fanlariga ushbu ta’lim muassasasi o‘quvchilari “Bilimlar bellashuvi”da sovrindor o‘rinlarni egallab kelishi bejiz emas. Maktabdagi 96 ta sinfning 41 tasi ixtisoslashgan sinflar hisoblanadi. Bugungi kunda faoliyat olib borayotgan to‘garaklar orasida “Zulfiyaxonim”, “Orasta qizlar”, “Drama”, “Yosh ijodkorlar” to‘garaklari a’zolarini maktabda o‘tkaziladigan barcha tadbirlarning mazmunli hamda qiziqarli o‘tishiga munosib hissalari bor. Mazkur bilim maskani “Guliston” mahallasida joylashgani bizning yutug‘imiz. Mahallamiz tadbirlarida ham ular faol qatnashadilar. Oila-mahalla va maktab hamkorligini yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi bois o‘quvchilar orasida davomat sifati oshyapti, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shoira Abdurasulova.
Ha, bugun yurtimizda istiqomat qilayotgan o‘zbeklar kabi turli millatga mansub fuqarolar o‘z ona tillarini mukammal bilgan holda bayrog‘imiz, gerbimiz, madhiyamiz, Konstitutsiyamiz kabi muqaddas timsollarimiz qatorida o‘zbek tiliga ham sadoqat va ehtirom ko‘rsatmoqda. Bu ehtirom zamirida milliy qadriyat va an’analarimizni ulug‘lash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatanga sadoqat, o‘zligi va dunyoqarashini namoyon etuvchi ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadi mujassam.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri