Qayta ishlangan GO‘ShT saraton xavfini oshiradi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda Saratonni o‘rganish bo‘yicha xalqaro agentlik (International Agency for Research on Cancer) mutaxassislari qayta ishlangan go‘sht ichakda saratonning kelib chiqishiga sabablardan biri ekanligi to‘g‘risida xulosaga keldilar.
Har kuni 50 gramm qayta ishlangan go‘sht (micol uchun, bekon yoki kolbasa) iste’mol qilinadigan bo‘lsa, ichakda saraton paydo bo‘lish ehtimoli 18 foizga ko‘tariladi. Go‘shtning sog‘liq uchun xavfli bo‘lishiga uning iste’mol qilish muddati uzaytirilishi hamda ta’miga o‘zgartirishlar kiritish maqsadida qayta ishlanishi ham sabab sifatida qayd etilgan. Bu holatda gap dudlangan, surlangan, konservalangan va tuzlangan go‘sht mahsulotlari haqida ketmoqda.
Go‘shtning o‘zi sog‘liq uchun zarar yetkazmaydi. Organizm uchun go‘shtni qayta ishlashda (konservalash, tuzlash va boshqalar) qo‘llanadigan kimyoviy moddalar xavfli. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qayta ishlangan go‘shtga alkogol, tamaki tutuni, sichqon dori (mishyak-margimush) va boshqalar qatori konserogenlikning eng yuqori darajasini belgiladi.
“Go‘sht iste’mol qilib yurgan inson uchun ichak saratoni dardiga chalinish tahlikasi yuqori emas. Biroq qayta ishlangan go‘sht iste’mol qilinishi onkologiya kasalliklarini keltirib chiqish ehtimolini kuchaytiradi”, – deydi ilmiy-tadqiqot rahbari Kurt Shtrayf.
BMT yangiliklar markazining ma’lum qilishicha, mutaxassislar qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari hamda me’da osti bezi va prostata bezi saratoni yuzaga kelishi o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik borligini ta’kidlashmoqda.
Qayta ishlangan go‘sht mahsulotlariga mol yoki cho‘chqa go‘shtidan tayyorlangan vetchina, sosiska va solonina (tuzda uzoq saqlash orqali olingan go‘sht mahsuloti) ham kiradi. Bunday go‘shtning har 50 grammi yo‘g‘on va to‘g‘ri ichak saratoni rivojlanishi xavfini 18 foizga oshiradi.
“Aniqlangan ma’lumotlar go‘sht iste’molini kamaytirish zarurligini tasdiqlamoqda”, – deydi IARC direktori Kristofer Uayld. – Unga ko‘ra, “shu bilan birga, qizil go‘shtning inson uchun ozuqaviy ahamiyati bor”, qizil go‘sht bilan qayta ishlangan go‘shtni iste’mol qilish me’yorida bo‘lishi kerak.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va IARC, shuningdek, qizil go‘shtning haddan ziyod iste’mol qilinishi me’da osti bezi va prostata saratonini keltirib chiqarishi mumkin, degan xulosani bermoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qizil go‘shtga 2A toifasini berdi – ya’ni, uning inson organizmiga konserogen ta’sir etish ehtimoli yuqori.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qizil go‘sht ustidagi tadqiqotlarini 1970 yildan beri olib boradi. O‘shanda konserogen ozuqalar katalogini tuzish bo‘yicha ishlar boshlangandi.
Mutaxassislari qayta ishlangan go‘shtning inson organizmiga ta’sirini yarim yil davomida o‘rgandilar. Tadqiqotlarda to‘rtta qit’adan mustaqil olimlar ishtirok etdilar. Kanserogenlik beshta toifaga bo‘linadi: kanserogen, “kanserogenlik ehtimoli katta”, kanserogenlik ehtimoli bor, kanserogen sifatida malakalanmagan va inson uchun kanserogen bo‘lmagan.
Qizil go‘sht deb sut emizuvchi hayvonlarning (mol, cho‘chqa, qo‘y, ot, parranda va boshqalar) mioglobin oqsili tufayli qizg‘ish rangga moyil bo‘lgan mushak go‘shtiga aytiladi.
Sevara GAZIBOYEVA,
1-respublika tibbiyot kolleji “Farmatsiya” kafedrasi mudiri