Bag‘ringizdagi bolangizga olisdan munosabatda bo‘lmang

Farzandingiz maktab ostonasiga qadam qo‘ydi. Siz ham u bilan birgalikda hayajonlanib har kuni o‘quv muassasasiga kuzatib qo‘yasiz. Uning yangi muhitga tezroq, muammosiz moslashishi, sinfdosh­lari orasida o‘z o‘rnini topa olishi, yangi muhitda o‘zini erkin his qilishida oila “ob-havo”sining ahamiyati katta. Bola eng yaqin, jonli, dildan uyushtiriladigan muloqotga qanchalik ko‘p jalb etilsa, kutilgan natija shunchalik ijobiy bo‘ladi. Buning uchun sizdan alohida tayyorgarlik talab etiladi.

Siz, avvalo, bolangiz uchun alohida vaqt ajratishga harakat qilsangiz natija, albatta, ijobiy bo‘ladi. O‘zingiz birinchi marta maktab ostonasiga qadam qo‘yganingizni eslang, eng quvonchli va hayajonga to‘la damlarini bolangizga hikoya qilib bering.

Farzandingiz o‘zini yo‘qotib qo‘ymasligi uchun unga zarur ma’lumotlarni o‘rgating. Ya’ni, bu yoshdagi bolalardan “Oyingning ismi nima?” deb so‘ralganda ba’zida ular “oyi”, yoki “opa” deb javob beradi. O‘zining ismini so‘raganingizda esa siz erkalab chaqiradigan ismni aytishi mumkin. Shuning uchun bolaga birinchi navbatda o‘zining va ota-onasining to‘liq ismi-sharifi, yashash manzilini yaxshi o‘rganib olishiga ahamiyat bering.

Bolangizni maktabda uchrashi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar va omadsizliklar bilan qo‘rqitmang. Ko‘pchilik bolalar bu yoshda bir joyda o‘tira olmaydilar, o‘qishni, hisoblashni istamaydilar. Ertalab uyqudan uyg‘onishi, maktabga borishi oson kechmaydi. Shunday paytda ularga “Seni maktabga olmaydi”, “Ikki baho qo‘yadilar”, “Sinfda ustingdan kuladilar” kabi so‘zlar bilan ogohlantirish ham yaxshi natija bermaydi. To‘g‘ri, dastlab bu ish ijobiy bo‘ladi, lekin bora-bora aks ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin. Sababi bola o‘z xohishini yengishga qiynaladi va oldinga qadam bosishga ikkilanib qoladi, keyin o‘ziga osonroq ko‘ringan qaror qabul qiladi: “Maktabga bormayman”.

Bolani yaxshi so‘zlarga o‘rgatish – oilaviy munosabatlarning aksidir. Bolangizning nutqida “rahmat”, “marhamat”, “kechirasiz”, “mumkinmi?” kabi so‘zlarni tez-tez ishlatishga o‘rgating. Avvalo, buning uchun oiladagilar ham bir-birlariga shu so‘zlarni qo‘llab turishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ayniqsa, bolaga nisbatan bu so‘zlarni tez-tez qo‘llang.

Uni mustaqil hayotga o‘rgating. Bola kundalik turmushda qancha ko‘p narsani mustaqil bajarsa, o‘ziga shuncha ishonchi orta boradi. Uning o‘zi kiyinishga, kiyimlarini joyiga ilib qo‘yishga, tugmalarni qadashga o‘rgating. Zarur narsalarni so‘rab olishga, masalan, maktabda “oshxona qayerda joylashgan?” yoki “qanaqa ovqat bor?” kabi savollarni berib o‘ziga kerakli javoblarni olishga, shifokor huzurida navbat olish kabi ishlarni ham o‘zi hal qilsin. Uyda kechki taom tayyorlashda ham uning fikri bilan o‘rtoqlashing, qiziqishini inobatga oling. Dam olish kunlarini tashkil etishda ham har bir oila a’zosining vaqti va qiziqishi hisobga olinishi kerak. Bunda ham albatta, bolaning fikrini so‘rang. Uni ham oilada o‘z o‘rni borligini, fikrlari inobatga olinishini his qilishga o‘rgating.

Yana o‘qing:  “O‘zbekiston – bolalar nigohida” sahifasi va “Mening muassasam – mening oilam” loyihasi yakunlandi

Farzandingizni his qilishga, hayratlanishga o‘rgating. Birga tez-tez sayrga chiqib turishga harakat qiling. Diqqatini tabiatdagi o‘zgarishlarga qarating. Masalan, bahorda birinchi gullaydigan daraxt, birinchi ochiladigan chechak, kunlarning isishi, qushlarning uchib kelishi, kuzda barglarning rangi o‘zgarishi, to‘kilishi… bularning hammasini shunday chiroyli gaplar bilan tas­virlab beringki, bolangiz atrofga befarq bo‘lmasin. Uni sevinishga, hayratlanishga o‘rgatib boring. Demak, bolamiz nafaqat bilimli, aqlli bo‘lishi, balki kirishuvchan, moslashuvchan, muayyan vaziyatlarda mustaqil yechim topaoladigan bo‘lib ulg‘ayishi ham zarur ekan. Maslahatlarimiz sizga asqotib qoladi, deb umid qilamiz.

Psixolog tavsiyalari asosida

Asolat AHMADQUL qizi

tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: