COBITQADAM HAMKORLIK do‘stona aloqalarni mustahkamlaydi

Mustaqillik yillarida o‘zbek va koreys xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari yangidan rivoj topdi. Ayniqsa, ilmu fan, madaniyat va san’at sohasidagi aloqalarning ko‘lami kengayib bormoqda. Yurtimizda Koreys madaniyati markazlari, koreys tilini o‘rganish bo‘yicha o‘quv maskanlari faoliyat ko‘rsatyapti. O‘tgan yili poytaxtimizda Koreya Respublikasining Inxa universiteti ish boshlagani katta voqea bo‘ldi.

Madaniy aloqalarning mustahkamlanishida mamlakatlarimiz elchixonalari, tegishli vazirliklar, Koreyaning xalqaro hamkorlik bo‘yicha “KOICA” tashkiloti, Koreya Respub­likasining Toshkentdagi ta’lim markazi, mamlakatlarimiz Fanlar akademiyalari hamda ta’lim muassasalari faollik ko‘rsatmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekistondagi 13 ta oliy ta’lim muassasasida talabalar koreys tili va madaniyatini o‘rganib boryapti. Toshkent davlat sharqshunoslik instituti hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida koreys madaniyatini o‘rganish bo‘yicha maxsus kafedralar faoliyat olib boradi. Bugungi kunda O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida koreys tilini o‘rganayotgan talabalar soni 1 ming 500 dan ortiqni tashkil qilmoqda. Ayniqsa, Toshkent davlat sharqshunoslik ins­tituti tomonidan koreyashunoslik yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar diqqatga sazovor.

– Institutimiz koreyashunoslikning barcha asosiy yo‘nalishlari – filologiya, iqtisodiyot, tarix, falsafa, siyosatshunoslik, tarjimashunoslik bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlamoqda, – deydi Koreys filologiyasi kafedrasi dotsenti Viktoriya Kim. – Koreyaning oliy ta’lim maskanlari bilan talabalarni almashlab o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Bunday dasturlarga asosan o‘nlab o‘zbekistonlik talabalar Koreyada, koreys yoshlari esa yurtimizdagi oliy ta’lim maskanlarida ilm olishyapti. Kafedramizda Koreya Respublikasidan taklif qilingan 4 nafar mutaxassis faoliyat yuritadi. Tadqiqotchilarimiz tomonidan mavzuga daxldor 10 ta nomzodlik dissertatsiyasi yoqlangan. Koreyalik olimlar bilan bir necha marta ilmiy anjumanlar o‘tkazildi. “KoreaFoundation” jamg‘armasi bilan hamkorlikda Koreyscha-ruscha, O‘zbekcha-koreyscha hamda O‘zbekcha-koreyscha iqtisodiy lug‘atlar ishlab chiqildi va nashr etildi.

Institut tomonidan tarjimashunoslik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham alohida e’tiborga lo­yiq. 2011 yili O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida koreys tilida nashr qilingan “XX asr o‘zbek she’riyati antologiyasi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bir yil o‘tar-o‘tmay nasriy asarlar antologiyasini nashr qilishga erishildi. Zulfiya tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlab koreys tilida chop etilgan shoiraning tanlangan asarlari to‘plami koreyalik she’riyat ixlosmandlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Koreya adabiyotshunoslari internet orqali Zulfiya ijodiga o‘z munosabatlarini bildirdilar. Shuningdek, koreys ijodkorlarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, ularni yurtimizdagi o‘quvchilar e’tiboriga havola qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Joriy yil may oyida “KOICA” tashkiloti bilan hamkorlikda mashhur koreys yozuvchilarining tanlangan asarlari o‘zbek tilida nashr etildi. E’tiborli jihati, bu boradagi ishlarda institut talabalari faol ishtirok etayapti. She’rlar, nasriy asarlar aynan ular tomonidan tarjima qilinyapti.

Yana o‘qing:  O‘quvchi bilimidagi bo‘shliqlar

Institut magistranti Hulkar Erdonova shunday iqtidorli yoshlardan. Yaqinda u yuzga yaqin xorijiy mamlakatlar talabalari ishtirok etgan “Siz Koreyani bilasizmi?” xalqaro tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, olib borayotgan ilmiy ishi uchun grant olishga erishdi.

– Seul shahrida bo‘lib o‘tgan tanlovda Koreya tarixi, madaniyati, tilining o‘ziga xos jihatlari va boshqa turli mavzulardagi savollarga javob berdik, – deydi Hulkar Erdonova. – Ishtirokchilar bilimini yuqori saviyali mutaxassislar, olimlar baholadi. Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqan mutaxassislar ustozlarimga alohida minnatdorchilik bildirgani, O‘zbekistondagi ta’lim tizimining ustun jihatlarini ta’kidlab o‘tgani meni, ayniqsa, quvontirdi.

Koreya Respublikasi aholisi o‘rtasida o‘zbek urf-odatlari, an’analariga qiziqish ortmoqda. Mamlakatda muntazam ravishda milliy madaniyatimiz, musiqamiz, kino va san’atimiz bilan bog‘liq tadbirlar o‘tkazish an’anaga aylangan. Natijada O‘zbekis­tonda o‘qish, ishlash istagini bildirayotgan koreys yoshlarining soni tobora ko‘payyapti.

– To‘g‘risi, 2013 yili O‘zbekistonga kelganimda besh-olti oy ishlab yurtimga qaytish niyatida edim, – deydi Toshkent davlat sharqshunoslik ins­tituti o‘qituvchisi Kvon Sun Xong xonim. – Biroq bu yerning kishilari, tabiati, tarixi meni mahliyo qilib qo‘ydi. O‘zbeklardek bag‘rikeng, mehnatkash xalq orasida bir umr yashashga ham tayyorman. Xalqingizning yana bir odati menga juda yoqadi. O‘zbeklar hech qachon do‘stini sotmas ekan. Shundan bo‘lsa kerak, sizlarning do‘stlaringiz ko‘p. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonning ko‘plab viloyatlariga sayohat qildim. Mamlakatda yuz berayotgan o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldim. Farg‘ona, Andijon, Namangan, Qo‘qon, Samarqand, Buxoro shaharlari, poytaxtdagi yangilanish­lar har qanday odamni lol qoldiradi. Ayniqsa, o‘zbek she’riyati meni o‘ziga rom qildi. Usmon Nosir ijodi bilan juda qiziqib qoldim. Koreys shoirlari orasida Yun Dong Juning taqdiri hamda ijodi Usmon Nosirnikiga juda o‘xshash. Nasib etsa, ikkala adib ijodining qiyosiy tahlili bo‘yicha ilmiy ish boshlash niyatidaman.

Gulnoza MIRZAYEVA,

O‘zDJTU talabasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: