BAYRAMONA TUHFA
Yangi yil oilaviy bayram bo‘lgani bois, barcha oila a’zolari yig‘iladigan dasturxoningiz mazali taomlar bilan birga, yangicha salatlar, pishiriqlar bilan bezatilgan bo‘lsa yaqinlaringizga yanada zavq ulashgan bo‘lasiz.
“Ilon” salati
Yangi yil ilon muchali bo‘lgani uchun dasturxonimizda ilon shaklidagi salatni tayyorlab qo‘ysak, kelayotgan yilga bo‘lgan e’tiborimiz belgisi hisoblanadi. Ishoning, agar shunday qilsangiz Yangi yil sizga omad va baxt keltiradi. Shunday qilib, bu salatni tayyorlash uchun nimalar kerak bo‘lishini eslatib o‘tamiz:
1 dona konservalangan bukri baliq (gorbusha)
4 dona kartoshka,
2 bo‘lak pishloq,
3 dona tuxum,
salatga aralashtirish uchun mayonez,
Salatni bezatish uchun:
makkajo‘xori,
marinadlangan bodring,
zaytun mevasi,
ko‘katlar kerak bo‘ladi.
Tayyorlanishi:
Biz turli eng yaxshi salatlarni tayyorlashni bilamiz. Endi 2013 – Yangi yilda har bir xonadon dasturxoniga qo‘yilishi kerak bo‘lgan ilon shaklidagi salatni tayyorlaymiz.
Dastlab kartoshka va tuxumni qaynatib, sovutishga olib qo‘yasiz. Baliq o‘rniga tovuq go‘shti ham ishlatish mumkin. Ammo baliq qo‘shilgani mazaliroq bo‘ladi. Kartoshka va tuxumni mayda to‘rtburchak shaklida to‘g‘raladi. So‘ngra pishloqlarni qirg‘ichdan o‘tkazasiz. Barcha masalliqlarni aralashtirish yoki qavat-qavat qilib yoyib chiqish mumkin. Bu uy bekalarining ta’biga bog‘liq. Salatga mayonez aralashtirishni unutmang. Tayyor bo‘lgach, salatni kattaroq hajmdagi likopchaga ilon shaklida joylashtiring.
Endi salatni bezatish qoldi, xolos. Salatning ust qismini tekislab chiqilgach, keyin marinadlangan bodringni dumaloq shaklda yupqa qilib kesib olasiz. Uni ilonning teri tangachasi o‘rnida (boshidan tashqari) salat ustiga bir tekisda taxlaysiz. Ilonning yuz qismi makkajo‘xori donachalari va zaytun mevasi bilan ajratib bezatiladi. Ilonning tojini sabzidan tayyorlashingiz mumkin. Salatimizni ko‘katlar bilan bezatamiz.
Mehribonu