Nom va atamalar

ular o‘zbekona bo‘lsa yana yaxshi

Zarurat yuzasidan taksiga chiqishga to‘g‘ri keldi. Old o‘rindiqda o‘tirgan qirq yoshlar atrofidagi kishi bilan haydovchining suhbatiga quloq solib manzilga yetib kelganimni ham unutayozibman. Har ikkisining so‘zida ham jon borday edi. Biri poytaxtning gavjum joyidan kafe ochganini, ammo yuritolmaganini aytsa, ikkinchisi uning tadbirkorlik faoliyatidagi kamchiliklarini topib charchamasdi.

– Kafening nomi nima edi, aka, – qiziqib so‘raydi haydovchi.

– “Bog‘ishamol”, – beparvo javob beradi omadsiz tadbirkor.

– Ishni boshlashdan xato qilibsiz aka, hozir o‘zbekcha nomlasangiz birov kafega kelmaydi. Mana, peshtoqida xorijiy nomlar yopishtirilgan tamaddixonalarni ko‘ring, doim gavjum.

Bu gapdan taajjublanaman. “Bog‘ishamol” chiroyli nom-ku. Uning ham o‘ziga yarasha tarixi, salobati bor. Buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur bobomiz Samarqand shahrida bunyod etgan besh bog‘idan birini aynan shu nom bilan atagan. U bog‘ning tarovati, go‘zalligi haqida o‘sha davrning sayohatchilari, jahon tarixchilari ko‘p va xo‘p yozishgan. Ochig‘i, dunyoga mashhur “Bog‘ishamol”ni ayrim yurtdoshlarimiz qabul qilolmasligi, go‘yo shu nom bilan firma yoki xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tashkil qilsa, omadi chopmasligi achinarli holat emasmi?!

 

Qora mushuk yoki “Black cat”

“Angel’s food”. Oybek metro bekati yonidagi ushbu kafe anchayin mashhur. Unga poytaxtimizning ko‘pgina hududlaridan kelib tamaddi qilish urfga aylangan. Go‘yo shu joyda tushlik qilish, do‘stlar yo dugonalar birga “chaqchaqlashish” faxr. Maqtanish uchun yaxshi vosita. Aslida, ingliz tilidan olingan ushbu atamaning ma’nosi nima? “Angel’s food” – “Farishtalar ovqati!” Bunday nomli xizmat ko‘rsatish va servis markazlarini poytaxtda ko‘plab uchratish mumkin. Xususan, Sergeli tumanidagi “Black cat” kafesi, Shayxontohur tumanidagi “Ezidiyor” to‘yxonasi, Yashnobod tumani Sultonali Mashhadiy ko‘chasidagi “U Lili”do‘koni shular jumlasidandir. Qolaversa, “Smurfland”, “Florense”, “Na nebe”, “Chaykof”, “Bibigon” kabi atamalar ham allaqachon xuddi o‘zbek tilidagi so‘zlardek muomala vositasiga aylanib ulgurgan. Xo‘sh, bu nomlar xorijiy tillardan olingan, ammo ba’zi ona tilimizda nomlangan kafelar ham borki, beixtiyor o‘qisa yoki eshitsa kishi yuzida istehzoli kulgi yuguradi. “Quvnoq jo‘jalar”, “La Shakar”, “Ikki panja”, “Besh panja”. Bu ro‘yxatni ham uzoq davom ettirish mumkin.

Yana o‘qing:  Xushxabar raqamlar (2015–42)

Hamkorlikda chet el korxona va muassasalari bilan asos solinayotgan, faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgan qo‘shma korxonalar nomini tushunsa bo‘lar. Ularning nomi xalqaro talablarga mos, har ikki mamlakat fuqarolari, xaridorlari uchun birday tushunarli bo‘lishi shart. Lekin mahallaning ichida qurilgan do‘koncha peshtoqiga shapaloqday qilib ajnabiy nom bitib qo‘yilishiga nima deysiz?

 

Qonun doirasida ishlash – yuksak madaniyat ifodasi

Til – millat ko‘zgusi. Shuningdek, u tarbiya vositasi hamdir. Zero, Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “Gavharu durni quloq ozori bil, So‘zni quloqning duri shahvori bil”. Shunday ekan, har bir bolani Vatanga muhabbat, ajdodlar merosiga hurmat ruhida tarbiyalash barchamizning burchimizdir. “Ko‘rga hassa qilib qo‘yilgan” peshtoqdagi tilimizga yot so‘zlar esa milliy mentalitetimiz rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligiga kim kafolat beradi?!

 

Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi. Xo‘sh, bu borada tegishli tashkilot va muassasalar qanday ishlarni olib bormoqda? Prezidentimizning 2011 yil 12 maydagi “Tadbirkorlik sub’yektlarini tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, 2006 yilda qabul qilingan “Firma nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni va boshqa huquqiy-normativ hujjatlar bu boradagi huquqiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shu o‘rinda bir ma’lumotni keltirib o‘tsak. O‘zbekistonda “Firma nomlarini zahiraga qo‘yishning elektron tizimi” joriy etilgan davrdan boshlab, 2015 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra “Firma nomlari to‘g‘risida”gi qonunning talablariga mos kelgan 234 mingdan ortiq firma nomlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi zahirasiga olingan.

Qolaversa, Toshkent shahar hokimining shahardagi kafe-restoranlar, maishiy xizmat uylari nomlarini tilimizga, ma’naviy qadriyatlarimizga mos kelmaydigan atamalar, chet tillaridagi so‘z va terminlar bilan nomlanishining oldini olish, mavjudlarini o‘zgartirish bo‘yicha qarori qabul qilingan. Shu qaror asosida esa maxsus komissiya faoliyat yuritib kelmoqda. Poytaxtdagi ko‘pgina maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, kafe-res­toranlar nomi o‘zgarganining guvohi bo‘lsakda, bu borada hali qilinishi kerak zarur ishlar talaygina ekanini har bir kishi kun davomida kuzatib, amin bo‘lib borayotir. Fikrimiz isboti sifatida chet tillaridan kirib kelgan, yuqorida nomlari sanab o‘tilgan ayrim kafe-restoranlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Biz zamonaviylikka, davr bilan hamnafas yashashga qarshi emasmiz. Lekin, o‘zimizning, qadim va ulug‘vor ona tilimizda minglab chiroyli so‘zlar bo‘la turib, ko‘r-ko‘rona xalqimiz uchun umuman yot bo‘lgan atamalarni muomalaga olib kirishni ham oqlab bo‘lmaydi. Milliy madaniyat, til, ma’naviyatimizni asrash mana shunday kichik “xavf”larni bartaraf etishdan boshlansa, ajabmas.

Yana o‘qing:  Inson hayoti uchun asalari ilonlardan ko‘ra xavfliroq ekanligi aniqlandi

O‘zbek tili o‘zining so‘z boyligi, har bir so‘zning o‘nlab, yuzlab ma’no kasb etishi bilan ham jahon tillari ichida o‘z o‘rni, mavqeiga ega. Birgina o‘tgan asrning saksoninchi yillarida chop etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da oltmish mingga yaqin so‘z keltirilgan bo‘lsa, istiqlol yillarida nashr qilingan yangi tahriridan sakson besh mingdan ziyod so‘z o‘rin olgan.

Yuqorida sanab o‘tilgan ayrim o‘zbek tilidagi, nomi kishi yuziga istehzoli kulgi yugurishiga sabab bo‘ladigan aholiga xizmat ko‘rsatish uylariga o‘xshash nomlar ham boy ona tilimiz me’yorlarini buzishdir. Shu o‘rinda dilni quvnatuvchi ayrim nomlarga ham to‘xtalib o‘tishni joiz bildik. “Xon atlas”, “Samarqand darvoza”, “Maroqanda”, “Navbahor”, “Huvaydo”, “Charxpalak”, “Mulla Do‘st”. Albatta, bunday nomlarning ko‘payishi, ularning jajji avlodni ona tiliga hurmat, asriy qadriyatlarimizga sadoqat, milliy urf-odatlarimizga muhabbat ruhida kamol toptirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Zero, ma’naviyatli xalqgina dunyoda o‘zining munosib o‘rnini topa olishini bugun barchamiz yaxshi anglab yetdik. Yurtboshimiz aytganidek, farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va, albatta, baxtli bo‘lishlari uchun intilish, yonib yashash hammamizning muqaddas burchimizdir. Bu esa birinchi navbatda o‘z ona tilimizga bo‘lgan hurmatda aks etadi.

Bahodir HALIMOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: