ONA TILI – millat tafakkuri ko‘zgusi

Tamaddun tarixidan yaxshi ma’lumki, dunyoda har qanday millat yoki elat borki, uning o‘zigagina xos ma’naviy-madaniy dunyosi bor. Tabiiyki, bu bebaho meros shu xalq bilan birga yashab, birga taraqqiy etadi. Ana shu rivoj­lanish jarayonida ba’zi milliy an’analar unutilishi, esdan chiqishi mumkin. Ba’zilari esa, aksincha, yana-da rivojlanish, yangilanishi, ta’bir joiz bo‘lsa, zamonaviylik kasb etishi ham bor haqiqat.

Albatta, ayni ikki evrilishning birinchisi – u yoki bu milliy an’ananing yo‘qlikka yuz tutishi millat madaniyati va ma’naviyatining kemtik bo‘lib qolishiga, benihoya betakror milliy xoslikning zaiflashuviga olib keladi. Milliy an’analarning rivojlanishi esa tom ma’noda shu millat ma’naviyatining yuksalishiga, ko‘hna dunyo ayvonida barqaror turmog‘iga hamda millat “menligining”, maqsadu mohiyatining ramzi sifatida yashashiga zamin hozirlaydi. Ana shunday milliy va oliy qadriyatlar qatorida ona tilini ham ko‘rsatish zarur. Zotan, milliy til millat ma’naviy qiyofasining yorqin ko‘zgusi o‘laroq, xalqning o‘zini, o‘zligini ifoda etadi. uzoq yillar davomida to‘plangan madaniy va ma’naviy boyliklarini imkoni qadar saqlab, kelgusi avlodlarga yetkazadi.

Millat, ma’naviyat va ona tili tushunchalari bir-biri bilan shu qadar jips bog‘langanki, ulardan birining mavjud bo‘lmasligi xalq ma’naviy merosining tugal emasligini ko‘rsatadi. Shuning uchun ham tilsiz millatni, millatsiz tilni tasavvur etib bo‘lmaydi. Dunyo ilm-fanining mislsiz yutug‘i sifatida e’tirof etilgan, xolis tafakkur tarzining mevasi tarzida baholanadigan bir qator sun’iy tillar – esperanto, volapyuk kabi sun’iy tillar yashay olmasligining sababi ham, aslida, bu “til”larning sohibi, egasi yo‘qligidandir. O‘z navbatida ona tilisi yo‘q millatning dunyo ayvonida sobit tura olishi ham gumon. Bunday xalq alal-oqibat milliy ruhiyatiyu mentalitetidan, bir so‘z bilan aytganda, o‘zligidan judo bo‘ladi. Bunday til, nari borsa, aloqa vositasi sifatidagina kun kechirishga yuz tutadi.

To‘g‘ri, bu yorug‘ olamda bir tilda so‘zlashadigan bir necha o‘nlab xalqlaru elatlar bor. Ular yer yuzida yashab yuribdi. Ammo ularning milliy madaniyati ham tili singari yo qorishiq, yoki “ommaviy madaniyat” ta’siriga tushib qolgan. Sof o‘zbekona ruh bilan yo‘g‘rilgan, azaldan asllik mezoni bilan yo‘rgaklangan andisha, istihola, hayo, ibo kabi so‘zlar anglatadigan ma’nolarining aynan muqobilini boshqa biror tildan topib bo‘lmasligining sababi ham ana shundadir. Bu so‘zlarda jo bo‘lgan teran va tarang mantiq kuchi ham milliylik otlig‘ mohiyatning zilol chashmasidan sug‘orilganligidan, zaminday xokisoru tog‘day g‘ururli xalq fe’li-atvoridan rang olganidan, uzoq yillar davomida to‘p­langan tajribasidan, orzu-umidlari ifodasidandir. Bir so‘z bilan aytganda, o‘zbekning o‘zidan begona bo‘lmaganidandir. Negaki sanalgan o‘ziga xosliklar bo‘lmaganda yoki olam deb atalmish voqelik o‘zbekona idrok etilmaganda edi, o‘zbek xalqi tafakkurida bunday tushunchalar, ona tilida esa ularni ifoda etuvchi so‘zlar ham mavjud bo‘lmas edi.

Yana o‘qing:  Oqibat

Ona tilimiz bo‘lgan o‘zbek tili sohibining o‘zi kabi qadimiy. Uning paydo bo‘lishi millat deb atalmish birlikning shu ko‘hna zaminda vujudga kelishi bilan bog‘liq. Mutaxassislarning fikricha, o‘zbek tiliga oid qadim manbalar turk hoqonligi davrlaridan ham uzoqqa borib taqaladi. Ammo so‘ngsiz jangu jadallar, davrining muhorabayu musohabalaridan omon o‘tib kelgani O‘rxun Enasoy yodgorliklaridir. Tarixning keyingi yillarida yaratilgan “Devonu lug‘otit turk”, “Qutadg‘u bilig”, “Hibatul haqoyiq”, “Qisasi Rabg‘uziy” kabi o‘nlab durdona asarlarning ona tilimizning nihoyasiz nodirliklari ekani ham qalblarni g‘ururga to‘ldiradi. Ayniqsa, Alisher Navoiy dahosida haddi a’losiga ko‘tarilgan, mirzo Bobur siymosida “turkning bosh bo‘g‘ini” bilan dillashgan o‘zbek tili tarixining buyuk bo‘lganidan dalolat beradi.

Milliy ma’naviyatimizning tiniq tajassumi, ayniqsa, ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan, o‘zga tillardan aynan ifodasini topib bo‘lmaydigan maqol va matallar, hikmatli so‘zu ibora atalmish qayroqi so‘zlarda benihoya betakror injaliklar bilan ifodalanadi. Masalan, “Alifni kaltak deydi”, “Igna tashlasang, yerga tushmaydi”, “Attorning qutisida ham yo‘q gaplar” singari matallar, “Oz-oz o‘rganib, dono bo‘lur, Qatra-qatra yig‘ilib, daryo bo‘lur”, “Adabiyot yashasa, millat yashar” kabi hikmatli so‘zlar hamda “igna bilan quduq qazimoq”, “zig‘ir yog‘day ko‘ngilga urmoq”, “qay­chi quda bo‘lmoq”, “bir yoqadan bosh chiqarmoq” singari iboralarda o‘zbekona ruh, milliylik barq urib turadi. Ular namoyon etadigan ma’nolarni shu xalq turmush tarzidan ayro holda tasavvur qilib ham, tushuntirib ham bo‘lmaydi.

Istiqlol yillarida o‘zbek tili, uning lug‘at tarkibi yangi tushunchalarning ifodasi sifatida kirib kelgan o‘zlashma so‘zlar, ona tilimizning ichki imkoniyatlariga tayanib, yangi so‘zlar yaratish va so‘z yoki ibora ma’no qamrovining yangi ma’nolar bilan boyishi evaziga rivojlanib bormoqda. Bu davr­da ona tilimizga jamiyatning turli sohalariga oid yangi so‘zlar, masalan, axborot kommunikatsiya texnologiyalariga doir android, blog, bloger, blogpost, brauzer, brend, vebsayt, gigabayt, megabayt kabi lisoniy birliklar o‘zlashib ulgurdi. Mazkur jarayon mamlakatimizdagi shu sohaning rivoji bilan bog‘liq, albatta.

Shuningdek, internet jurnalistikasining asta-sekin shakllanib borishi bilan bevosita ayni soha xos so‘zlar ham tilimizga kirib kelmoqda. Masalan, ing­liz tilidan aynan o‘zlashgan blog (“bir kishining hayoti, faoliyati yoki ijodiga doir yangiliklarni berib borishga mo‘ljallangan sayt”; “onlayn-kundalik” – O‘zining shaxsiy vebsayti va blogiga ega bo‘lishni istagan yosh jurnalistlar uchun zarur tavsiyalar berildi. (Turkiston, 2015, 20 iyun), bloger (“muayyan blog faoliyatini amalga oshiruvchi shaxs” – Mamlakatimizda ijtimoiy mas’uliyatli blogerlarni rag‘batlantirishga katta e’tibor berib kelinmoqda. (Turkiston, 2015, 17 iyun), blogpost (“muayyan blog uchun yozilgan xabar, maqola va boshqa yozma asarlar” – Uni [Nosirni] finalga olib chiqqan “Immunitet” nomli blogposti islom niqobi ostida faoliyat olib borayotgan turli diniy oqimlar ning kirdikorlarini ochishga qaratilgan. (Turkiston, 2015, 17 iyun) kabilar shular jumlasidandir.

Yana o‘qing:  Nom va atamalar

Ichki imkoniyatlar asosida o‘zbek tili lug‘at tarkibi boyib bormoqda. Masalan, transparentlik (siyosiy sohaga oid termin), blogerlik, intestitsiyaviy, diversifikatsiyalamoq, modernizatsiyalamoq, globallashuv, integratsiyalashmoq, legallashtirmoq, liberallashtirmoq kabilar shular jumlasidandir. Qolaversa, aviabozor, aviakorxona, avialayner, aviapark, aviatashuv, aviaxab, aviaxodim, aviaqatnov singari so‘z qo‘shish yo‘li bilan yasalgan so‘z paydo bo‘ldi.

Til mohiyat e’tibori bilan insonga naf keltirishga xizmat qiladi. O‘z navbatida, har bir kishi o‘z ona tilining rivoji, taraqqiyoti uchun baholi qudrat harakat qilmog‘i kerak. Basharti shunday ish qo‘lidan kelmaganda ham, ismi qo‘yilgan, ilk bor alla eshitgan tiliga hurmatu ehtirom bilan munosabatda bo‘lishi, eng kamida, o‘z ona tilisining zarari bo‘lib qoladigan xatti-harakatlardan tiyilishi zarur. Ammo, taassuf bilan aytish mumkinki, ba’zi zamondosh­larimizning ona tiliga bo‘lgan bepisand munosabatlarini ko‘rib, yoqangni ushlaysan. Ularning qorishiq tilda muloqot qilayotganlarini ko‘rib, o‘zbekmi yoki boshqa millat vakilimi, degan savol ko‘ngildan o‘tadi. Baraka topkur, agar xorijiy tilni biladigan bo‘lsang, marhamat, joyini topib, faqat o‘sha tilda gapir. Hech kimning e’tirozi ham, ishtibohi ham yo‘q. Uddasidan chiqolmasang, o‘z ona tilingni buzma. Uni buzib gapirayotganlarga-da e’tiborsiz bo‘lma.

Albatta, bu kabi holatlarni bartaraf etish bir kishining ishi emas. Avvalo, oilada tilga munosabatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olish kerak. Ota-onaning o‘zi farzandiga to‘g‘ri til tarbiyasi borasida namuna ko‘rsatishi zarur. Ta’lim-tarbiya muassasalarida o‘qituvchi va murab­biylar, mahallada esa qo‘ni-qo‘shnilar ona tiliga bo‘lgan munosabat borasida ibrat bo‘lmoqliklari lozim. Xullas, oila, maktab va mahalla hamkorligidagi ishlarning bir qismi sifatida yosh avlodni o‘zbekona so‘zlashga o‘rgatish maqsad qilingan bo‘lishi lozim.

Yorqinjon ODILOV,

O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyoti instituti ilmiy xodimi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: