Sport xabarlari (2015–41)
Poytaxtimizda dzyudo bo‘yicha gran-pri turkumiga kiruvchi xalqaro turnir yakunlandi. Mazkur nufuzli turnirda 52 davlatdan 355 nafar sportchi sovrinli o‘rinlar bilan birga, 2016 yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri mezbonlik qiladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi muhim reyting ochkolari uchun ham bahslashdi.
“O‘zbekiston” sport majmuasida bo‘lib o‘tgan musobaqada dzyudochilarimiz bittadan oltin va kumush hamda to‘rtta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Musobaqaning vazni 73 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasidagi bellashuvlarda hamyurtimiz Mirali Sharipovga teng keladigan raqib topilmadi. Ushbu vaznda qatnashgan yana bir polvonimiz G‘iyosjon Boboyev bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan dzyudochilar bellashuvida ishtirok etgan polvonlarimizdan Sharofiddin Lutfullayev ikkinchi, Diyorbek O‘rozboyev uchinchi o‘rinni egalladi. Gran-pri turnirining so‘nggi kunida terma jamoamiz a’zolaridan Sherali Jo‘rayev va Soyib Qurbonov o‘z vazn toifasida bronza medal bilan taqdirlandi.
T. ORTIQOVA