Kuz – XAYOLKASH DUGONAM
Chiroyda tengsiz, bag‘ri turfa gullar bilan to‘la dugonam bor edi. U yulduzlar bilan so‘zlashishni, quyoshning taftida toblanishni xush ko‘rardi. U yosh va navqiron edi. Men esa unga e’tibor bermasdim.
Uning xayolparastligi g‘ashimni keltirardi. Bir kuni u to‘satdan g‘oyib bo‘ldi. Dugonamni izlab bormagan joyim qolmadi. Ayriliq qalbimni og‘ir jarohatladi. Endi men ham xayolparast qizga aylandim. Uning bag‘ridagi gullar iforini, yulduz to‘la osmonini qo‘msayverdim. Kecha uni yo‘lakda ko‘rib qoldim. Ha, ha, aynan kecha men dugonamni topdim. Biroq…
Endi u mahzun edi. Oldingidek quvnab, qiqirlamas, atrofida kapalaklar parvona bo‘lmasdi. Endi boshida kamalak emas, bulutdan ro‘mol o‘ragan edi.
Uni qanday uchratib qolganim bilan qiziqyapsizmi? Unda ayta qolay. Kecha dastlab uning maktubini ko‘rib qoldim. U yaproqlarga dil so‘zlarini yozib qo‘yishni yaxshi ko‘rardi. Baland daraxtlar soya solib turgan yo‘lakdan borarkanman, oyog‘im ostiga bir sariq yaproq kelib tushdi. U dugonamning maktubi. Xatda u meni, do‘st-birodarlariyu, parvonalarini juda sog‘inganini yozibdi. O‘qib bo‘lishim bilan ikkinchi maktub poyimda yastandi. U shamol og‘ushida tebranib mendan uzoqlasha boshladi. Ortidan odimimni tezlatdim. U esa mendan qocha boshladi. Yaproq bilan ovora bo‘lib, qayerga borayotganim, nima maqsadda yo‘lga otlanganimni ham unutibman. Borib-borib qalin daraxtzorlar oldidan chiqdim. O‘sha yerda dugonam sochini tarab o‘tirar edi. Yuzlari sarg‘aygan, yo‘q-yo‘q, oftobdan rang olgan. Atrofida shamollar parvona. U avvalgidan ham fayzli, sersavlat, donishmand qiyofa kasb etgan ediki, bir lahza hayratdan dong qotdim. O‘zimni uning bag‘riga otdim. U esa sekingina shivirladi: Diydor va mehrga zor bo‘ldim, sog‘inch qalbimni tilka-pora qildi. Lekin men o‘zimni yo‘qotmadim, aksincha qalbimni kashf etdim.
Uning gaplari rost edi. U ancha ulg‘ayibdi. Endi qarshimda o‘sha jajji dugonam – Bahor emas, Kuz turar edi. Men kuzni bag‘rimga bosdim. Qalbim taskin topdi.
Muhabbat QAYUMJONOVA,
Sergeli tumanidagi 266-umumta’lim maktabi o‘quvchisi