Barkamol avlod tarbiyasi – ustuvor maqsad
Tinch-osuda, yuksak taraqqiyot sari dadil odimlayotgan yurtga shodiyonalar, bayramlar yarashadi. Zero, bugun ro‘y berayotgan yangilanish va o‘zgarishlar, har bir maskanda ko‘zni quvnatayotgan bunyodkorliklar tufayli dillarda, tillarda shukrona. Bugungi kunda yosh o‘g‘il-qizlarimiz erishayotgan yutuqlar zamirida yurtimizda yoshlarning zamon talabi darajasida ta’lim-tarbiya olishi, sport bilan shug‘ullanishi, salomatligini mustahkamlashi, bilim va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar yotganini hech kim inkor etmaydi.
“Shunday bo‘lgilki, sendan beixtiyor hamisha yaxshilik va saxovat yog‘ilib tursin”, degan edi Aziziddin Nasafiy. Zero, mehr-muruvvat ko‘rsatish, ijtimoiy himoyaga muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash xalqimizga xos azaliy qadriyatlardandir. Ushbu yo‘nalishdagi tadbirlar yurtimizning barcha hududlarida tashkil etilmoqda.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda aholini ijtimoiy himoyalash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda.
Janubiy Koreyaning “Siloam Center for the Blind” xayriya tashkiloti bilan hamkorlikda mamlakatimizdagi ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik loyihasi ham shular jumlasidandir. Mazkur loyihadan ko‘zlangan maqsad imkoniyati cheklangan bolalarga zamonaviy andozalar darajasida ta’lim berish, salomatligini asrash, ularning jamiyatga faol integratsiyalashuviga ko‘maklashishdir.
Ushbu loyiha doirasida sport, musiqa, o‘quv va tibbiyot jihozlaridan iborat muruvvat yordami Toshkent shahar ko‘zi ojiz bolalar maxsus maktab-internati va Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi 58-imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan yordamchi maktabiga topshirildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va salomatligini asrash, huquq va manfaatlarini muhofazalash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yuksak samaralar berayotir.
Davlatimiz rahbarining 2011 yil 30 maydagi “2011–2015 yillarda yolg‘iz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori va “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi doirasida bu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda.
Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi 58-imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan yordamchi maktabi bayramona bezatilgan. Hammaning ko‘zida hayajon, quvonch, mamnuniyat… Ayniqsa, bolajonlar bu uchrashuvga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rganligi nigohlaridan sezilib turibdi. Mehrning qudratini qarangki, muassasa xodimlari bilan xuddi uzoq yillik qadrdonlardek ko‘rishib, bir zumda samimiy suhbat boshlandi. Ushbu maktab hayoti, bolalar uchun yaratilgan sharoitlar, kelgusidagi ezgu maqsadlar haqida fikr almashildi.
– Ta’lim muassasamizda o‘quvchilarga umumta’lim fanlari bilan bir qatorda musiqiy bilimlar ham o‘rgatiladi, – deydi Toshkent shahar ko‘zi ojiz bolalar maxsus maktab-internati direktori Mavlon Zayniddinov. – Ta’lim jarayonini zamonaviy standartlar bo‘yicha tashkil etish uchun barcha sharoit yaratilgan. Bizga taqdim etilgan maxsus yozuv uskunalari va musiqa asboblari ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ohangaron tumanidagi 58-imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan yordamchi maktabida ikki yuzga yaqin o‘g‘il-qiz ta’lim-tarbiya olmoqda. Insonparvarlik aksiyasi doirasida mazkur muassasaning tibbiyot xonasi yangi tibbiy asbob-uskunalar, sanitariya-gigiyena, ortopediya vositalari bilan ta’minlandi.
– Muassasamizda 215 nafar bola ta’lim-tarbiya olmoqda. So‘nggi yillarda qurish, ta’mirlash, obodonlashtirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, homiylar mablag‘lari hisobidan zamonaviy sport anjomlari, qo‘shimcha to‘garaklar uchun asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Bu esa bolalarning sport bilan shug‘ullanishi, salomatliklarini tiklashi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishida muhim ahamiyatga ega, – deydi 58-imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan yordamchi maktab direktori Zebo Karimova.
Bir kitobda o‘qigan edim: Dunyoni topshiraylik bolalarga, hech bo‘lmasa bir kunga, ol alvon bir shar kabi beraylik o‘ynasinlar. O‘ynasinlar qo‘shiqlar kuylab yulduzlar orasida…
Mazkur aksiyamiz eng avvalo, o‘zimizning qalbimizni yoritdi. Shuni alohida ta’kidlashni istayman. Bugun bizga xayrixohlar, hamkorlar safi kengaymoqda.
Navro‘z NORBOBOYEV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri