O‘ZBEKISTON O‘QITUVCHI VA MURABBIYLARIGA
Qadrli ustoz va murabbiylar!
Avvalambor, siz, azizlarni umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim va samimiy tilaklarimni izhor etaman.
Bu dunyoda har qaysi ongli inson – qayerda ishlamasin, qanday kasbu kor, lavozim egasi bo‘lmasin, unga bilim va tarbiya berib, hayotga yo‘llagan muhtaram o‘qituvchi va murabbiylari oldida hamisha qarzdorlik hissi bilan yashaydi.
Haqiqatan ham, o‘zining ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini bag‘ishlab, barchamizga ezgulikdan saboq bergan, otadek mo‘tabar, onadek mehribon siz, aziz ustozlarning hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydigan mashaqqatli va sharafli mehnatingiz uchun har qancha tahsin va tashakkurlar aytsak, arziydi.
Muhtaram o‘qituvchi va muallimlar!
O‘zbekistonimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritib, tarixan qisqa davrda, xalqimizning fidokorona mehnati va matonati bilan dunyo miqyosida “o‘zbek modeli” deb tan olingan, o‘zimizga xos, o‘zimizga mos taraqqiyot yo‘lini amalga oshirganimiz hisobidan bugungi kunda shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimiz qiyofasi tubdan o‘zgarib, aholimizning hayot darajasi va sifati tobora yuksalib borayotgani barchamizga mamnunlik bag‘ishlab, yaqin va uzoq qo‘shnilarimizning havasini tortmoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Bunday barqaror sur’atlar bilan rivojlanishga erishish uchun biz qanday og‘ir yo‘lni bosib, turli sinov va qiyinchiliklarni, g‘ov va to‘siqlarni yengib o‘tganimiz, bugungi yuksak marralarni qo‘lga kiritishda hal qiluvchi rol o‘ynagan omil va mezonlar haqida albatta ko‘p gapirish mumkin.
Bu haqda so‘z yuritganda, avvalambor, amalda o‘zini oqlamagan eski mustabid tuzumning qolip va aqidalaridan butunlay xoli bo‘lgan, tez va shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamon bilan hamqadam bo‘lib, yangicha, mustaqil fikrlaydigan, taraqqiy topgan davlatlardagi tengdoshlari bilan bellashuvga tayyor, izlanish va doimo izlanish, g‘urur va iftixor bilan yashaydigan yangi avlodni tarbiyalash bo‘yicha qanday ulkan vazifalarni ado etganimizni yana bir bor eslashimiz o‘rinli, deb o‘ylayman.
O‘z-o‘zidan ayonki, biz mustaqil hayotga qadam qo‘yib, eng rivojlangan mamlakatlar qatoriga kirishni, yurtimizda demokratik davlat, obod va farovon jamiyat qurishni maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, buning uchun avvalo ayni shunday buyuk ishga qodir bo‘lgan yangi avlodni voyaga yetkazmasdan turib, bu yo‘ldagi barcha-barcha harakatlarimiz puchga chiqishi muqarrar edi.
Bundan 18 yil oldin qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va 2004 yilda tasdiqlangan Maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy dasturi, shu sohada amalga oshirgan boshqa keng ko‘lamli ishlarimiz nafaqat ta’lim-tarbiya tizimini, balki butun jamiyatimiz hayotini keskin o‘zgartirib yuborgani, ijobiy ma’nodagi “portlash effekti”ni berganiga bugun yaqqol guvoh bo‘lmoqdamiz, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Shu borada sizlarga bir fikrni hech ikkilanmasdan aytishni zarur deb bilaman.
Tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan bu dasturlarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etishda, ularni yanada chuqurlashtirishda, hozirgi davr talablariga javob beradigan yangi ta’lim standartlari va dasturlarini, darslik va metodik qo‘llanmalarni yaratishda, eng muhimi, bolalarimizga zamonaviy ta’lim va tarbiya berib, ularning qalbiga, yuragiga yetib borishda siz, hurmatli ustoz-murabbiylarning xizmatlaringiz naqadar beqiyos bo‘lganini xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi. Kelajagimizni hal qiladigan ana shunday olamshumul ishga qo‘shgan buyuk hissangiz uchun o‘zimning eng yaqin maslahatchilarim va maslakdoshlarim bo‘lgan siz, azizlardan umrbod minnatdorman va barchangizga chin qalbimdan ta’zim qilaman.
Hurmatli do‘stlar!
Bugungi kunda millionlab bolalarimiz yangitdan barpo etilgan va rekonstruksiya qilingan 10 mingga yaqin maktablarda, 1 ming 556 ta litsey va kollejda, 70 dan ziyod oliy o‘quv yurtlarida yangi ta’lim tizimi asosida bilim va tarbiya olib, zamonaviy kasb-hunarlarga ega bo‘lib hayotda o‘z munosib o‘rnini topmoqda, mamlakatimiz ta’lim modelining samarasi va raqobatdoshligini xalqaro maydonlarda yaqqol namoyon etmoqda.
Unib-o‘sib kelayotgan o‘g‘il-qizlarimiz yurtimizda yaratilgan noyob imkoniyatlardan bahramand bo‘lib, ilm-fan cho‘qqilarini, xorijiy tillarni, zamon talab qilayotgan kasb-hunarlarni puxta egallab, ona Vatanimizga sadoqatli, munosib farzandlar, uning ishongan posbonlari, himoyachilari, biz boshlagan ishlarimizning davomchisi bo‘lib voyaga yetayotganini ko‘rish, ularning quvonchiga sherik bo‘lish biz, ota-onalar, ustozlar uchun eng katta baxt emasmi?
Qadrli yurtdoshlar!
Bugun biz boshimizdan kechirayotgan XXI asr, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan globallashuv jarayonlari, intellektual salohiyat, Internet va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgani, jahon bozoridagi raqobat ko‘lami va keskinligi tobora shafqatsiz tus olayotgani har qaysi davlat, har qaysi xalq oldiga g‘oyat muhim va o‘tkir talablarni qo‘ymoqda. Bugun hammamizga ayon, ana shunday talablarni hisobga olib, ular bilan hamohang bo‘lib yashamasak, butun borlig‘imizni shu yo‘lda safarbar etmasak, hech shubhasiz, biz umumbashariy taraqqiyotdan chetda qolib ketishimiz muqarrar.
Hozirgi kunda zamonning o‘zi bizdan erishgan yutuqlar bilan kifoyalanmasdan, yanada yuksak marralar sari qat’iyat bilan borishni, shu yo‘lda o‘z bilim va tajribamizni, kasb malakamiz va mahoratimizni muttasil boyitib, takomillashtirishni talab etmoqda.
Shu ma’noda, umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasini muntazam ravishda zamon talablari darajasiga ko‘tarib borish, pedagogika universiteti va institutlaridagi o‘quv jarayonlarini tanqidiy baholab, ularni yuksak mezonlar asosida tashkil etish, sohaga ilg‘or ta’lim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy etish, bir so‘z bilan aytganda, pedagog kadrlarning yangi avlodini shakllantirish bo‘yicha hali ko‘p ish qilishimiz lozim.
Nega deganda, o‘z ishidan qoniqmasdan, doimo yangilikka intilib, bilim va malakasini oshirish ustida ishlaydigan, hayot bilan hamqadam bo‘lib yashaydigan o‘qituvchi va muallimlargina har tomonlama yetuk insonlarni kamol toptirishga qodir bo‘ladi.
Shu bilan birga, biz uchun yangi tizim bo‘lgan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining faoliyatini tashkiliy-amaliy, o‘quv-metodik jihatdan takomillashtirish, shu maqsadda mavjud ixtisoslik yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish, aynan mana shunday kollejlarda ta’lim olayotgan bolalarimiz yurtimizda barpo etilayotgan, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy korxonalarda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida samarali mehnat qilib, jamiyatimizda o‘z o‘rnini topishi uchun nafaqat ta’lim sohasi rahbarlari, balki barchamiz mas’ul ekanimizni unutmasligimiz zarur.
Biz o‘z oldimizga ana shunday o‘ta muhim va dolzarb vazifalarni qo‘ygan ekanmiz, o‘z-o‘zidan ravshanki, ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish, birinchi navbatda oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilar tarkibiga, ularning ilmiy va pedagogik salohiyatiga bog‘liq.
Bu borada oliy o‘quv yurtlari rahbar va pedagog kadrlarining kasbiy darajasi va malakasini muttasil oshirib borish, ularni zamonaviy talablar asosida qayta tayyorlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish maqsadida shu yil qabul qilingan Farmon bu ishlarni yangi sifat bosqichiga ko‘tarishga zamin bo‘ladi, deb ishonaman.
Ayni vaqtda jahondagi eng nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, xorijiy universitetlarning mutaxassislari ishtirokida turli anjuman va konferensiyalar o‘tkazish, o‘zaro tajriba almashish domlalarimizning bilim va dunyoqarashini kengaytirishga, ularning malakasini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Qadrli ustozlar!
Barchamizga ayonki, mafkura sohasida hech qachon bo‘shliq bo‘lmaydi. Agar ozgina bo‘shliqqa yo‘l qo‘ysak, uni albatta bizga yot va begona bo‘lgan kuchlar egallab oladi.
Hozirgi kunda butun dunyoda yosh avlodning ongi va qalbini egallash uchun qanday keskin kurash borayotgani, bizning hayot tarzimizga, ma’naviyatimizga, dinimizga mutlaqo zid bo‘lgan zararli fikr va g‘oyalarni tarqatish orqali hali dunyoqarashi mustahkam shakllanib ulgurmagan farzandlarimizni o‘zining qabih tuzog‘iga ilintirish uchun turli markazlar tomonidan qancha-qancha kuch va mablag‘lar sarflanayotgani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.
Xalqimizning tinch va osoyishta hayotiga, bolalarimizning kelajagiga qarshi qaratilgan tahdidlar – bu xalqaro terrorizm va ekstremizm bo‘ladimi, giyohvandlik yoki “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlari bo‘ladimi – bunday balo-qazolarni ostonamizga yo‘latmaslik, o‘g‘il-qizlarimizni ularning yovuz ta’siridan asrash, doimo ogoh va hushyor bo‘lib yashash har qachongidan ham dolzarb vazifamizga aylanmoqda. Bunday o‘tkir zarurat ta’lim-tarbiya muassasalarining ota-onalar, mahalla, yoshlar, xotin-qizlar jamoatchiligi, davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorligini yanada kuchaytirishni talab etmoqda va bu yo‘lda sizlar bundan buyon ham o‘z kuch-g‘ayratingizni ayamaysiz, deb ishonaman.
Bizning asosiy vazifamiz – yosh avlodga faqat bilim berishdan iborat emas, balki bugun dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalardan to‘g‘ri xulosa chiqara oladigan, “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” deb, o‘z yeri, o‘z yurtiga sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan, O‘zbekiston fuqarosi degan sharafli nomga har tomonlama munosib bo‘lgan insonlarni tarbiyalash – barchamizning muqaddas burchimizdir.
Azizlarim, qadrdonlarim!
Bugun mana shu hal qiluvchi vazifalarni chuqur anglagan, ularni amalga oshirish uchun jonbozlik ko‘rsatib mehnat qilayotgan, chinakam fidoyi muallimlar, o‘qituvchi va domlalar safi tobora kengayib borayotgani ertangi kunga bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamlaydi.
Shular haqida gapirganda, bir fikrni mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardim: mustaqillik yillarida samarali mehnati va ibratli faoliyati uchun davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan vatandoshlarimiz orasida o‘qituvchi va murabbiylar soni ko‘pchilikni tashkil etishi, hech shubhasiz, el-yurtimizning siz, azizlarga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tiborining amaliy ifodasidir.
Sizlarning mas’uliyatli xizmatingizni munosib qadrlash, faoliyatingizni yangi bosqichlarga ko‘tarish uchun zarur sharoitlarni yaratish masalasi bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning doimiy e’tibor markazida bo‘ladi, deb siz, azizlarni ishontirib aytishga bugun to‘liq asoslarimiz bor.
Barchangizni qutlug‘ ayyom – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, sizlarga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka, baxtu saodat, ezgu ishlaringizda yangidan-yangi yutuq va omadlar tilayman.
Doimo sog‘-omon bo‘ling, umringizdan baraka toping, mehribon ustozlar!
Islom KARIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti