Mijoz va uning xususiyatlari (davomi bor)
Dunyoda necha milliard odam yashayotgan bo‘lsa, ularning har birining fe’l-atvori turlicha. Bunga sabab nima? Sababi insonning mijoziga bog‘liq. Mijoz esa to‘rt xil bo‘ladi. Ya’ni, flegmatik, sangvinik, xolerik, melanxolik. Odam mijozlarini to‘rt xil unsur-suyuqlik, ya’ni safro (olov), balg‘am (suv), qon (havo), savdo (er) tashkil etadi. Bu unsurlar mutanosib bo‘lsa kishi sog‘lom bo‘ladi. Mabodo ulardan birortasi ko‘payib ketsa, inson sog‘lig‘iga putur yetadi.
Tabobat ilmi sultoni Abu Ali ibn Sinoning ta’rif etishicha: “Unsurlarning nihoyatda mayda bo‘laklaridan, qarama-qarshi kayfiyatlarning bir-biriga ta’siridan paydo bo‘ladigan kayfiyatlar mijoz deb ataladi”.
Ushbu unsurlar o‘z quvvatlari bilan bir-biriga ta’sir qilishi natijasida ma’lum bir kayfiyat vujudga keladi. Mijozning quyidagi turlari mavjud. Ya’ni, issiq, sovuq, ho‘l va quruq. Agar yuqorida ta’kidlangan to‘rt xil suyuqlik (xilt)lar inson tanasida mutanosib ravishda mavjud bo‘lsa kishi mo‘tadil mijozli bo‘ladi. Bunday odamlar har qanday oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilsalar ham o‘zlarini yaxshi his etadilar. Tabiatdagi to‘rt fasl singari inson umri ham turli bosqichlardan iborat. O‘ttiz yoshgacha odam organizmi o‘sadi. Qirq yoshgacha bo‘lgan davr to‘xtash bosqichidir. Organizmda quvvat bo‘la turib cho‘kish oltmish yoshgacha bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi. Keyingi bosqichda esa odamda quvvatsizlik va cho‘kish boshlanadi. Ammo sog‘lom turmush tarziga amal qilgan va oqilona ovqatlanib, kun tartibiga rioya etgan insonlar, shuningdek, sportchilar hamda tog‘li hududlarda yashovchi kishilarda bu jarayon ancha kech boshlanishi mumkin. Bolalarning mijozi ho‘l bo‘ladi. O‘smirlarning mijozi ho‘l-issiq bo‘ladi. O‘ttiz besh yoshgacha bo‘lgan odamlarning mijozi esa mo‘tadil bo‘ladi. O‘rta yoshli kishilar va keksalarda mijoz sovuq va quruq bo‘ladi. Sovuq va o‘ta sovuq mijozli insonlar anjir, qora uzum yoki mayiz, xurmo, shirin anor, yong‘oq, asal, qora choy, qo‘y go‘shti, sholg‘om, no‘xat, qazi-qarta iste’mol qilishlari zarur. Shuningdek, yozda yugurish, sakrash kabi sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishlari darkor. Jazirama issiqda tuproq yoki qumda oyoq yalang yurish, qumga ko‘milib yotish organizmdagi sovuq xiltlarni ter orqali haydab chiqaradi. Issiq mijozli odamlar limon, ko‘k choy, xamir ovqatlarni xush ko‘rishadi.
Inson tanasining tuzilishi, markaziy asab tizimining dinamik xususiyatlari, shuningdek, ichki sekretsiya bezlari ajratib chiqaradigan gormonlarning organizmga ta’siri ham mijozni belgilashda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, u yoki bu mijozni aniqlashda har bir insonning markaziy asab tizimi faoliyati (uning tez ta’sirchanligi yoki sekin qo‘zg‘alishi)ga ham bog‘liq. Mashhur rus fiziolog olimi I.Pavlov bosh miya faoliyatini laboratoriya hayvonlarida o‘rganib, har bir odamning temperamenti (mijozi) uning markaziy asab tizimi faoliyatiga bog‘liqligini nazariy jihatdan asoslab, o‘z tajribalari orqali isbotlab beradi. Olim keyinchalik olib borgan tadqiqotlariga ko‘ra har bir individning o‘ziga xos asab tizimining xususiyatlari mavjudligini aniqladi. Bu ma’lumotlar hozirda bizga odamlarning mijoziga qarab fe’l-atvori turlicha bo‘lishi va har bir insonga alohida yondoshishimizga yordam beradi. Xususan, sangvinik tipdagi odamlar serqirra faoliyat yuritishadi. Agar ular biror sohaga qiziqishsa uni mukammal o‘zlashtirishga harakat qilishadi. Yangi sharoitlarga tez ko‘nikib ketishadi. Odamlar bilan tez muloqotga kirishadilar. Biroq, uzoq davom etadigan, bir xil faoliyat turidan zerikishadi. Ular juda serharakat bo‘lishadi. Hammaning ko‘nglidan tez joy oladigan bu insonlarning kayfiyati tez o‘zgarib turadi. Biror narsadan qattiq siqilib yurishmaydi. Yuz ifodasida ichki kechinmalari yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. Serharakatliklari tufayli biror joyda ko‘p o‘tira olishmaydi. Ular yangilikka o‘ch bo‘lishadi. Shu tufayli o‘zlarida yangi taassurotlarga ehtiyoj sezishadi. O‘zlarining his-hayajonlarini boshqara olishmaydi. Ushbu sababga ko‘ra o‘zlariga topshirilgan muhim vazifalarni bajarishda barcha imkoniyatlarini safarbar etisha olmaydilar. Ishxonada qat’iy ish tartibiga rioya etisha olmaydilar. Sabr-toqat, katta e’tibor va qunt bilan bajariladigan, uzoq muddatda bajariladigan ishlarga toqatlari yetmaydi. Jiddiy maqsadlar ustida chuqur fikrlashga bunday mijozli odamlarga sabr yetishmaydi. Ba’zan ijodiy faoliyatlarida yuzakilik va beqarorlik kuzatiladi.
Sangvinik mijozli buyuk insonlar sirasiga mashhur rus shoiri Aleksandr Pushkinni misol keltirish mumkin. Uning ishchanligi va serqirra faoliyatiga havas qilsa arziydi.
Endi flegmatik mijozli insonlar fe’l-atvori xususida fikr yuritsak. Ular atrofida ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga sovuqqon, ba’zan loqayd munosabatda bo‘lishadi. Tepsa-tebranmaslar toifasiga kiruvchi. Flegmatiklar xotirjamliklari bilan o‘zgalardan ajralib turishadi. Yana ular sabr-toqat bilan uzoq vaqt bir ishning boshini tutib, qattiq mehnat qilishlari mumkin. Bu toifa insonlar sust harakat qiladilar. Shuningdek, ular sekin va xotirjam so‘zlaydilar. Ularning yuz ifodasi va so‘zlarida ham muntazamlik seziladi. Bunday insonlar o‘z hayotiy prinsiplariga doimo sodiq qolishadi. Flegmatiklar qancha xotirjam bo‘lmasinlar, o‘zlariga yetguncha o‘jar bo‘lishadi. Shuningdek, ular “tutgan yeridan kesishadi”. Bir ishni oxiriga yetkazmaguncha tinchishmaydi. Qancha sovuqqon bo‘lishmasin ularning ham ba’zan qattiq jahllari chiqadi. Ammo ular kamdan-kam jazavaga tushishadi. Ular o‘z kuchlariga ishonuvchan realistlardir. Behudaga valaqlash ularga begona va barchani teng ko‘rishadi. Hamma bilan me’yorni saqlab munosabatda bo‘lishadi. Huda-behuda ishlarga kuch ham vaqt ham sarflashmaydi. O‘zlari va atrofidagilar uchun foydali bo‘lgan faoliyat turi ularni qiziqtiradi. Ularning fe’l-atvoridagi har qanday qiyinchiliklarni yengishda chidamliliklari, chuqur fikrlashlari, bir ishning boshini mahkam tutib muntazam unga amal qilishlari, hayotiy shiorlariga sodiq qolishlarini ijobiy xislatlar sirasiga kiritish mumkin. Ularning salbiy jihatlari ba’zan bo‘shanglik, loqaydlik, dangasalik va irodasizlik, ichki kechinmalar yoki his-hayajonini yuzaga chiqarmaslik, odatiy, bir xil faoliyat turini muntazam bajarishga ko‘nikib yashashni kiritish mumkin. Shunga qarmay ular hayotda uchraydigan barcha qiyinchiliklarga chidamliliklari bilan o‘zgalardan ajralib turishadi. Ular o‘z hatti-harakatlari hamda gap-so‘zlarida ham shoshmaydilar. Bu toifa odamlar o‘zgalar bilan suhbat chog‘ida ancha o‘zlarini tutib olishgan bo‘lib, hamsuhbatlarini tanlab muloqot qilishadi. Flegmatiklarning yorqin namoyondasiga mashhur olim Charlz Darvinni misol qilish mumkin.
Melanxoliklar esa doim g‘amgin va dilgirlikka moyil bo‘lishadi. Ular ta’sirchan insonlardir. Ularga sal narsa “tegib ketadi”. Bu insonlar boshqalarga nisbatan qo‘rquv va xavotirni ko‘proq his etishadi. Ba’zan ular “pashshadan fil yasashadi”. Xuddi kimdir tahdid qilayotgandek vahimaga tushishadi. Bo‘shangliklari tufayli o‘zgalarga “em” bo‘lishlari oson. Shu sababli ular turli, nohaq qonunbuzarliklarning qurboniga aylanishadi. Mabodo ular kutilmagan hayot zarbalariga duch kelsalar uzoq vaqt o‘zlarini o‘nglay olishmaydi. Melanxolik mijozli odamlar tortinchoq va juda andishali bo‘lishadi. Bu esa ba’zi noinsof odamlarning “andishaning oti qo‘rqoq” deya nom qo‘yishlariga sabab bo‘ladi.
Melanxoliklarga kimdir qattiq ruhiy ta’sir ko‘rsatsa, “qo‘li ishga bormay qoladi”. Ular uzoq vaqt bu holatdan chiqishlari qiyin bo‘ladi. Tortinib, past va bo‘g‘iq ovozda gapirish ularga xos. Xatti-harakatlarida ham tortinchoqlik sezilib turadi. Ancha vaqt bir qarorga kelmay qiynalayotgan melanxoliklarga yaqinlari dalda berib, ko‘ngillarini ko‘tarishlari kerak. Agar ular o‘zlarini qo‘llab-quvvatlaydigan insonlar davrasida bo‘lishsa, xuddi baliq o‘zini suvda erkin his etgandek “ochilib yurishadi”. Qulay shart-sharoit yaratilsa, melanxoliklar o‘zining nimalarga qodirligini namoyish etadi. Egallagan sohasida o‘z yutuqlarini ko‘z-ko‘z qilish ularning ham qo‘lidan keladi. Hayotda oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishish uchun unga atrofidagi yaxshi insonlarning ko‘magi va ruhiy madadi “suv va havodek” zarur. Mabodo aksi bo‘lsa bu toifa odamlar o‘z qobiqlariga o‘ralib, “ichimdagini top” deb qo‘l qovushtirib o‘tirishadi. Yana qo‘rqoq, o‘zgalar madadiga muhtoj, o‘ziga ishonchi yo‘q odamlarga aylanishadi.
Kompozitor Shopen asarlaridagi ko‘pgina qahramonlarning fe’l-atvorlariga e’tibor bergan bo‘lsangiz melanxolik insonlarni ko‘rganday bo‘lasiz.
Xolerik mijozdagi insonlar asab tizimi tez qo‘zg‘aluvchanligi bilan ajralib turadi. Ular har qanday muammoni uzil-kesil hal qilishadi. Murosayu madora ularga begona. Qiziqqon va jangari xoleriklar o‘z hatti-haraktalari oqibatida keyinchalik qanday zarar ko‘rishlari haqida o‘ylab ham o‘tirishmaydi. Eng muhimi ular uchun “Yigitning so‘zi singuncha, ho‘kizning bo‘yni uzilsin”. Umummanfaati uchun harakat qilayotgan xolerik mijozli odam ba’zan o‘zgalarga o‘zining haqligini isbotlash uchun haddan tashqari ko‘p ishlab, sog‘lig‘iga putur yetkazishi mumkin. Beqaror bu odamlarga ba’zan fe’l-atvorlaridagi salbiy jihatlar ko‘p pand beradi. Serg‘ayrat, yetakchi, qiziqqon, “jahli burnining uchida turadigan” bu insonlarning yonida hamisha dono maslahatchilari bo‘lsa foydadan xoli bo‘lmaydi. Ko‘pchilikka boshchilik qilayotgan xoleriklar tashabbuskor, bir so‘zli, g‘ayratli bo‘lishadi. Mabodo ularning ma’naviyati boy bo‘lmasa asabiy, tajovuzkor, beqaror, urishqoq, kutilmagan vaziyatlarda o‘zini boshqara olmaydigan yomon kimsaga aylanadilar.
Tarixiy shaxslardan rus xalqining buyuk sarkardasi va shohi Pyotr I va fransuz sarkardasi Napoleon Bonapartni tipik xolerik mijozli insonlar edi deyish mumkin.
Yana shuni ta’kidlash joizki, har kim yil fasllari va mijoziga qarab ovqatlansa foydadan xoli bo‘lmaydi.
Gulchehra ShIRINOVA tarjimasi