OYOQChI TOMONLARDA

Oyoqchi Kitob tumanining so‘lim go‘shalaridan. U Chiroqchi tumanidagi Qalqama qishlog‘i bilan chegaradosh. Baland tog‘ qoyalari bilan o‘ralgan bu mo‘jaz qishloqning ham o‘ziga xos tarixi bor. Mahalliy aholining aytishicha, Oyoqchi so‘zining ma’nosi “oy botadigan taraf”, yoki “ayg‘oqchi” degan ma’nolarni anglatar ekan. Yozilishida Oyoqchi sifatida qabul qilingan bo‘lsa-da, u yerliklar “Ayoqchi” deb talaffuz qilishlariga tayansak, bu so‘zning ildizi “Ayg‘oqchi”ga borib taqaladi. Ammo qish­loq keksalarining ta’kidlashicha, bu yerlik aholini qadimda “oy yoqchiliklar” deb atashgan.

Qishloqqa yetib borgach, o‘zimizga hamroh topish maqsadida eski tanishimizning uyiga bordik. Mamatqul aka Quvvatov bizni uyiga boshladi. Shoshib turganimizni, niyatimiz Alvastiko‘lga borish ekanini aytdik. “Shuncha yo‘l yurib kelibsiz, borib ko‘ramiz, ammo uch yil oldin katta sel keldi. Alvastiko‘l qumga to‘lgan”, dedi. Lekin istagimizdan qaytmadik.

Xarobalar nimadan so‘ylaydi?

Qishloqdan chiqib, toqqa yaqinlashaverarkansiz, soyning ikki tomonidagi tepaliklarga ko‘zingiz tushadi. U yerda hali ham uylarning qoldiqlari bor. Sababi oldin aholi shu tepaliklarda yashagan. Yigirmanchi asrning boshlaridan quyiga qarab siljigan. Uylarning bir-biriga yaqinligi, hovlilarning ixchamligidan ko‘rish mumkinki, u yerda istiqomat qilgan aholining asosiy tirikchilik manbai chorvachilik bo‘lgan. Hozir ham shunday. Tepaliklar orasidan oqib o‘tayotgan soyning kenga­yib ketmaganiga sabab, uning toshlarini odamlar uy-joy qurish uchun ishlatmagan. Uy xarobalari oralab aylanarkanmiz, poydevor sifatida terilgan toshlarning aksariyati tog‘ toshlari ekanligini ko‘rdik. Xonalarning kichikligi esa ularning tomi kigizdan yopilgani, o‘tovga o‘xshash ekanligini anglatadi. Ma’lumki, kigiz bahorgi va kuzgi yomg‘irlarga bardoshli. Hatto tinimsiz qor yog‘sa ham chakka o‘tishi amrimahol. Yana ko‘rdikki, xonadonlar bir-biriga yaqin qurilgan. Asosiy boyligi chorva bo‘lgan odamlarning qo‘rasiga bo‘ri aylanib tinkasini quritgan bo‘lishi mumkin. Shundan so‘ng ular kelishib, qavm-qarindoshlar bir bo‘lib yashashgan. O‘zlarini birgalikda himoya qilishgan. Eng qizig‘i poydevor sifatida terilgan toshlar hali ham asl holatini yo‘qotmagan. Ammo bu yerda kigiz qoldig‘i yoki yog‘och chirindilarini uchratmaysiz. O‘tgan asrning boshlarida mahalliy aholi yoppasiga tog‘dan pastlikka majburan ko‘chirtirilgan va yillar o‘tganidan so‘ng Oyoqchi qishlog‘ining hozirgi ko‘rinishi shakllanib borgan.

Har tepalikning o‘z nomi, o‘z tarixi bor

Yana o‘qing:  Ichki turizm: ham sayohat, ham ziyorat

Aholi istiqomat qilgan tepaliklar o‘z nomiga ega bo‘lgan. Masalan, Monis, Chakkatosh, Yo‘lsoy, Ilonsoy, Sholipoya, Salima, Ming do‘lana, Chital soy, Katta Do‘stqora, Kichik Do‘stqora, Alvasti, Olvoli patta, Chuqur yurt, Tomosha, Qosimboy qish­loq, Pistali mozor, Xo‘jabog‘cha, Boboquldi soyi, Jumaqalliq soyi, Qorong‘ul. Bularning o‘ziga xos tarixi bor. Alvastiko‘l sari borar ekanmiz, yo‘lda soy etagidagi tekislikdan yer olib, dehqonchilikni yo‘lga qo‘ygan Aktam Beknazarov bilan suhbatlashganimizda, bu haqida bilib oldik. Uning aytishicha, Oyoqchi o‘rta asrlarda markazlashgan joy bo‘lgan. Bu yerda xonning yozgi saroyi joylashgan. Ammo u qaysi xon ekanligi odamni o‘ylantiradi. Sababi o‘sha paytda Kitob va Shahrisabz Buxoro xonligi tasarrufida bo‘lgan. Aktam Beknazarov aytgan xon Buxoro xoni bo‘lsa, uning yozgi saroyi haqida hech qayerda yozilmagan. Aniqlik kiritish maqsadida balki Kitob beklarining saroyi bo‘lgandir, deyman.

– Xonning saroyi bo‘lgan, – deya fikrida qat’iy turadi u. – Ishonmasangiz, kelishda yo‘lda ko‘rgandirsiz, Janjaltepa bor. U ham aynan shu saroy bilan bog‘liq. Sababi oldin kimki jinoyat qilsa, shu tepalikda so‘roq qilingan. Hukm o‘qilgan. Hatto uning yonginasida, “Jumaqalliq soyi”da zindon ham bor.

Qiziqib zindonni borib ko‘rdik. Ikki metr chuqurlikda, uch metrlar enlikda kovlangan chuqur. Ikki-uch odam sig‘adi. Aytgan zindoningiz shumi, deya so‘rayman Aktam akadan.

– Shu, – deydi u. – Bu birinchi zindon. Chakkatoshda ham zindonning qoldiqlari bor. Bu yerda yengil jinoyat qilganlar, u yerda xavflilari zindonband qilingan bo‘lishi mumkin.

Tog‘dan qaytishimizda Mardon Ibrohimovdan bu haqda so‘raganimizda, u kishi: “Qanday xon o‘tganligini bilmadimu, Odina Xitoy deganlari rosa “davrini surgan”. Xo‘jabog‘chada o‘zining bog‘i bo‘lgan deyishadi”, – deya jumboqqa izoh beradi. Odina Xitoyning bog‘i ham Aktam Beknazarov ayt­gan “yozgi saroy” bilan bir joyda bo‘lgan. Daradagi soydan ancha balandlikda joylashgan mazkur boqqa sopol quvurlar yordamida suv olib chiqilgan. Hozir ham u yerda turli mevali va manzarali daraxtlar ekilgan uch gektar bog‘ mavjud. Yong‘oq, tol, terak, hatto, archagacha bor. Eng muhimi, hozir ham u tepalik sug‘oriladigan yerlar qatoriga kiradi.

Qirq chashma

Tabiatning yana bir mo‘jizasi tog‘dan qaynab chiqayotgan chashmalardir. Undan oqib chiqadigan zilol suvning muzdayligi chanqagan tanimizga rohat beradi. Ruhimiz yayraydi. Har bir chashmaning yonida idish bor. Bu odatga aylangan. Mahalliy aholidan kim toqqa chiqqudek bo‘lsa, shu idishlarda suv olib ichib, manzil sari ketaveradi. To Alvastiko‘lgacha qirqdan ortiq shunday chashmalar bor. Har birida bir xil holatni ko‘rasiz. Bu xislat tog‘liklarning an’anasi, balki e’tiqodiga aylangan. Eng ajablanarlisi, issiqda kuyib, terlab kelgan odam bu suvdan ichsa, sog‘lig‘iga umuman zarar yetmas ekan. Qishda ichsa ham tani quvvat olaverarkan. Chashmalar tog‘dan kelayotgan soyga qo‘shilib, qishloq o‘rtasidan oqib o‘tuvchi Oyoqchidaryoni tashkil etadi. Tog‘ tarafdan kelayotgan salqin shamol esa quyosh tik ko‘tarilganiga qaramay, bizni ildam qadam tashlashga undaydi. O‘zgacha shiddat, kuch bag‘ishlaydi.

Yana o‘qing:  Qars ikki qo‘ldan...

Qorong‘ilmi, Qorong‘iko‘l?

– Qorong‘ilning ham o‘ziga yarasha tarixi bor, – deydi Aktam Beknazarov. – Bu suvombor bo‘lgan. Suvi ko‘pligidan adog‘i ko‘rinmagan. Shuning uchun odamlar uni Qorong‘iko‘l deb atashgan.

Aktam aka qo‘li bilan chamalab ko‘rsatgan maydon va balandlikni e’tiborga oladigan bo‘lsak, yuqorida ko‘rgan xarobalarimiz suv ostida qolib ketishi kerak edi. Demak, aholi oldin undan ham yuqorida yashagan. Keyinchalik Qorong‘iko‘lning sathi pasayib borgani sari ular ham pastga enishgan.

Boshida ishonishga qiynaldim. Boisi tog‘da suv ombori bo‘lishi mumkinligi odamni o‘ylantiradi. Taraqqiyot rivojlanmagan bir davrda bunday hashamatli suv inshootining bo‘lganligi haqiqatmi yo cho‘pchak? Aktam Beknazarov esa uning haqiqat ekanligini isbotlash uchun to‘g‘on bo‘lgan joyni ko‘rsatdi. Ikki tomondagi tepaliklarning nisbatan yaqinlashib kelgan joyida ulkan toshlarning bir tekislikda terib chiqilgani uning haqiqatan ham to‘g‘on bo‘lganligini bildirardi. Lekin bu ham qaysi paytga tegishli ekanini, afsuski, mahalliy aholidan hech kim bilmaydi. Har biri tonna-tonna og‘irlikdagi bu toshlarni yog‘och tirkamalar yordamida siljitib, to‘g‘on barpo etishgan. Lekin nima maqsadda, kimning g‘oyasi bilan bunyod etilgani haqida ma’lumotlar yo‘q. Ammo to‘g‘onning balandligi yuz metrga yetganligi ham Qorong‘iko‘l ancha katta bo‘lganidan dalolat beradi.

Sopol idishlar yasaydigan ustaxona

Qishloqda yana bir tepalik bor. Uning nomi Maliktepa. Ayrim mahalliy aholining gapiga qaraganda, u yerda sopol idishlari yasaydigan ustaxona bo‘lgan. Qiziqib biz ham “arxeolog”lik qilgimiz keldi. Haqiqatan ham u yerdan sopol parchalari topildi. Hatto bunday parchalar yon-atrofga ham sochilib ketgan. Ammo buning tarixi qachonga borib taqalishini hech kim aniq aytib berolmadi. Demak, bu haqidagi gap avloddan-avlodga o‘tib, o‘z ohorini yo‘qotgan. U haqidagi ma’lumotlar to‘liqligicha saqlanib qolmagan. Qishloqning keksalari ham uning tarixini aytib bera olmasligiga qaraganda, bu ham qadimiy ustaxonalardan biri bo‘lishi mumkin. Bundan ko‘rinadiki, qadimda bu yerda madaniyat, hunarmandchilik va chorvachilik rivoj topgan.

Manzilga yetib keldik

Nihoyat, Alvastiko‘lga ham yetib keldik. Nomi ketgan mazkur ko‘l biz o‘ylaganchalik katta joyni egallamagan ekan. Eni ham, bo‘yi ham yigirma metr­lar chiqadigan ushbu mo‘jizani, Mamatqul aka aytganidek, qum bosgan. Suvi to‘piqni ko‘madi, xolos. Yo‘l-yo‘lakay uchragan odamlarning gapiga qaraganda, Alvastiko‘l ancha chuqur bo‘lgan. Birov yetti metrgacha sho‘ng‘iganman desa, birovi o‘n ikki metrgacha o‘lchaganman, lekin tagiga yetganim yo‘q, deydi. Aktam Beknazarov esa uning sayoz joyi 17 metrgacha borishini aniqlagan. Bundan ko‘rinadiki, ko‘lning chuqurligi ham yigirma metrlar atrofida bo‘lgan. Tepasidan olti metrli sharsharadan suv tushgan va ko‘lning tugash joyidan Oyoqchisoyning ikkinchi qismi boshlangan. Ammo bir necha yuz yillik tarixga ega Alvastiko‘l bugun jozibasini yo‘qotdi. Endi u ikkiga ayirilib turgan Oyoqchisoyni birlashtirib, o‘zi ham soyning bir qismiga aylandi. Qiziq, uning bu holga kelib qolishi, kutilmaganda kelgan selning yigirma metr chuqurlikdagi ko‘lni qumga to‘ldirishi ham tabiatning sir-sinoatga boy ekanligidan emasmikan?!

Yana o‘qing:  Farzandlikka olishning qonuniy tartibi

Alvastiko‘l bahonasida shuncha tarixdan boxabar bo‘ldik. Yuqorida aytganlarimizning qanchalik haqiqat yoki rivoyat ekanligi ham hali aniqmas. Sababi u yerning o‘tmishi bilan hali biror bir tarixchi qiziqib ko‘rmagan. Janjaltepa haqidagi gaplar, zindon bo‘lganligi, xonning “yozgi saroyi” yoki Odina Xitoyning bog‘i ham tarixning jumboqlaridan. Ehtimol, bu yerda qachonlardir kichik qo‘rg‘on yoki shaharcha bo‘lgandir?!

Bahodir HALIMOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: