Ko‘zga hordiq zarur
Har kuni ko‘zlarni zo‘riqtiradigan ishda uzoq vaqt ishlaganda oddiy mashqlar va muntazam hordiq ko‘rish qobiliyatini saqlashga yordam beradi.
- Agar uzoq ishlasangiz va kompyuterdan uzoqlasha olmasangiz, hech bo‘lmasa ko‘zlaringizni bir necha soniyaga muntazam yumib o‘tiring. Shu tariqa ko‘zlaringizga katta foyda keltirgan bo‘lasiz.
- Ko‘zga oid har qanday muammoda bo‘yinning ensaga yaqin joyini uqalash yaxshi. Shuningdek, boshni bir necha marta aylantirish kerak – o‘ng va chap tomonga.
- Ko‘zlardagi toliqishni yo‘qotish uchun bosh va ko‘rsatkich barmoqlaringiz bilan qanshar va ko‘zlarning ichki burchaklari o‘rtasidagi nuqtani faolroq bosing. Buni 1 daqiqa bajarasiz. 2-3 marta takrorlagach, bir daqiqa tanaffus qiling.
- Ko‘zlarda toliqishni his qilganda, kipriklaringizni ko‘proq pirpirating. Bunda barmoqlar qovoqda joylashgan bo‘ladi va ular pirpiratayotganda barmoqlar ostida hech qanday yuz mushaklarining harakatlanmayotganini nazorat qiling. Ko‘zlarni yumganda ularni qattiq qismang. Lekin shu bilan birga ko‘zlarni yaxshiroq yuming: tez va yengil harakatlarni amalga oshiring. Ko‘zlarni o‘n marta pirpiratgandan so‘ng yuming va 2-3 marta chuqur-chuqur nafas oling. Yuz mushaklarini butunlay tinch qo‘ying. Mashqni yana bir marta takrorlang.
- Ko‘zlardagi qichishishni yo‘qotish uchun ularni yumib, sekin chapga qarang. Ko‘zlarni shu holatda bir necha soniyaga qoldiring. Keyin esa nigohingizni o‘ngga buring. Mashqni 9 marta takrorlang. Uni bajarayotganda qovoqlarni qimirlatmaslikka harakat qiling hamda ular qaltiramayotganini nazorat qiling.
- Qon aylanishini yaxshilash va charchoqni yo‘qotish uchun chuqur nafas olib, ko‘zlarni mahkam yuming. Bunda yuz va bo‘yin mushaklari zo‘riqishi zarur. Shu holatni 3 soniya saqlang, nafasni ham ushlab turing. So‘ng og‘zingizni katta ochib, tez nafas chiqaring. Bunda ko‘zlarni ham iloji boricha kattaroq oching.
Alisher Razzoqov,
Toshkent tibbiyot akademiyasi o‘qituvchisi