ONA ZAMIN QALQONI
16-sentabr – Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuni
Yer sayyorasida hayotning bardavomligi bundan taxminan 620 million yil oldin vujudga kelgan ozon qatlami sababli ta’minlab kelinayapti. U zaminimizdagi jamiki tirik organizmlarni quyoshning zararli ultrabinafsha nurlari ta’siridan asrovchi mustahkam qalqondir. Ma’lumotlarga qaraganda, ozon pardasi yerga tushayotgan nurli radiatsiyaning qariyb 99 foizini tutib qolib, sayyoramizda muayyan darajada qulay haroratni saqlab turadi. Ammo…
Ozonning yemirilishi
Afsuski, XX asr o‘rtalaridan boshlab ozon himoya qatlamining yemirilishi oqibatida tuynuklar hosil bo‘ldi, bu esa ayni paytda atrof-muhit muhofazasi va inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, yemirilayotgan ozon qatlamining eng katta tuynuklari Yer sayyorasining janubiy va shimoliy qutblarida qayd etilgan. Bunday tuynuk 1957 yilda Xalli qo‘ltig‘i, 1985 yilda Antarktida, 1992 yilda esa Arktikada hosil bo‘lgani aniqlangan.
Xo‘sh, ozon qatlami nega yemirilayapti?
Mutaxassislarning fikriga tayanadigan bo‘lsak, bugungi kunda ozon qatlami global ekologik muammoga aylanishiga asosiy aybdor inson omili ekan. Aslida, ozon vulqon otilishi jarayonida hosil bo‘ladigan, tarkibida oltingugurt birikmalari mavjud gazlar ta’sirida ham parchalanadi. Biroq, o‘tgan asrning 50-yillaridan so‘ng havoga sun’iy organik xlor birikmalarining haddan ziyod ko‘p chiqarilishi ozon qatlami parchalanishini tezlashtirib yubordi. Ayniqsa, muzlatkichlarning jadal ravishda ishlab chiqarilishi ushbu muammoning yuzaga kelishiga katta “hissa” qo‘shgan. Chunki, muzlatkich ishlab chiqarilishida foydalaniladigan moddalar ozon bilan reaksiyaga kirishib, uni yemiradi. Bu kabi salbiy vaziyatlar natijasida ozon qatlami yupqalashib, uning quyoshning ultrabinafsha nurlarini qaytarish qobiliyati kamayishiga sababchi bo‘lmoqda.
– Dunyo iqlimining o‘zgarib borayotgani, turli xil kasalliklar vujudga kelayotgani ham ozon qatlami yemirilishi bilan bog‘liq, – deydi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining atrof-muhit himoyasi va ekologiya kafedrasi mudiri To‘lqin Rahimov. – Quyoshning ultrabinafsha nurlari organizmning biologik va fiziologik xususiyatini o‘zgartiribgina qolmay, uni yo‘q qilish xususiyatiga ega. Shu bois, ushbu qatlamning yupqalashishini tezlatadigan zararli moddalar evaziga ishlab chiqarilgan eski sovitish tizimlaridan voz kechib, bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan ekologik xavfsiz, zamonaviy sovitish tizimlaridan ko‘proq foydalanish kerak. Bu bilan o‘z kelajagimizni, salomatligimizni asrashga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Insoniyat erishgan katta yutuqlardan biri – kosmik kemalarning samoga parvozi jarayonida ham koinotga yuzlab tonna zararli kimyoviy moddalar tarqaladi. Hisob-kitoblarga qaraganda, bir kosmik raketaning parvozi davomida o‘n ming tonnaga yaqin ozon parchalanar ekan…
Qatlam yana tiklanayapti
Xalqaro tashkilotlar tomonidan ozon qatlamini muhofaza qilish maqsadida 1985 yilda ozon qatlamini muhofaza qilish to‘g‘risidagi xalqaro hujjat – Vena konvensiyasi hamda 1987 yil 16 sentyabrda ozon qatlamini buzuvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokoli ishlab chiqilgandi. Mazkur hujjatlarda ozon qatlamini buzadigan kimyoviy moddalarning ro‘yxati tuzilib, ulardan foydalanish bo‘yicha ma’lum cheklovlar belgilandi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, mamlakatimiz Monreal protokoli tarafdori hisoblanadi, shuningdek, “Ozon qatlamini buzuvchi moddalarga doir Monreal protokoliga kiritilgan tuzatishni (Pekin, 1999 yil 3 dekabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, bundan tashqari, ona tabiatni himoya qilishga yo‘naltirilgan bir qator huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
2005 yilning 11 noyabrida esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ozonni buzuvchi moddalarni va tarkibida ular mavjud bo‘lgan mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishni va O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqishni tartibga solishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida mamlakatimizda ozon qatlamini yemiruvchi moddalarning 99, 9 foizi muomaladan chiqarildi.
Jahon bo‘ylab ozon qatlamini tiklash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ham o‘z samarasini berayotgani quvonarli. BMTning atrof-muhit bo‘yicha dasturi va Butunjahon meteorologiya tashkiloti hamkorligida o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, ozon qatlamining tiklanish jarayoni tezlashgan va asrimiz o‘rtalarida mavjud ozon tuynuklari to‘liq qoplanishi kutilmoqda.
Azizbek Norov