Sanitariya-epidemiologiya: HAYOT OSOYISHTALIGINING MUHIM OMILI
Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonun joriy yilning 15 iyulida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida qabul qilinib, 6 avgust kuni Senatning uchinchi yalpi majlisida ma’qullandi.
Mustaqilligimizning ilk kunlaridanoq, xalqimiz salomatligini saqlash, atrof-muhit muhofazasi, shuningdek, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash davlatimizning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib kelmoqda.
Darhaqiqat, bugungi kunda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar inson uchun, uning manfaati va turmush farovonligini yanada yaxshilash hamda sog‘lom yashashiga qaratilgandir. Shu o‘rinda e’tirof etish joizki, fuqarolarning salomatligi va ularning bu boradagi huquqlarini himoya qilishda qonun ustuvorligi asosiy omil bo‘lib, sog‘liqni saqlash tizimiga oid huquqiy baza bosqichma bosqich takomillashtirilmoqda.
Jumladan, mamlakatimizda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan, shuningdek, ularning salomatligiga xavf soladigan omillarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, yuqumli hamda virusli kasalliklarning oldini olish masalalarini tartibga soluvchi “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni 1992 yilning 3 iyulida qabul qilingan. O‘tgan davr mobaynida ushbu sohani isloh etishga yo‘naltirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 20 dan ortiq farmon va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 100 dan ziyod qarorlari va 300 dan ortiq idora hujjatlari joriy qilindi.
Xususan, “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni asosida aholi salomatligini va atrof-muhitni muhofaza qilish fuqarolarning huquqiy manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan sanitariya-epidemiologiya nazoratining samarali va ko‘p darajali tizimi yaratildi.
Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar (xususan, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari) Bosh sanitariya vrachi zimmasiga sanitariya-epidemiologiya nazorati tizimini boshqarish vazifasi yuklatilgan.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining tegishli tarkibiy bo‘linmalari tomonidan ham sanitariya-epidemiologiya nazorati amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda sanitariya-gigiyenik va epidemiyaga qarshi kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi samarasida sanitariya-epidemiologik xotirjamlik ta’minlanib, karantin va o‘ta xavfli viruslarning kirib kelishi va tarqalishining oldi olinmoqda. Ayniqsa, bolalar o‘rtasida qizamiq, qizilcha, ko‘kyo‘tal, difteriya (bo‘g‘ma), parotit (tepki) kabi yuqumli kasalliklar sezilarli kamaytirildi yoki butunlay yo‘q qilindi.
Poliomiyelit (shol) kasalligiga to‘liq barham berilgani munosabati bilan 2004 yil mamlakatimizga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan “Poliomiyelitdan xoli hudud” nomli sertifikat berildi.
Xalqaro iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarning jadallashuvini o‘zida aks ettirayotgan globallashuv sharoitida ijtimoiy munosabatlarning rivojlanayotgani, shuningdek, atrof-muhitning o‘zgarayotgani aholi salomatligi xavfsizligini ta’minlash, sanitariya-epidemiologik barqarorlikka erishishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishni talab qilmoqda.
Shu bilan birga bugungi sharoitda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi nafaqat davlat hokimiyati organlari, balki fuqarolik jamiyati institutlari va jamiyat tomonidan ta’minlanishini davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Qonunning “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida” deb nomlanishiga sabab, endilikda sanitariya-epidemiologiya sohasidagi masalalar faqatgina davlat organlari tomonidan nazorat tartibida amalga oshirish yo‘li bilan emas, balki qonun bilan belgilangan huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishda fuqarolarning, mulkiy shaklidan qat’iy nazar tadbirkorlik sub’yektlarining, jamoat tashkilotlari hamda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat-notijorat tashkilotlarining ham ishtiroki belgilanmoqda.
Mazkur qonun bilan aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirilishini ta’minlash, uning asosiy yo‘nalishlarini belgilash, shuningdek, sohaga oid davlat dasturlarini tasdiqlash va amalga oshirish, davlat nazoratini olib borishni tashkil etish va shunga o‘xshash boshqa vakolatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatlariga kiritilmoqda. Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlash va uni joriy qilish, hududlarning sanitariya-epidemiologik holatini yaxshilash va tozaligini saqlashga, aholining sanitariya madaniyati darajasini yuksaltirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi vakolatlar mahalliy davlat hokimiyati organlariga yuklatilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda ushbu tizimdagi barcha sanitariya-epidemiologiya markazlarining moddiy-texnika bazasi yildan-yilga bosqichma-bosqich takomillashayotgani bu sohadagi xizmatlarning sifati va samaradorligini oshirish imkonini bermoqda. Mazkur qonun bilan aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashda Bosh davlat sanitariya vrachining vakolatlari, davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlar aniqlashtirilib, davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.
“Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”da qayd etilganidek, fuqarolik institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining ham ushbu sohadagi ishtiroki qonunda o‘z aksini topmoqda.
Masalan, mazkur qonun bilan sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirishda ko‘maklashish, tegishli hududda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi tadbirlarning amalga oshirilishi, hovli va uy atrofi hududlaridagi qurilishlar hamda ularni saqlash qoidalariga rioya etilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida tegishli hududda yashovchilarning ixtiyoriy asosda ishtirok etishining huquqiy poydevori yaratilmoqda.
Shu bilan birga qonunda fuqarolarning nafaqat xuquqlari ushbu sohadagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi hamda fuqarolarning sog‘liqni saqlash va qulay yashash muhitiga bo‘lgan huquqlari buzilishiga sabab bo‘luvchi harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi majburiyatlari ham qonunchilikda ilk bor mustahkamlanmoqda.
Qonunda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning ushbu sohadagi majburiyatlari belgilanishi bilan birga ularning davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati, davlat sanitariya nazorati organlaridan sanitariya-epidemiologik vaziyat to‘g‘risida axborot olish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritish va tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etish, sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish chog‘ida o‘zlarining mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘liq hajmda qoplanishi, davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlarning qarorlari, mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organlarga yoki mansabdor shaxslarga yohud sudga belgilangan tartibda shikoyat qilish kabi huquqlari belgilangan alohida moddalar kiritilmoqda.
Qonunda amaldagi qonunning mavjud normalari ya’ni, binolar qurilishini loyihalashtirish, rejalashtirish, texnik tartibga solish, korxonalarni texnik va texnologik qayta jihozlash, kabi huquqiy normalar yanada aniqlashtirilmoqda.
Shuningdek, “Sanitariya-gigiyenia va epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil etish hamda o‘tkazish” deb nomlangan yangi beshinchi bob kiritilmoqda.
Qonun loyihasini ishlab chiqishda sohaga oid xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalari hisobga olingan, shuningdek Amerika qo‘shma shtatlari, Buyuk Britaniya, Kanada, Yaponiya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus va Qozog‘iston kabi davlatlar tajribasi o‘rganilgan.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, ushbu qonunning qabul qilinishi respublikamizda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishning kompleks tizimini mustahkamlash, inson hayoti va salomatligini muhofazalashda ijro organlari va nazorat qiluvchi xizmatlar tomonidan amaliy nazoratni amalga oshirish bilan bir qatorda O‘zbekistonning Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish uchun qo‘yilgan vazifalarni to‘laqonli ro‘yobga chiqishida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Nuriya Aytjanova,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati