QARSHI – TOSHKENT: UCH SOATLIK YO’L

Qarshiga yetib kelgan yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi Voha ahli uchun eng ulug‘, eng aziz bayramimizga tarixiy sovg‘a bo‘ldi. Uning ilk yo‘lovchilari mamlakatimizning boobro‘ kishilari, jumladan, davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanganlar, elimiz suygan san’atkorlar, temir yo‘llar tizimida uzoq yillar mehnat qilgan mutaxassislar, oqsoqollar, iqtidorli yoshlar va xorijlik mehmonlardan tashkil topdi. Ulardan ba’zilarining elektropoyezd haqidagi, Qarshi shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari xususidagi fikrlari bilan qiziqdik.

Erkin Komilov, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti:

Toshkent-Qarshi yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdning ilk yo‘lovchilari safida ekanimdan boshim osmonga yetdi. Yurtimizdagi rivojlanishning, taraqqiyotning yuksak namunalaridan yana birining guvohi bo‘lganim uchun Allohga shukronalar aytaman. Bundan o‘n yetti yil ilgari Rossiya telekanallaridan birida efirga uzatiladigan “Vek” teleko‘rsatuvida bir xalqaro siyosatchi bilan suhbat o‘tkazilgandi. O‘shanda teleboshlovchi siyosatchiga “Bundan keyin qaysi mamlakatlarda izchil rivojlanish kuzatiladi?” degan savolni bergandi. Siyosatchi bunga javoban birinchi bo‘lib O‘zbekistonni tilga olgan va o‘z prognozini isbotlash uchun bir qancha sabablar keltirgandi. Bu prognoz, taraqqiyotning o‘zbek modeli naqadar to‘g‘ri ekanini bugun hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Mamlakatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni, yon-atrofimizdagi yangilanishlarni, bunyodkorlik ishlarini qarang. Yurtboshimizning oqilona siyosati tufayli yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, turmushimiz obod. Har bir kunimizni “Afrosiyob”ning Qarshigacha kela boshlagani kabi olamshumul yangiliklar bilan boshlayapmiz. Bunday dorilomon kunlarning qadriga yetish har bir o‘zbekistonlikning farzandlik burchi, deb o‘ylayman.

Yoqubjon Ismoilov, faxriy temiryo‘lchi, 78 yoshda:

Temir yo‘l sohasida 50 yildan ortiq mehnat qildim. Shunday o‘zgarishlarga guvoh bo‘layotganimga shukronalar aytaman. Ilgari yo‘llar biryoqlama bo‘lar va poyezdlar bir stansiyadan yo‘lga chiqish uchun ikkinchi stansiyadan javob kutishga majbur edi. Shu bois Toshkentdan Qarshigacha keladigan yuk tashish vagonlarini ba’zida 15-16 soatda manzilga yetkaza olardik, xolos. Mustaqillikka erishgach, temir yo‘l transportini izchil rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Yangi liniyalar qurildi. Ularning bir nechtasida o‘zim ham bevosita ishtirok etganman. Endi esa elektrlashtirish loyihalari amalga oshirilmoqda. Qarang, Qarshiga 16 soatda keladigan yuk poyezdlari o‘rnini 4 soatda keladigan, 9-10 soatda keladigan yo‘lovchi poyezdlari o‘rnini 3 soatda keladigan elektrovozlar egallayapti. Bundan faxriy bir temiryo‘lchi sifatida juda xursand bo‘layapman.

Yana o‘qing:  Kelajagimiz vorislari – ular izlanishdan to‘xtamaydi

Qarshiga xizmat yuzasidan juda ko‘p kelganman. Ammo bu galgi safarim chog‘ida bo‘layotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘rib, hayratlanib ketdim. Shahar shunday chiroy ochibdiki, yana va yana tomosha qilgim keldi.

“Afrosiyob” elektropoyezdida Qarshi shahriga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar ham markaziy ko‘chalar bo‘ylab diqqatga sazovor joylarni ko‘zdan kechirishdi. Eng qizig‘i, xorijlik mehmonlar shaharda yangidan qad rostlagan zamonaviy, ko‘rkam va mahobatli binolarga hayrat bilan nazar tashlab, har bir diqqatga sazovor joyga ko‘zi tushganda “very nice!” so‘zini tillaridan qo‘yishmadi. Ma’lumki, ushbu inglizcha so‘zlar o‘zbek tilida “juda ajoyib”, “juda yaxshi” degan ma’nolarni anglatadi.

Xi Ru, Xitoyning CNTIC kompaniyasi xodimasi:

Qarshi shahriga uyushtirgan ushbu safarimiz xotiramda bir umr muhrlanib qoldi. Shahringiz go‘zal va mahobatli binolarga, diqqatga sazovor joylarga boy ekan. Ayniqsa, shaharda Mustaqillik bayrami shukuhi kezib yurganiga guvoh bo‘ldim. Aslida, o‘zbek millati, uning madaniyati va an’analari to‘g‘risida yaxshi bilaman deb o‘ylayman. Shuni alohida aytishim kerakki, xalqlarimiz milliy madaniyatida ko‘pgina o‘xshashliklar bor. Bu el boy tarixga ega. Bilasizmi, ushbu tashrif hayotimning eng baxtli onlaridan biriga aylandi. Bundan juda ham mamnunman.

Er yigit el ko‘nglini obod etadi

Vatanimiz bayrog‘i baland ko‘tarildi… Davlatimiz madhiyasi yangradi… O‘zbekiston degan nom butun dunyo mamlakatlari o‘rtasida birinchi o‘rinda tilga olindi… Shu kabi so‘zlarni har safar Toshkent xalqaro aeroportiga sportchilarni kutib olishga chiqqanimda eshitaman. Barcha g‘olib o‘g‘il-qizlarimiz yurtimizda yaratilgan imkoniyatlar, xalqimiz va yaqinlarining ishonchi ularni g‘alaba sari yetaklaganini faxr bilan ta’kidlaydi. Bu iftixor ularni oldinga, porloq va nurafshon kelajak sari undaydi. Bu yurt bolalari Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydi. Ularning g‘alabasi – bizning g‘alaba. Shu el farzandlarining yutug‘idan faxrlanib, doimo shunday bo‘lib qolsin deyman.

Darhaqiqat, yurtimizda sportni rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda munosib ishtirok etishini ta’minlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida sportchilarimizning jahon arenalarida erishayotgan g‘alabalari soni va salmog‘i ortib bormoqda.

Buni iqtidorli sportchimiz, taekvondo (WTF) bo‘yicha jahon chempioni Dmitriy Shokin misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

2011 yilda O‘zbekiston chempionatida g‘olib bo‘lib, milliy terma jamoaga qabul qilingan D. Shokin tinimsiz mehnati, shijoati, g‘alabaga intilishi bilan tez orada ko‘zga tushdi. U terma jamoa safida Fransiya, Germaniya, Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari kabi qator mamlakatlarda o‘tkazilgan nufuzli musobaqalarda shohsupaga ko‘tarildi. 2014 yili Toshkent shahri mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan XVII Osiyo o‘yinlarida kumush medal bilan taqdirlandi.

Yana o‘qing:  Yalpiz – ko‘klam tuhfasi

2015 yilning may oyida Rossiyaning Chelyabinsk shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Dmit­riy Shokin o‘z vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, jahon chempioni bo‘ldi. Iyul oyida Janubiy Koreyaning Kvandju shahrida o‘tkazilgan XXVIII Butunjahon universiadasida ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olib, o‘z vazn toifasida tengsiz ekanini yana bir karra isbotladi. Mazkur nufuzli musobaqada dunyoning eng yetakchi taekvondochilari sovrinli o‘rinlar bilan birga 2016 yili Braziliyada bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi muhim reyting ochkolari uchun ham bellashdi.

O‘zbek o‘g‘lonining ana shunday muvafaqqiyatlarga erishgani hammamizning qalbimizni g‘urur-iftixorga to‘ldiradi. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 24 yilligi arafasida Prezidentimiz Islom Karimovning farmoniga muvofiq iqtidorli sportchi Dmitriy Shokin “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

– Kamtarona mehnatlarimni Vatanimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlagan hukumatimizga cheksiz minnatdorlik izhor etaman. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik kelgusida yanada yuksak marralar sari rag‘batlantiradi, – deydi “Do‘stlik” ordeni sohibi, Taekvondo (WTF) bo‘yicha jahon chempioni Dmitriy Shokin. – Moskva shahri mezbonlik qilgan jahon Gran-prisida oltin medalga sazovor bo‘ldim. Menga berilgan ishonchini oqlaganimdan benihoya xursandman. Xalqaro maydonlarda Vatan sharafini himoya qilish, uning obro‘sini yuksaltirish katta baxt. Jahon chempionatida buyuk yurt farzandlari ekanimizni, biz hech kimdan kam emasligimiz va kam bo‘lmasligimizni isbotlashni maqsad qilgandik va bu ezgu maqsadimizga yetishganimizdan xursandmiz.

… Yana Toshkent xalqaro aeroportidaman. Medallar shodasi ko‘kragiga zeb bergan sportchilarimiz chiqishmoqda. Bugun to‘y, bugun bayram. Ertaga bosh­qa sportchilarimizni kuzatgani chiqaman. Ketishadi va kelishadi. Kelganida ham bayrog‘imizni baland ko‘tarib, g‘urur iftixorga to‘lib, to‘yga to‘yona bilan qaytishadi.

Navro‘z NORBOBOYEV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: