SOG‘LIK, TINCHLIK, OBODLIK
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – xalqimiz hamda yurtimizning buguni va kelajagining ifodasi. Shu bois ham mamlakatimizda Bosh Qomusimiz qabul qilingan kunga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylandi. Tantanali marosimda Yurtboshimiz o‘tayotgan yilda qilingan ishlarni sarhisob qilib, kelgusi yilning muhim va ustuvor vazifalarini belgilab beradi.
Davlatimiz rahbari bu yilgi tantanada 2013 yilni “Obod turmush yili” deb e’lon qildi. Zero, obod turmush xalqimizning dilidagi orzu-umidi va yurt farovonligi demakdir. Prezidentimiz ushbu tantanali marosimda so‘zlagan nutqida mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat ekanligini ta’kidlab, shunday dedi: “O‘tgan davrda bizning qanday og‘ir qiyinchilik, muammo, tahdid va sinovlarni yengib o‘tishimizga to‘g‘ri kelgani hammamizga yaxshi ma’lum. Lekin bularning barchasiga qaramasdan, O‘zbekiston iqtisodiyoti yigirma yil davomida 3,5 baravardan ziyod o‘sdi.
Agar shu davrda mamlakatimiz aholisi qariyb 9 million kishiga ko‘payib, 30 millionga yaqinlashib borayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, o‘tgan vaqt mobaynida yalpi ichki mahsulotning jon boshiga 2,5 baravar oshganligining o‘zi ko‘p narsadan dalolat beradi. Osiyo taraqqiyot bankining ma’lumotlari bo‘yicha mamlakatimiz aholisining daromadlari keyingi uch yilda 3 barobar ko‘paygan”.
Yurtboshimiz yana shuni ta’kidladilarki, ijtimoiy sohaga doir dolzarb vazifalardan biri – aholi bandligiga 2012 yilda katta ahamiyat qaratildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali xotin-qizlar uchun 204 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi. O‘tgan yili oilalarga uch yilga mo‘ljallangan 317 milliard so‘mga yaqin is’temol kreditlari ajratilgani aholining turmush madaniyatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, turmush madaniyati oshirilsa, sog‘liqni saqlash sohasidagi ishlarga ham munosib hissa qo‘shilgan bo‘ladi.
O‘tgan yili mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha ham ulkan ishlar amalga oshirildi. Xususan, istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab joriy etilgan “Sog‘lom ona sog‘lom bola” dasturi doirasidagi chora-tadbirlar ortda qolayotgan yilda yangi bosqichga ko‘tarildi.
Birgina bizning tibbiyot muassasamizda ham bu borada ko‘plab samarali ishlar amalga oshirildi. Hududimizda o‘n yillardan buyon onalar o‘limi, uch yildir-ki, bolalar o‘limi qayd qilinmaganligi fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.
Yurtboshimiz o‘z ma’ruzalarida, YUNISEF va boshqa bir qator xalqaro jamg‘armalar bilan hamkorlikda “Salomatlik-3” loyihasi doirasida tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, zamonaviy texnikalar yordamida to‘g‘ri tashxis qo‘yish, kasalliklarni ilk bosqichda davolash ishlari aniq reja asosida olib borildi. Profilaktik tadbirlarda aholining barcha qatlamlarini qamrab olishga alohida e’tibor qaratilgani haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, oliy maqsadimiz bo‘lgan sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish uchun joriy yilda 8 million 300 ming nafar fertil yoshidagi ayol hamda 8 million bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani shular qatorida 5 mingga yaqin yolg‘iz keksa va nogironlar malakali tekshiruvdan o‘tkazilib ularga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilganini ta’kidladi.
Ana shu xayrli ishda bizning oilaviy poliklinikamizning ham munosib hissasi bor. Tibbiyot maskanimizga qarashli 23 ming 187 nafar aholini muntazam tibbiy tekshuruvdan o‘tkazib turamiz. O‘n to‘rt nafar vrachimiz Toshkent Vrachlar malakasini oshirish institutida o‘qib kelishdi. Poliklinika qoshida ham o‘quv xonasi tashkil qilingan. Ushbu maxsus xona mebel, proyektor va kompyuter bilan jihozlangan bo‘lib bu yerda tez-tez zamonaviy tibbiy bilimlar asosida mashg‘ulotlar olib borildi.
Yurtboshimiz tibbiyot sohasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirilganini Toshkent shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazining Kardiojarrohlik majmuasi misolida ta’kidladi. Bu yangilik bizning poliklinikaga ham daxldor desak xato bo‘lmaydi. Bu yil poliklinikamiz homilaning yurak urishini tekshiradigan 3 ta uskuna bilan ta’minlandi. Albatta, bu nogironlikning oldini olishga munosib hissa qo‘shadi. Umuman hududimizda nogiron bolalar tug‘ilishi 2002 yilga nisbatan teng yarimga qisqardi.
Prezident Islom Karimov 2013 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berar ekan, unda sog‘liqni saqlash sohasiga ham alohida e’tibor berib shunday dedi: “Obod turmushning yana bir muhim sharti bu inson salomatligini mustahkamlash bilan bog‘liq ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Shu bois xalqimizning salomatligini himoyalash, buning uchun sog‘liqni saqlash tizimini eng zamonaviy davolash vositalari, texnika va texnologiyalar bilan ta’minlash, profilaktika, ya’ni kasalliklarning oldini olish ishlarini yanada kuchaytirish, bu sohada fidokorona mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarining mashaqqatli va mas’uliyatli mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish masalalari biz uchun doimiy vazifa bo‘lib qoladi”.
Yurtboshimizning ma’ruzasi va unda belgilab berilgan vazifalar bilan yaqindan tanishib, bu jarayonda faol va munosib ishtirok etishga intilamiz.
Nazira Isoxonova,
Toshkent shahridagi
60-oilaviy poliklinika
bosh shifokori o‘rinbosari