ONA VATANNI KUYLAMOQ BAXTI

Yoqimli qo‘shiq og‘ushida o‘z holicha xirgoyi etayotgan bolaga e’tibor berganmisiz? Uning ko‘zlaridagi baxtiyorlik, mamnunlik, ohang zavqidagi sehrni hech narsa bilan baholab bo‘lmaydi. Ha, bu san’atning kuchi-qudrati. Qolaversa, birgina shu harakat orqali oiladagi ahillik, kishilar orasidagi totuvlik, xotirjamlik, yurtimizdagi tinchlik-oso­yishtalikning bahosini bilish mumkin. Istiqlol yillarida xalqimiz qo‘lga kiritgan bebaho ne’matlardan biri ham, aslida, dunyoqarashi keng, ilmli, salohiyatli, eng muhimi, sog‘lom farzand­larni voyaga yetkazish baxtidir.

Qariyb yigirma to‘rt yillik davr mobaynida yurtimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildiki, buning mahsuli sifatida O‘zbekiston farzandlari xalqaro maydonlarda fan, san’at, madaniyat va sport sohasida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Albatta, shu kabi muvaffaqiyatlarga erishishda Prezidentimiz tashab­busi bilan amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati asosiy omil bo‘layotir.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida 122 nafar iqtidorli o‘quvchi Rossiya Federatsiyasi, Italiya, Fransiya, Ruminiya, Chexiya, Belarus, Bolgariya, Qozog‘iston, Latviya, Azerbayjon, Serbiya kabi davlatlarda bo‘lib o‘tgan turli xil xalqaro musiqa fes­tivallarida ishtirok etib I, II, III o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Ular orasida 8 nafari tanlovning oliy o‘rini gran-pri bilan taqdirlangan. Joriy yilning hozirgi davrigacha esa bu ko‘rsatgich 95 nafarni tashkil qilmoqda.

Ha, ayni paytda yurtimizda faoliyat yuritayotgan 278 ta bolalar musiqa va san’at maktablarida 52 ming nafardan ortiq o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda. Ularning orasidan xalqaro va respublika miqyosida o‘z iqtidorini namo­yish etib, diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlanayotganlar soni kun sayin ortmoqda. Birgina Toshkent shahridagi 21-bolalar musiqa va san’at maktabida yaratilgan shart-sharoitlar fikrimizning tasdig‘idir. Muassasa Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining 2012 yilgi manzilli dasturi asosida kapital ta’mirdan chiqarildi, barcha kerakli jihozlar bilan ta’minlandi. Maktabda bugungi kunda 57 nafar malakali musiqachi-pedagog ish olib bormoqda. Ulardan 42 nafari oliy, 15 nafari esa o‘rta maxsus ma’lumotga ega. Musiqa va san’at maktabi 9 ta yo‘nalish bo‘yicha faoliyat ko‘rsatadi. Ulardan 6 tasi musiqa va 3 tasi san’at yo‘nalishidir.

– Prezidentimizning “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009–2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori sohadagi barcha yutuqlarning amaliy ifodasi bo‘ldi, – deydi muassasa rahbari, “O‘zbekiston Xalq ta’limi a’lochisi” Hakima Nabiyeva. – Bilasizmi, ushbu qarorning qabul qilinishi faqat imkoniyati emas, iqtidori bor har bir bolaning musiqa va san’at sirlarini o‘rganishiga qulaylik yaratdi. Bu, albatta, har bir bola taqdiri Vatan taqdiri bilan bir ekanini anglatmaydimi?! Bu sa’y-harakatlar o‘z natijasini berayotir. Bugun har bir musiqa va san’at maktabida jonajon O‘zbekistonimizning yagona va betakrorligini tarannum etadigan bolalar yetishib chiqyapti.

Yana o‘qing:  Xorazmga sayohat

Darhaqiqat, shu yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgan Italiyaning Barlet shahrida o‘tkazilgan xalqaro ko‘rik tanlovda muassasaning iqtidorli yoshlaridan David Tursumatov saksofon ijrosi yo‘nalishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Aziza Karimova fortepiano yo‘nalishida uchinchi o‘rinni egalladi. Qolaversa, bu ikki ijrochi ansambl ijrochiligi yo‘nalishida ham ishtirok etib, birinchi o‘rin bilan taqdirlandi. Shuningdek, mazkur musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari respublika tanlovlarida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Xususan, 5-sinf o‘quvchisi Taymaz Mamedov 2014 yil “Kamalak yulduzlari” fes­tivalida saksofon cholg‘usi bo‘yicha qatnashib, birinchi o‘rin sohibi bo‘ldi. Tasviriy san’at bo‘limi 3-sinf o‘quvchisi Otabek Abdurahmonov esa respublika bosqichida o‘z iqtidorini namoyish qilib, sertifikatni qo‘lga kiritdi. “Mardlar qo‘riqlaydi – Vatanni” respublika ko‘rik tanlovida 5-sinf o‘quvchisi Jahongir Bashirov akademik xonandalik yo‘nalishida birinchi o‘ringa loyiq ko‘rilib, gran-pri bilan taqdirlandi.

– O‘zbek yoshlariga faqat g‘olib­lik yarashadi, – deydi Muhiddin Qori-Yoqubov nomidagi respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibi, maktab bitiruvchisi Ma’murjon Olimov. – Ustozlarimiz shunday o‘rgatishgan. Albatta, muvaffaqiyat qozonish uchun kishi o‘z ustida tinimsiz izlanishi lozim. O‘qituvchilarim esa bu borada meni qo‘llab-quvvatlashmoqda. Ular bor bilim va tajribasini o‘rgatishdan tolmaydi. Qo‘lga kiritgan yutuqlarim zamirida ustozlarimning hissasi borligini alohida aytmoqchiman. Qolaversa, davlatimiz tomonidan biz yoshlarga ulkan imkoniyatlar yaratib berilyapti. Ushbu e’tiborning qadriga yetish, jonajon Vatanimizga munosib farzand bo‘lish esa asosiy maqsadimiz. Kelajakda yana ham katta yutuqlarni qo‘lga kiritib, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga tarannum etishda davom etaveramiz.

Ushbu maktabda taxsil olgan yigit-qizlar oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarini qiyinchiliklarsiz topshiradilar. Bunda maktabni, u yerdagi ustozlarning mehnatlari katta.

Darhaqiqat, bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini takomillashtirish, ularning sonini oshirish, sifatini yaxshilashga katta e’tibor berilmoqda. Maxsus dastur asosida besh yildan buyon sohada ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Biz birgina bolalar musiqa va san’at maktabi faoliyati bilan tanishdik. Yurtimizdagi 280 ga yaqin shunday muassasada tahsil olayotgan bolalarning imkoniyatini bir chamalab ko‘ring. Istiqlol bergan imkoniyatlar haqida fikr-mulohaza qilib, tilingiz shukronalikdan charchamaydi.

Charos XUSHVAQTOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: