KO‘KRAK SUTINING BOLA HAYOTIDAGI AHAMIYATI
Ona sutini ko‘paytiradigan tabiiy usullar
Ma’lumki, ona suti go‘dak uchun eng tabiiy va maqbul ozuqa. Ko‘krak sutining tarkibida chaqaloqning sog‘lom unib o‘sishi uchun zarur bo‘lgan hamma mikro va makro elementlardan tashqari uni turli yuqumli kasalliklardan himoya qiluvchi antitanachalar mavjud. Ayniqsa, yangi tug‘ilgan mittivoy uch kun davomida onasining og‘iz sutidan bahramand bo‘ladi. Og‘iz suti esa xuddi dastlabki emlashday jajji organizmga ijobiy ta’sir etadi. Yana ona suti tarkibidagi touring moddasi esa bolaning aqliy salohiyati shakllanishida juda katta ahamiyatga ega.
Ko‘krak sutini emayotgan bolalarning immuniteti (kasalliklarga qarshi chidamliligi) yuqori bo‘ladi. Ya’ni, ular ayrim sabablarga ko‘ra sun’iy sutli aralashmalar bilan boqilayotgan tengdoshlariga nisbatan anchagina durkun va sog‘lom o‘sishadi. Shuningdek, emizib boqish ona va bola o‘rtasida mehr rishtalarini bog‘laydi. Emizish tug‘ruqdan so‘ng yangi bo‘shangan ayolda bachadonining tez qisqarib, asl holiga kelishiga ko‘maklashadi. Ona har gal go‘dagini bag‘riga bosib emizar ekan qalbida nafaqat unga nisbatan, balki atrofidagi barcha insonlarga nisbatan ulkan mehrni tuyadi.
Chaqaloqni emizish onaning asablarini tinchlantiradi. Uyda oila a’zolarining barchasi emizikli go‘dagi bor onani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi zarur. Chunki, ayol tunda ham go‘dakning talabiga qarab 2-3 marta ba’zan esa undan ko‘proq ham shirin uyqusini buzib emizishga majbur bo‘ladi. Shu sababli ayol kunduz kunlari asablari tinchlanishi va ona suti me’yorda ajralib turishi uchun to‘yib uxlashi shart.
Buning uchun oilada uni yaqinlari to‘g‘ri tushunib, ona va bolaning ruhiy xotirjamligi uchun sharoit yaratib berishlari lozim. Go‘dagini emizib boqayotgan ona kundalik taomnomasiga ham e’tiborli bo‘lishlari kerak. Chunki, to‘yimli va sifatli ovqatlanish nafaqat ona sutini ko‘paytiradi, balki onaning tug‘ruqdan so‘ng tezroq o‘zini tiklab olishiga yordam beradi. Emizib boqish ona uchun tug‘ruqdan keyin qon ketishlarining oldini oladi. Sababi bachadon bu jarayon davomida tezroq tiklanadi. Yana ona suti bilan emizib boqish ayolda tuxumdonlar va ko‘krak saratonining oldini oladi. Homiladorlik davri va undan keyingi tug‘ruq jarayoni, shuningdek, emizish davomida onaning organizmi butkul yangi muhitga moslashib, gormonal jihatdan qayta tayyorgarlik ko‘radi. Bu esa ona vujudiga har tomonlama ijobiy ta’sir etadi.
Quyida biz ona sutini ko‘paytiradigan tabiiy usullar xususida to‘xtalib o‘tamiz.
Ona go‘dagini tez-tez emizsa ham ko‘krak sutini ko‘payishiga zamin yaratadi. Bir kunda 12 martagacha (agar chaqaloq 3 soatgacha uxlab qolsa, uni uyg‘otib emizish darkor) va undan ko‘p marta go‘dakning talabiga ko‘ra ona emizishi shart. Chunki, ona suti ajralib chiqishiga mas’ul prolaktin va yana bachadon qisqarishiga ta’sir qiluvchi gormon-oksitotsin bu jarayonida ishtirok etadi. Ayniqsa, tabiiy tug‘ruq jarayonida oksitatsin ko‘p ajralib chiqadi. Biroq, ona go‘dagini ayrim sabablarga ko‘ra Kesarcha kesish usuli bilan dunyoga keltirgan bo‘lsa undan ko‘krak suti ajralib chiqishi qiyin bo‘ladi. Chunki, oksitotsin gormoni sun’iy tug‘ruq jarayonida tabiiy holatdagisiga o‘xshab qonga “otilib” chiqmaydi.
Go‘dak ko‘krak suti ozligi sababli onasini kamroq emishi mumkin. Ammo ona chaqaloqni tez-tez emizishga harakat qilishi kerak. Go‘dak emsagina onaning bosh miyasi sut ajralishi zarurligi xususida asab tolalari impulslari orqali “buyurtma” oladi. Va natijada ko‘krak suti ajralib chiqa boshlaydi. Biroq, ona ham shifokor ham bola to‘ymayapti, degan xavotirda unga shishachada sun’iy sutli aralashma bera boshlasa chaqaloq osongina og‘ziga quyilayotgan sutdan bahramand bo‘ladi. Bu holat uni dangasa qilib qo‘yadi. Go‘dak onasini qiynalib emib o‘tirgisi kelmaydi. Chunki, emish undan mehnat talab etadi.
Shuning uchun emizikli onaning atrofidagilari albatta bolasini emizib boqish muhim ekanligini unga tushuntirishlari va o‘ziga nisbatan ishonch paydo bo‘lishi uchun yordam berishlari zarur. Tug‘ruqxonada ilk bora go‘dagini emizib boqayotgan onaga hamshira, doya yoki ayolning hamxonasi bo‘lgan birorta tajribali ona chaqaloqni to‘g‘ri emizishni o‘rgatishi kerak. Sababi emish davomida go‘dak ko‘krakning jigarrang alveolasini og‘zi bilan to‘liq qamrab olmasa, u havo yutib yuborishi mumkin. Bu esa unda hiqichoq tutishi natijasida bezovta bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Hiqichoq o‘tib ketishi uchun bolani tik tutish darkor. Yoki ona qo‘lini sovunlab yuvib, unga zaytun moyi yoki birorta steril o‘simlik yog‘i surtib, go‘dakning me’da sohasi va tanasini yengil silashi darkor. Shunda uning tanasi bo‘shashadi va hiqichoq yengil o‘tadi.
Onalar chaqaloqlarda allergiyaga sabab bo‘luvchi va uning ichaklarida yel (gaz) hosil qiluvchi shuningdek, sut tarkibini o‘zgartiruvchi oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishdan tiyilishlari kerak. Ya’ni, dukkaklilar (mosh, loviya, no‘xat, soya), gazli va sun’iy bo‘yoqli suvlar, dudlangan, marinadlangan (sirkali), shokolad, kakao, kofe va turli rangli qandolat mahsulotlari, konservalangan baliq, ot hamda echki, tuya go‘shti (ular qiyin hazm bo‘ladi va bod qo‘zg‘aydi), uzum, qovun, tarvuz, bodring, o‘rik, sarimsoqpiyoz, xom oq boshli va ko‘k piyoz, sitrus mevalar, yeryong‘oq, qo‘ziqorin, yong‘oqni vaqtincha tanovul qilmagan ma’qul.
Arpabodiyonni choy o‘rnida kun davomida ichib yurish ona sutini ko‘paytiradi. Sutli choy (shirchoy), bir kunda 2 litrgacha suyuqlik ichish (issiq tovuq sho‘rva, yog‘siz mol go‘shtidan frikadelkali va teftel sho‘rva, mastava va shu kabi suyuq ovqatlar), olma, malina, olxo‘ri, nok, olcha, gilosli kompotlar, saryog‘li atala va emizikli ayol iste’mol qilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlardan tayyorlangan murabbolardan ham choy tayyorlab ichish ona suti ajralib chiqishiga ko‘maklashadi. Yana sabzini qirg‘ichdan o‘tkazib, uning sharbatiga suyuq qaymoq yoki sut solib ichish mumkin. Sholg‘om, salat bargi ham ko‘krak sutini ko‘paytiradi. Shuningdek, bu sharbatga meva-sabzavotlar, reza mevalar sharbatidan ta’bga ko‘ra aralashtirsa bo‘ladi. Quyon go‘shti ham yengil hazm bo‘ladigan parhez mahsulotlar sirasiga kiradi. Baliqni esa dimlab pishirish tavsiya etiladi. Bu mahsulotlar ham ona va bola salomatligi uchun muhim. Tvorog, sut, qatiq, qaymoq, pishloq va shu kabi sut mahsulotlari ona organizmining kalsiyga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi. Chunki, o‘sayotgan bola organizmi (ayniqsa, uning suyak tizimi mustahkamligi uchun bu modda katta ahamiyatga ega.
Javdar va qora kepakli undan tayyorlangan non, suli, tariq, arpa, manniy yormasi kabi mahsulotlar emizikli onani qabziyatdan asraydi. Laktatsiya (sut ajralishi) kamayganda ko‘k va qora choyni vaqtincha ichmagan ma’qul. Uning o‘rniga tabiiy sharbatlar, gazsiz mineral suv va kompot ichish maqsadga muvofiq. Emizikli onaga chekish va spirtli ichimliklarni ichish ayniqsa, giyohvand moddalarini iste’mol qilish aslo mumkin emas. Chilla yara (diatez) xastaligi mavjud go‘dakning onasi juda ham parhezga e’tiborli bo‘lishi kerak. Chunki, yuqorida nomlari tilga olingan iste’mol qilish mumkin bo‘lmagan mahsulotlardan tashqari bemor bolaning onasi har qanday qizil rangli oziq-ovqat mahsulotlari, meva-sabzavotlarni tanovul etishdan tiyilishi shart. Aks holda dard zo‘rayib, og‘ir oqibatlarga olib keladi. Pivo ham spirtli ichimlik hisoblanadi. Chunki, odam asab tizimi va uning jismu joniga zarar keltiruvchi yomon odatlar chaqaloqda turli nuqsonlar rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Uning ham jismonan ham ruhan kamol topishi ortda qoladi.
Bolani tunda tez-tez emizish ham ona sutini ko‘paytiradi. Chunki, tunda prolaktin gormoni ko‘p ajralib chiqadi. Moychechak, limon o‘tining sutli tindirmasi, gazanda (qichitqio‘t), zira, arpabodiyon, fenxel (dorivor shivit) va oddiy shivit, momaqaymoq (qoqio‘t) ildizi tindirmasi, pishirilgan sarimsoqpiyoz va jambil (tog‘rayhon) damlamasi ham sutni ko‘paytiradi. Yuqorida nomlari tilga olingan barcha mahsulotlar tindirmasini 1-1, 5 hafta davomida ovqatdan yarim soat o‘tgach ichsa bo‘ladi. Arpabodiyonni esa damlab kun davomida ichish mumkin. Terining teri bilan kontakti jarayonida ya’ni, yangi bo‘shangan ona go‘dagini uning qorniga yotqizib qo‘yilsa (ginekolog yoki doya yordam beradi) chaqaloqning steril terisiga ona terisidan mikroflora o‘tib uning immunitetini oshiradi. Yana bu usul ona suti ko‘payishiga ham yordam beradi. Keyinchalik ham ona va bola sokin muhitda terisi terisiga tegib tursa (bunda ona yengil kiyimda, go‘dak esa bitta taglik (pampers)da bo‘lishi zarur) doimo ona suti yetarli miqdorda ajralishi uchun yana bir imkoniyatdir.
Turp va qizil lavlagini ichini o‘yib unga asal solish kerak. Ajralib chiqqan turp sharbatiga qaynab sovutilgan suv aralashtirib ichish darkor. Bu mahsulotlar ham ona sutini ko‘paytiradi. Shuningdek, shivit va arpabodiyon damlamasi nafaqat ko‘krak sutini ko‘paytiradi, balki go‘dak ichaklaridagi sanchiqni kamaytirib, yel ham haydaydi.
Gulchehra ShIRINOVA