“A” GEPATITIGA QARSHI EMLASH
Uning organizmga ijobiy xususiyatlari xususida
Har bir ota-ona farzandining sog‘lig‘i uchun doimo qayg‘uradi. Bolani turli yuqumli kasalliklardan himoya qilishga harakat qiladi. Bu borada mamlakatimizda ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida farzandlarimiz uchun turli infeksiyalarga qarshi ko‘plab emlash turlari taqvim asosida olib boriladi. Bulardan tashqari bolalar salomatligini yanada mustahkamlash maqsadida aholining talabiga qarab xususiy poliklinikalarda ham emlash bo‘yicha takomillashtirilgan xizmat turlari tashkil etilgan.
Hozirgi kunda ham “A” gepatiti kasalligiga qarshi yurtimizning barcha hududlaridagi poliklinikalarida emlash ishlari olib borilmoqda. Emlashning bu turiga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan alohida e’tibor qaratilgan. Shu o‘rinda “A” gepatiti haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsak.
“A” gepatiti qanday kasallik?
Mazkur xastalik insonlar orasida eng ko‘p tarqalgan yuqumli viruslardan hisoblanadi. Ko‘pincha sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida ushbu kasallik kelib chiqadi. Aksariyat hollarda uning havo zarrachalari orqali tez tarqalishi ham kuzatilgan. Ushbu kasallik xalq tilida “sariq” kasalligi ham deb yuritiladi. “A” gepatiti o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, uni enterovirus keltirib chiqaradi va kasallik jigar to‘qimasi va uning hujayralarining zararlanishi bilan kechadi. U asosan bolalarda ko‘proq uchraydi. Infeksiya manbai kasallikka chalingan bemorlar hisoblanadi.
Yuvilmagan va kir qo‘llar bilan ovqatlanish, transport vositalari tutqichlarini ushlash yoki hojatxonadan foydalangandan so‘ng qo‘llarni yuvmaslik oqibatida bu xastalik kelib chiqadi. Qaynatilmagan suv yoki toza yuvilmagan sabzavot mahsulotlarini iste’mol qilganda virus me’da-ichak tizimiga og‘iz bo‘shlig‘idan tushadi. Keyin u qonga so‘riladi. Qon orqali esa jigarga o‘tadi va bu a’zoning barcha hujayralarini zararlaydi. Natijada jigar faoliyatida salbiy o‘zgarishlar kuzatiladi.
Agarda siz yoki oila a’zolaringiz “A” gepatitiga qarshi vaksina bilan emlangan bo‘lsangiz bu kasallikning yuqish xavfi batamom bartaraf etilgan bo‘ladi.
– Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va maktab o‘quvchilari ushbu pullik vaksina bilan emlanishi majburiymi?
– Emlanish majburiy qilib belgilanmagan. Ammo har bir ota-ona o‘z farzandining sog‘lig‘i uchun mas’ul hisoblanadi. Ushbu kasallik havo zarrachalari orqali tez tarqaladigan kasallik bo‘lgani sababli, uning oldini olish uchun turli chora-tadbirlarni ko‘rishga har bir muassasa rahbari mas’uldir. Agarda bolalar tarbiyalanadigan muassasa yoki maktabda shu xastalik bilan birortasi kasallansa guruhdagi barcha bolalar zarar ko‘radi. Bunday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish uchun albatta muassasa rahbari javobgar bo‘ladi.
– Shu sababli ushbu vaksina bilan emlatish farzandingiz sog‘lig‘ini kafotlovchi vosita sanaladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya va epidemologiya nazorati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi Dilorom Tursunova.
Shu jumladan, 2014 yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash vazirligi tomonidan 50 mingta vaksina ajratilgan. Bolalar soniga qarab har bir tibbiyot muassasasi tomonidan ushbu vaksinaga buyurtma beriladi va ro‘yxat asosida olib kelinadi. Emlash jarayonini taqvim asosida o‘tkazish va nazorat qilish uchun bitta shifokor va hamshira biriktirilgan.
Bu emlash turining foydali xususiyati
Hozirgi kunda aholi o‘rtasida shifokorlar tomonidan emlash “A” gepatit xastaligiga qarshi eng foydali va ishonchli vositalardan biri deb targ‘ib qilinmoqda. U gepatitdan yuz foiz himoya vositasi deb topildi. Bu vaksina immun tizimi faoliyatini yuqori darajaga ko‘tarib beradi. Bir yilda ikki marta, ya’ni har olti oyda “A” gepatitiga qarshi emlangan odam bu kasallikka chalinmaydi. Hozirda yurtimizda bir marotaba olinadigan vaksinalar ham bor. Uni qabul qilgandan so‘ng ikki haftadan keyin organizmda himoya funksiyasi ishga tushadi. Inson organizmida virus qonga tushgandan so‘ng antitanacha tufayli tarqalmay normada turadi. Agar organizmda himoyalovchi antitanacha bo‘lmasa, virus qonga tushib gepatit xastaligi rivojlanadi.
Yurtimizda vaksinani ikki xil turidan foydalanilmoqda. Belgiya davlatidan keltirilgan mazkur vaksina bilan fuqarolar bir yilda ikki marta, har olti oyda emlanadi. Xitoy mamlakatidan keltirilgan emlash dori vositasini esa bir marta olishning o‘zi kifoya qiladi. Vaksina organizmda bir oy ichida tarqaladi va ijobiy ta’sir qila boshlaydi.
Charos XUSHVAQTOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri