VATANNI ShARAFLASH – MUQADDAS BURCHIMIZ
Men mamlakatimiz mustaqillikka erishgan 1991 yilda Andijon viloyatining Xonobod shahrida tug‘ilganman. Bolaligim ana shu go‘zal va obod maskan bilan bog‘liq. Oilada uch aka-ukaning kenjasiman. Otam Shamil Nurudinov – haydovchi, onam Gulchehra Nurudinova – shifokor.
Ming shukr, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz osoyishta va farovon hayot kechirmoqda. Mamlakatimizning qaysi go‘shasiga bormang, odamlarning yuz-ko‘zida bugunidan shukronalik, qalbida ertangi kunga bo‘lgan mustahkam ishonchni sezasiz. Bobom har safar bir gapni takrorlaydi: “Bolam, mustaqillik in’om etgan ne’matlarning qadriga yetish har birimizning burchimiz. Senga o‘z orzu-istaklaringni ro‘yobga chiqarish uchun barcha imkoniyat yaratilgan ekan, undan oqilona foydalanishing zarur!”.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, ularning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish, xalqaro sport arenalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchi qilib tarbiyalashga keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Biz, sportchilar bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikni o‘z hayotimiz, erishayotgan yutuqlarimiz misolida hamisha chuqur his etamiz. Qator davlatlarda bo‘ladigan musobaqalar davomida xorijlik sportchilar bilan suhbatlashamiz. Ular mamlakatimizda sport rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tiborga, yaratilayotgan keng imkoniyatlarga havas qilishini yashirmaydi. Bundan shu yurtning bir farzandi sifatida cheksiz g‘ururlanaman.
Chindan ham so‘nggi yillarda o‘zbek og‘ir atletika maktabi dunyoda yetakchilar qatoridan joy olganini bugun xalqaro sport jamoatchiligi e’tirof etmoqda. Atletlarimiz nufuzli xalqaro musobaqalarda sovrinlarni muntazam qo‘lga kiritmoqda. Yurtimizda ushbu sport turi bo‘yicha jahon va qit’a miqyosidagi nufuzli musobaqalar tashkil etilmoqda.
Sportchilik faoliyatimda qanday yutuqlarga erishayotgan bo‘lsam, barchasi istiqlolimiz sharofatidan, deb bilaman.
Og‘ir atletikaga mehr qo‘yishimda akalarimning hissasi katta. Chunki ular ham shu sport turi bilan shug‘ullanadi. Besh yoshimda sport zaliga borib, akalarimning mashqlarini havas bilan tomosha qilib o‘tirardim. Ana shu havas meni sakkiz yoshimdan og‘ir atletika bilan muntazam shug‘ullanishimga turtki bo‘ldi. Birinchi ustozim Marat Gafarovdan og‘ir atletika sirlarini puxta o‘rgandim. Turli musobaqalarda tajriba va mahoratimni oshirib bordim.
Xalqaro maydondagi ilk g‘alabam – 2009 yili Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida qo‘lga kiritgan oltin medalimdir. Keskin va murosasiz bellashuvlarda shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilganimda mening hayot yo‘lim ham, orzu-istagim ham ana shu g‘alabani bundan-da nufuzli musobaqalarda takrorlash ekanini angladim.
2011 yili Fransiyadagi jahon chempionatida kumush, 2012 yili Janubiy Koreyada o‘tgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdim. London Olimpiadasida kuchli to‘rtlikdan joy oldim. To‘g‘risi, bu natijam menga saboq bo‘ldi. O‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashim kerakligini tushundim.
2013 yilgi sport mavsumi men uchun muvaffaqiyatlarga boy bo‘ldi. Dastlab, Osiyo chempionatida uchta oltin medalga sazovor bo‘ldim, iyul oyida Butunjahon universiadasida ikki marotaba rekord o‘rnatib, chempion bo‘ldim.
Polshada tashkil etilgan jahon chempionatidagi g‘alabam o‘z kuch va imkoniyatimga bo‘lgan ishonchimni yanada oshirdi. Ushbu nufuzli musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Raqiblarimning imkoniyatlarini, avvalgi musobaqalarda erishgan natijalarini tahlil qilib, shu asosda mashg‘ulotlar olib bordik. Og‘ir atletikaning butun jozibasi shundaki, necha yillab to‘plangan kuch va tajriba ko‘p yoki kam ekani shtangani ko‘tarayotgan bir necha lahzada ma’lum bo‘ladi. Bahs davomida uchta imkoniyatdan unumli foydalangan sportchigina g‘alaba qozonadi.
Vrotslav shahrida o‘tgan jahon chempionatining 105 kilogramm vazn toifasidagi bahslarida dunyoning o‘n yetti mamlakatidan yigirmadan ziyod eng kuchli og‘ir atletikachi bilan raqobatlashdim. Ayniqsa, rossiyalik David Bedjanyan va polshalik Bartlomey Voysex Bonk jiddiy raqiblik qildi. Lekin, tinimsiz mashg‘ulotlar, ustozlarimning maslahatlari va xalqimizning ishonchi menga madad bo‘ldi, katta kuch berdi. Musobaqada shtangani dast ko‘tarishda 190, siltab ko‘tarishda 235 va ikkikurash yakuniga ko‘ra 425 kilogramm natija qayd etib, oltin medalga sazovor bo‘ldim.
Shohsupaga ko‘tarilganimda madhiyamiz yangrab, davlat bayrog‘imiz sarbaland bo‘lganini ko‘rganimdagi hayajonimni so‘z bilan ta’riflash qiyin. O‘sha lahzalarda O‘zbekistondek buyuk yurtning farzandi ekanimdan va uning sharafini xalqaro miqyosdagi musobaqalarda himoya qilish baxti nasib etganidan qalbimda faxr-iftixor tuyg‘usi jo‘sh urdi. Shu darajaga yetishim uchun barcha shart-sharoitni yaratib bergan davlatimiz, meni qo‘llab-quvvatlab turgan ota-onam, murabbiylarim, hamyurtlarim ko‘z oldimdan o‘tdi, xalqimiz va Prezidentimiz ishonchini oqlaganimdan behad quvondim.
Davlatimiz rahbarining farmonlariga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” va “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvonlari bilan taqdirlanganimda quvonchu hayajonim ikki karra oshdi.
Ayni paytda terma jamoamiz bilan joriy yilning noyabr oyida AQSHning Xyuston shahrida o‘tkaziladigan jahon chempionati va 2016 yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga hozirlik ko‘rmoqdamiz. Maqsadimiz ushbu nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etib, yuqori o‘rinlarni egallashdir. Zero, xalqaro sport arenalarida Vatan sha’nini himoya qilish – eng muqaddas burchimiz!
Ruslan NURUDINOV,
og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni (O‘zA)