PEDIATRIYa SOHASINING YUTUQLARIGA BAG‘ISHLANDI
Kuni kecha O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “O‘zbekistonda pediatriya sohasida erishilayotgan yutuqlar va istiqboldagi vazifalar” mavzuidagi matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda mamlakatimizda homilador ayollarni inson hayoti va salomatligi uchun zarur bo‘lgan mikroelementlarga boy polivitaminlar bilan ta’minlash amaliyoti yildan-yilga takomillashib borayotgani va istiqlol yillarida pediatriya sohasida amalga oshirilayotgan ko‘plab loyihalar haqida so‘z yuritildi. Joriy yilda ham bo‘lajak onalarga polivitaminlar kompleksi yetkazib berilmoqda. Mutaxassislar o‘tkazgan monitoringlardan ma’lum bo‘lishicha, ushbu amaliyot qo‘llanilishi natijasida bo‘lajak onalar va ulardan dunyoga kelayotgan farzandlarning salomatlik ko‘rsatkichi yanada yaxshilanmoqda. Natijada tug‘ruq jarayoni va undan keyingi davrlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlar va vazni kam bolalar tug‘ilishining oldi olinayotir.
Yurtimizning barcha hududlarida ixtisoslashtirilgan tibbiyot maskanlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning avvalgi kasalxonalardan farqi shundaki, bunday markazlarda irsiy xastaliklar bilan tug‘ilish, nogironlik hamda yuqumli kasalliklarning oldini olish, onalar va bolalarga yuksak sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud.
Shuni ham ta’kidlash joizki, hozirgi kunda bolalarni o‘n bitta xavfli kasallikka qarshi rejali emlash yanada izchillik bilan davom ettirmoqda. Endilikda pnevmokokk, papilloma virusi kabi xavfli infeksiyalarga qarshi ikki xil yangi vaksina bilan bosqichma-bosqich emlash joriy qilinishi mo‘ljallanmoqda. Bu kelajakda yuqumli va onkologik kasalliklarning oldini olishda muhim o‘rin tutadi. Bolalar orasida yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida milliy emlash kalendariga yana bir vaksina-rotavirus vaksinasi qo‘shildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Anvar Alimov ishtirok etdi.
Gulchehra ShIRINOVA