ShOHSANAM – YILNING ENG FAOL HAMSHIRASI
Farg‘onada “Hamshira – 2015” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, shifokorlar, hamshiralar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A. Xudoyorov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida aholi salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda.
Mamlakatimiz tibbiyot maskanlarida bugungi kunda 320 ming nafarga yaqin o‘rta tibbiyot xodimi mehnat qilmoqda. Ularning bilimi, malaka va tajribasini oshirish, hamshiralik ishida zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan o‘quv-seminarlari, turli mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Jahon tibbiyotining ilg‘or tajribalaridan kelib chiqib, yurtimizda oliy ma’lumotli hamshiralar tayyorlash tizimining joriy etilgani sog‘liqni saqlash tizimini malakali mutaxassislar bilan ta’minlash va ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni takomillashtirish imkonini bermoqda.
“Hamshira” ko‘rik-tanlovi o‘rta tibbiyot xodimlarining bilim va tajribasini yanada boyitish, hamshiralik ishida erishilayotgan yutuq va tajribalarni ommalashtirish, izlanuvchan va tashabbuskor hamshiralarning iste’dodini namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tanlovning respublika bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 14 hamshira sohaga oid nazariy va amaliy malakasini namoyish etib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha bilimini sinovdan o‘tkazdi.
Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona viloyati filiali hamshirasi Shohsanam Akbarova birinchi o‘rinni egalladi va “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi.
– Prezidentimiz rahnamoligida tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida chekka tuman va qishloqlarda ham zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda, – deydi Sh. Akbarova. – Bugungi hamshira nafaqat bemorlar muolajasi bilan shug‘ullanishi, balki aholi o‘rtasida tibbiy-profilaktika tadbirlarini, bolalar, o‘smirlar, reproduktiv yoshdagi ayollarning ko‘rigini yuqori saviyada tashkil etish, onalik va bolalikni muhofaza qilishga oid targ‘ibot-tushuntirish ishlarini yuritishda ham faol ishtirok etmog‘i kerak. Tanlovda g‘olib topilganimdan behad xursandman.
Sirdaryo viloyati urush va mehnat faxriylari shifoxonasi hamshirasi Shahlo Fayziyeva ikkinchi, Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro viloyati filiali hamshirasi Sitora Rahmatova uchinchi o‘rinni egalladi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Sh. G‘aniyev so‘zga chiqdi.
M. SULAYMONOV,
O‘zA muxbiri