Xatarli rishtaning xotimasi
Bahrom akaning quvonchi ichiga sig‘maydi. Suyunmasinmi, uch qizdan so‘ng o‘g‘illik bo‘ldi, axir! Dilim murodiga yetdi, deya chaqaloqqa Dilmurod deb ism qo‘ydi. Kunlarning ketidan oylar, yillar o‘taverdi. Bolakay ulg‘ayib, shirin-shirin qiliqlar chiqara boshladi. Oilaning quvonchi, opalarining ovunchog‘iga aylandi.
Avvaliga hammasi risoladagidek edi. Lekin vaqt o‘tgani sayin Dilbar opaning ko‘ngliga g‘ulg‘ula oralay boshladi. Nazarida o‘g‘ilchasining oyoqlari juda nimjon, harakatlari sustroqdek edi. Turmush o‘rtog‘i bilan maslahatlashib, shifokorga murojaat qilishdi. Uzoq tekshiruvlardan so‘ng Dilmurodga yakuniy xulosa – oyoq falajligi tashhisi qo‘yildi.
Dilmurod nogironlar aravachasiga mixlanib qolgach, kamgap, odamovi bo‘lib qoldi. Uning birorta ham do‘sti yo‘q edi. Shu bois juda-juda zerikardi. Mahalladagi bolalarning chopqillab o‘ynab yurganini derazadan tomosha qilib o‘tirardi. Bu holni ko‘rgan onaning qo‘ngli o‘ksib, ko‘z yoshlarini o‘g‘lidan berkitib yig‘laydi. Bundan bir necha yillar oldin onasining so‘ziga kirmaganidan afsuslandi…
Dilbar bilan Bahrom bolalikdan birga o‘sdi. Bitta oliy o‘quv yurtini tamomladi. Birga ishladi. Hayotning pastu balandini bundan keyin ham birga bosib o‘tish uchun yoshlar turmush qurishga ahd qildi. Bahromning onasi buni eshitib xursand bo‘ldi, biroq… Ammo qizning onasi biroz norozi bo‘ldi. Chunki, ular opa-singilning farzandi edi. Shunga qarmay Dilobar ahdidan qaytmadi. Kelinlik sarpolari, dugonalarning havas bilan boqishi, yangi orzular hammasi uning uchun a’lo darajada onasining xavotiri esa o‘rinsiz tuyuldi.
Shovqin-suron bilan to‘y ham o‘tdiyu, umr daryosi yana sekin oqa boshladi. Yillar o‘tib, umid bilan kutilgan o‘g‘il tug‘ildi. Ammo begunoh norasida kattalarning o‘ylamay qilgan xatosining jabrini tortishga mahkum bo‘ldi. Nogironlik aravasidan turolmaydigan o‘g‘liga ko‘z-quloq bo‘lish uchun ishini ham tashladi. O‘g‘lining mahzun nigohlariga qarab, o‘zini gunohkor his etadi. Onasi qarindoshlik rishtalari o‘rtasidagi turmushning oqibatlari haqida ko‘p bora ogohlantirgan edi. Vaqtida onasining gapiga quloq solmagani uchun butun umr o‘zini kechirolmasa kerak…
Aziza JALILOVA