PSIXOLOGIK YORDAM MARKAZLARI

Fuqarolarning ijtimoiy hayotida ularning o‘rni

Mamlakatimizda aholiga ko‘rsatilayotgan psixologik yordam xususida ma’lumot olish maqsadida O‘zbekiston Psixologlar assotsiatsiyasi raisi, psixologiya fanlari nomzodi Hulkar Mahmudovaga o‘zimizni qiziqtirgan bir necha savollar bilan murojaat qildik.

– O‘zbekistonda psixologik yordam markazlari mavjudmi? Bu markazlar faoliyati qanday muvofiqlashtirilmoqda?

– Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasida yalpi tizimga va huquqiy maqomga ega bo‘lgan alohida aholiga “Psixologik yordam ko‘rsatish markazi” mavjud emas. Bunday xizmatlar hududimizdagi universitetlar yoki institutlar tarkibida tashkil qilingan “Psixologik yordam ko‘rsatish markazlari”da yoki yakka tartibda psixologlar, xususiy firmalar tomonidan amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga O‘zbekiston Psixologlar assotsiatsiyasi tomonidan ham fuqarolarning murojaatlari asosida amalga oshiriladi. Bu muammoni bartaraf etish maqsadida assotsiatsiya hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga “Aholiga psixologik xizmat ko‘rsatish” haqidagi qonun loyihasini taqdim etish ustida ish olib bormoqda.

– Aholining nafaqat huquqiy, tibbiy savodxonligini oshirish, balki ishda va oilalarda ularning o‘zaro munosabatlarini bir maromda kechishi uchun ham psixologlar yordami zarur. Bu borada yurtimizda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Psixologlar assotsiatsiyasi qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 6 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida 2014 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi”da belgilangan Toshkent shahrida Respublika “Yoshlar ijtimoiy xizmatlari markazi”ga uning faoliyatini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy-uslubiy, amaliy jihatdan ko‘maklashish ishlarini olib bormoqdamiz. Xususan, Toshkent shahrining Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi 10 dan ortiq o‘rta maktablarda o‘quv yili davomida 7-, 8-, 9-sinf o‘quvchilari orasida yoshlarni mustaqil fikrlaydigan, o‘z hayotiy qarashlariga ega fuqarolar sifatida tarbiyalashda “Shaxsiy fikr”, “Giyohvandlik profilaktikasi”, “Xavfli harakatlarning oldini olish”, “Fe’l-atvordagi o‘zgarishlar” va shu kabi mavzular bo‘yicha trening-seminarlar tashkil qilinmoqda. Voyaga yetmagan huquqbuzarlar bilan ham ish olib borayapmiz.

Bolalarning ruhiy (emotsional) holatidan kelib chiqqan holda ularning manfaatlarini himoya qilish borasida sud-psixologik ekspertizalarini amalga oshirmoqdamiz. Odil sudlovni amalga oshirish borasida tergovchi, prokuror, sudyalar tomonidan tayyorlangan ajrimlar va qarorlarga asosan aholiga sud-psixologik ekspertizalari bo‘yicha ham mutaxassislarimiz psixologik xizmatlar ko‘rsatishmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining o‘quv kurslari bilan hamkorlikda faoliyat olib bormoqdamiz.

Yana o‘qing:  Balog‘at davri – jadal o‘sish pallasi

Assotsiatsiya tomonidan turli uslubiy qo‘llanmalar, huquqiy – normativ hujjatlar ishlab chiqilmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekiston Psixologlar assotsiatsiyasi “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish borasida “Keksalarga ijtimoiy-psixologik xizmat ko‘rsatish” nomli loyiha ishlab chiqib, uni amaliyotga tadbiq etmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi bu borada nodavlat-notijorat tashkilotlarining o‘rni va ishtirokini kengaytirish hamda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi ijtimoiy sherikchilikni takomillashtirishga, shuningdek, ko‘ngillilar faoliyatiga yoshlarni keng jalb qilishga hissa qo‘shishdan iborat.

Loyiha doirasida psixologik xizmatlarga muhtoj bo‘lgan “Urush va mehnat faxriylari respublika pansionati” va “Muruvvat uylari”da yashayotgan yolg‘iz va nogiron keksalarga bepul xizmat ko‘rsatadi.

Inson og‘ir tushkunlikka tushganda unga yaqinlari yoki mehribon begonalarning yordami va qo‘llab-quvvatlashi, ruhiy madadi juda zarur.

– O‘zaro insoniy munosabatlarda va ish jarayonida psixologik muvofiqlik katta ahamiyatga ega. Bu xususida qanday fikrdasiz?

– Har bir kishining albatta o‘ziga yarasha ish yuritish uslubi bo‘ladi. Inson fe’l-atvori turlicha. Shu sababli hayotda ham ishxonada ham murosayu madora qilgan odam yutadi. Avvalo, o‘zini hurmat qilgan odam o‘zgani ham hurmat qiladi. Har bir insonning oilada olgan tarbiyasi, ichki madaniyati, bilim darajasi, mijozi, fe’l-atvori, iqtidori, ya’ni, individual psixologik xususiyatlariga katta e’tibor qaratgan holda rahbar jamoada ishni taqsimlashi maqsadga muvofiqdir.

– Maktablardagi bolalar psixologlari faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Hozirgi paytda psixologik xizmatga bo‘lgan talab mamlakatning barcha hududlarida ortib bormoqda. Mamlakatimizda amaliyotchi-psixolog faoliyati kengaytirilgan. Psixologik xizmat butun ta’lim-tarbiya jarayonini, ya’ni maktabgacha ta’lim davridan to o‘smirlik davrigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Ta’limdagi amaliy psixologiya sohasi maktabgacha ta’lim muassasalari, “Mehribonlik” uylari, litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘z faoliyatini olib bormoqda.

Ammo respublikamiz bo‘yicha maktablarda yetarli darajada psixologlar faoliyati tashkil etilmagan. 1 ming 200–1 ming 500 nafar bola o‘qiydigan o‘rta maktablarga 1 nafar psixolog uchun shtat belgilangan. Shu bilan birga ushbu maktablarda oliy ma’lumotga ega bo‘lgan psixolog mutaxassislardan ko‘ra ko‘proq pedagog o‘qituvchilar (biologiya, matematika, fizika va shu kabi fanlar bo‘yicha) faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bu holat albatta ta’lim jarayonida psixolog mutaxassisga qo‘yiladigan talabga javob bermaydi. Uning faoliyatini bunday yo‘l bilan takomillashtirib ham bo‘lmaydi. Chunki, ta’lim jarayonida psixolog mutaxassisdan juda katta majburiyat talab etiladi va uning faoliyati murakkab hisoblanadi.

Yana o‘qing:  Mastopatiya: bu dardga e’tiborsizlik ko‘krak saratonini keltirib chiqaradi

Bir so‘z bilan aytganda hozirda psixologik xizmatlar nafaqat ta’lim-tarbiya jarayonida, balki fuqarolarning ijtimoiy hayotida ham muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Bu esa biz psixiologlar uchun quvonarli holdir.

– Mazmunli suhbatingiz uchun Sizga tashakkur.

Gulchehra ShIRINOVA suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: