HAR QATIDA GO‘ZALLIK MUJASSAM

Do‘ppido‘zlik xalqimizning milliy va qadimiy hunarlaridan bo‘lib, uning tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Momolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan do‘ppido‘zlik bugungi kunda ham avloddan avlodga o‘tib, yanada sayqal topmoqda. Shahrixon tumanining “Andijonlik” mahallasida yashovchi Mo‘tabarxon Bozorova ham mazkur hunar sirlarini yosh avlodga o‘rgatib kelayotgan usta hunarmandlardan. U biz bilan bo‘lgan suhbatda bolalik chog‘larini yodga oldi:

– Bolaligimiz juda og‘ir o‘tgan. Rahmatli otam atlas to‘qib, sakkiz farzandini halol mehnat bilan boqqan. Onam ham uyda do‘ppi tikib, ro‘zg‘orga yordamlashardi. O‘sha kezlarda biz opa-singillarda do‘ppi tikishga ishtiyoq uyg‘ongan. Ishonsangiz, yetti yoshimdan mustaqil do‘ppi tika boshlaganman. Yillar o‘tgan sayin tajriba va mahoratim ham oshdi. Har bir oilada bo‘lgani kabi bizning xonadonimizda ham qiyinchilik kunlari bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘im bilan ro‘zg‘orni hunarimiz orqali tebratganmiz. Hozir ham kim eshik qoqib kelsa, bajonidil hunarim sir-asrorlarini erinmay o‘rgataman.

Chindan ham Mo‘tabarxon hoji aya va uning singillari E’tiborxon hamda Inobatxon opalar qo‘li gul do‘ppido‘z sifatida tanilgan. Onaxon muborak 75 yoshda bo‘lsa ham hamon do‘ppido‘zlik bilan shug‘ullanadi. Mahallaning hunarmand ayollari uning shogirdlari hisoblanadi. Besh nafar kelini va qizi Barnoxon ham ona kasbini egallagan. Onaxonning aytishicha, u kelinlari bilan bir haftada do‘ppining “Chust”, “Sirg‘a”, “Nihol”, “Loviya” turlaridan 20, 30 dona tikar ekan. Bu do‘ppilar qo‘shni tumanlardan tashqari Navoiy, Samarqand viloyatlarida ham xaridorgir.

– Bu hunarni shu xonadonga kelin bo‘lib tushganimdan keyin o‘rgandim, – deydi ayaning kelini Malohatxon. – Ochig‘i, boshida juda qiynalganman. Chunki, do‘ppido‘zlik insondan eng avvalo sabr-qanoat va nozik didni talab etadi. Yillar o‘tib bunga ko‘nikib ham qoldim. Hozir kuniga o‘zim bemalol bitta do‘ppi tika olaman. Shu hunar orqali hech kimdan kam bo‘lganimiz yo‘q.

Darhaqiqat, Bozorovalar oilasi singari o‘z hunari bilan tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan hamyurtlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularning mashaqqatli mehnatlari, qalb qo‘ri va mehridan yaralgan hamda go‘zal san’at asarlari darajasiga ko‘tarilgan do‘ppilarni ko‘rib, ularga beixtiyor qoyil qolmaslikning iloji yo‘q.

Mirolim ISAJONOV,

Andijon viloyati

Yana o‘qing:  Sog‘lig‘im yaxshilanguncha yengilroq ishga o‘tishim mumkinmi?

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: