AHOLI SALOMATLIGINI SAQLASHDA YAQIN KO‘MAKCHI
Aholi salomatligini asrash, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari ham jonbozlik ko‘rsatayotir. Xususan, shahar va qishloq joylarda istiqomat qilayotgan kishilarning tibbiy madaniyatini yuksaltirish, qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar faoliyati samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar fikrimizning tasdig‘idir.
Ma’lumki, mamlakatimizda ona va bola salomatligini asrash, fertil yoshidagi ayollarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, nuroniy otaxonu onaxonlarimizning sog‘lig‘ini muntazam nazorat qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina, fuqarolarning o‘zi istiqomat qilayotgan hududga yaqin QVP va oilaviy poliklinikalardan ro‘yxatdan o‘tgani, ularning har biri uchun tibbiy qaydnomalar yuritilishi yurtimizda inson omili nechog‘li ulug‘ qadriyat sifatida e’zozlanishining yorqin dalolatidir. Bu islohotlarning izchil davom etishida ovul, qishloq, mahalla fuqarolar yig‘inlarining ham munosib hissasi bor.
Sog‘lom oila – sog‘lom kelajak
– Joriy yilning birinchi choragi davomida respublikamizdagi mavjud fuqarolar yig‘inlarida hamkor tashkilotlar ishtirokida 26 mingdan ortiq uchrashuv, seminar va davra suhbatlari tashkil etildi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi tashkiliy-nazorat bo‘limi boshlig‘i Uchqun Mahmudov. – Qolaversa, mahallalarda aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida fuqarolar yig‘inlari tomonidan hududlardagi mavjud qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar bilan hamkorligimizni samarali yo‘lga qo‘yganmiz. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda qo‘shma qaror ham imzolangan. Qolaversa, fuqarolar yig‘inlarida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari tomonidan hudud aholisi salomatligini ta’minlash yo‘nalishida yilning har choragida qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar va tez tibbiy yordam muassasalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar berib borish an’anaga aylangan.
Darhaqiqat, qator tashkilotlar bilan hamkorlikda mahalla fuqarolar yig‘inlarida aholi tibbiy madaniyatini shakllantirish, sog‘lom bola tug‘ilishi va uni tarbiyalash, erta nikohning oldini olish borasida keng ko‘lamli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, fondning bo‘lim va bo‘linmalari tomonidan odam immuniteti tanqisligi virusini keltirib chiqaradigan kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashish ham samarali kechmoqda. Bu boradagi ishlar viloyatlarda ham keng miqyosda amalga oshirilib, chekka va ekologik jihatdan yashashga noqulay hududlar aholisining salomatligini yanada yaxshilash borasida talaygina ishlar amalga oshirilmoqda.
Hech kim mehr va e’tibordan chetda emas
Mazkur jarayon Sirdaryo viloyatida ham izchil davom etayotir. Joriy yilning 1-choragi davomida tibbiyot ta’limi muassasalari, QVP va OP mutaxassislari ishtirokida 18 marotaba “Fertil yoshidagi ayollar, bolalar va o‘smirlar salomatligini mustahkamlash haftaligi” o‘tkazildi.
– Haftalik doirasida o‘zimiz ham, farzandlarimiz ham chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tdik, – deydi gulistonlik Maryam Abdullayeva. – Xastaliklar aniqlangan kishilarga davolanish uchun yo‘llanmalar berildi. Qolaversa, davra suhbatlarida ishtirok etib, ko‘pgina kasalliklarning kelib chiqishi, uy sharoitida uning oldini olish borasida qimmatli ma’lumotlar oldik. Tibbiy xizmatdan foydalanishning huquqiy asoslari haqida tushunchaga ega bo‘ldik.
Shuningdek, viloyatda keksalarni e’zozlash yili munosabati bilan 1 ming 200 nafarga yaqin Ikkinchi Jahon urushi va mehnat faxriylari malakali mutaxassislar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Tibbiy madaniyat yashashga mas’uliyat demakdir
Ushbu jumla Navoiy viloyati aholisining shioriga aylangan. Bu borada fuqarolar yig‘inlari tomonidan tashkil etilayotgan davra suhbatlari, uchrashuv va seminarlarning o‘rni beqiyos. Xususan, erta turmush qurishning oldini olish, nikohlanuvchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tish zarurati, giyohvandlik, ichkilikbozlikka qarshi bag‘ishlangan tadbirlar shular jumlasidandir.
– Avvalo, kasallikning oldini olish uchun insonning o‘zi kurashishi zarur, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi boshqaruvi raisi Normurod Isoqov. – Bu borada tibbiy savodxonlik asqotadi. Shu maqsadda viloyatimizdagi 10 ta tuman va shaharlar fuqarolar yig‘inlarida ko‘plab tadbirlar tashkil etilyapti. Mutaxassislar aholi salomatligini nazorat qilish bilan bir qatorda ularda aniqlangan xastalikning kelib chiqish omillari, davolash usullari haqida ham tushunchalar berib borishayapti. Joriy yilning birinchi choragida 10 ming nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Qolaversa Navoiy viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ekologik noqulay sharoitda yashovchi aholi, xususan bolalar va ayollar, shuningdek, keksalar tibbiy ko‘rik bilan qamrab olinmoqda.
Bu kabi tadbirlar nafaqat Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida, balki yurtimizning barcha hududlarida izchil amalga oshirilmoqda. Mahalliy televideniyelar bilan hamkorlikda qator ko‘rsatuvlar tashkil etilayotir. Bir so‘z bilan aytganda mamlakatimizdagi har bir fuqarolar yig‘inida aholi salomatligini asrash borasidagi islohotlar o‘z samarasini berib kelayotir.
Bahodir HALIMOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri