ROHATIJON MUZQAYMOQ VA UNING FOYDALI JIHATLARI

Kunning qaynoq taftidan holsizlangan inson favvorralar atrofida, soya-salqin joylardan qo‘nim topishga intiladi. Bu jazirama oftobdan madori qurigan kishiga biroz quvvat baxshida etadi. Shuningdek, yoz chillasida yaxna ichimliklar, ayniqsa, muzqaymoq jonning rohati sanaladi. Zero, muzqaymoq kishi tanasidagi hovurni bosishda, organizmni tetiklantirishga ko‘mak beradi. Biz bugun yoz mavsumidagi barcha uchun sevimli shirinlik bo‘lmish muzqaymoqning tarixi, uning kelib chiqishi haqida emas, aksincha uning foydali jihatlari va kishi salomatligiga ta’siri xususida to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha muzqaymoq nafaqat organizmni isib ketishdan saqlovchi mahsulot, balki tushkunlikdan xalos etuvchi samarali vosita hamdir. Inson tushkunlikka tushgan paytda diyetologlar “antistress” yeguliklarni iste’mol qilishni tavsiya etishadi. Bunday mahsulotlar ro‘yxatining boshida shubhasiz, muzqaymoq turadi. Zero, muzqaymoq stress (ruhiy zo‘riqish)dan xalos etuvchi ajoyib yegulik hisoblanar ekan. Shuning uchun ham ko‘pchilik muzqaymoq yeyishni xush ko‘radi. Muzqaymoqning asosini tashkil etuvchi sut va qaymoq tarkibida foydali va asabni tinchlantiruvchi trankvilizator L-triptofan moddasi mavjud bo‘lib, u asab tizimini tinchlantirish bilan birga, uyqusizlikni yengish va kayfiyatni ko‘tarishda yaxshigina naf beradi. Shuningdek, shokolad ham bu borada foydali hisoblanadi. U miyaga dam berish bilan birga uning faolligini ham oshiradi. Bu tabiiy mahsulotda ko‘pgina foydali ingridiyentlar mavjud.

Rohatijon muzqaymoq tarkibida esa organizmda kechadigan moddalar almashinuvi jarayonlarida muhim bo‘lgan aminokislotalar, yog‘ kislotalari, 20 ga yaqin vitaminlar, ko‘plab mineral tuzlar va muhim fermentlar bor. Shuning uchun u nafaqat kishini tinchlantiradi, balki miyani oziqlantiradi ham. Agarda u tabiiy sutdan tayyorlangan bo‘lsa shifobaxsh xususiyati juda yuqori bo‘ladi. Muzqaymoqning eng foydali jihatlaridan biri – bu organizmimizga sut o‘zining eng foydali komponentlari bilan kirib borishidadir. Muzqaymoq organizmni kaliy, magniy, temir, fosfor va kalsiy bilan ta’minlaydi.

Muzqaymoqni oz-ozdan iste’mol qilib turish nafas yo‘llarini sovuq haroratga o‘rgatib borishga yordam beradi. Buning natijasida esa tomoq og‘rig‘iga qarshi immunitet hosil bo‘ladi. Muzqaymoq yuqori kaloriyali mahsulot bo‘lganligi tufayli u ochlikni bosadigan yaxshi ozuqa hamdir. Uning tarkibidagi shokolad sababli bosh miya quvonch gormoni – endorfinni ko‘p ishlab chiqaradi. Tez-tez burni qonab turadigan bemorlarga ham muzqaymoq yaxshi samara beradi. “Asalning ham ozi shirin”, deganlaridek muzqaymoqni iste’mol qilishda ham bir nechta qarshi ko‘rsatmalar mavjud. Angina (bodomcha bezlari yallig‘lanishi), sut mahsulotlarini hazm qilolmaslik kabi xastalikka chalingan, faringit, ortiqcha vazn, surunkali o‘tkir gastrit muammolarida muzqaymoq iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Tish kariyesida muzqaymoqning salbiy ta’siri yo‘q. Uni iste’mol qilganda og‘iz bo‘shlig‘ini iliq suv bilan chayish kifoya. Muzqaymoq tarkibidagi tez singadigan shakar qonda glyukoza miqdorini oshirib yuboradi. Shuning uchun qandli diabet xastaligiga chalingan bemorlar bundan o‘zlarini tiyganlari ayni muddao. Sog‘lom kishilar muzqaymoqni iste’mol qilishda me’yorni bilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra uni haftada uch marta iste’mol qilish mumkin. Shuningdek, hafta davomida tanovul qilingan 150 gramm muzqaymoqning hech qanday nojo‘ya ta’siri bo‘lmaydi. U kishiga quvonch va quvvat bag‘ishlaydi.

Yana o‘qing:  Revmatizm (bod) xurujida

Muzqaymoqni iste’mol qilishdan avval uning tarkibi (ingridiyenti) hamda qog‘oz o‘ramiga e’tibor berish lozim. Ko‘pgina parhezshunos – diyetologlar qulupnay, limon va boshqa turdagi mevali muzqaymoqlarni ko‘p iste’mol qilmaslikni tavsiya etishmoqda. Zero, uning tarkibida sun’iy qo‘shimchalar va mevali essensiya mavjud. Muzqaymoqni muntazam iste’mol qilish bosh og‘rig‘iga ham sababchi bo‘lishi mumkin. Olimlarning ta’kidlashicha, muzqaymoqni shoshib iste’mol qilish tana haroratini tezda tushiradi. Qon tomirlarni toraytiradi. Natijada miyaga qon kam miqdorda yetib boradi. Bu esa bosh og‘rig‘iga sababchi bo‘ladi.

Muzqaymoq uch yoshdan kichik bolalarga berilmagani ma’qul. Sababi bola organizmi qaymoqli va yog‘li desertni hazm qilishda qiynaladi. Turli allergik ta’sirlardan saqlanish uchun bolalarga qaymoqli muzqaymoq ma’qul. Shifokorlarning tavsiyasiga ko‘ra muzqaymoqni kechki ovqatdan yarim soat oldin yoki tushlikda bergan ma’qul. Qandli diabet bilan og‘rigan, allergik kasallikka chalingan, semizlikka moyil, lor(tomoq, quloq, burun sohasi) xastaliklari bilan og‘rigan bolalarga muzqaymoq yeyish tavsiya etilmaydi. Agar bola tez-tez gripp, O‘RVI(o‘tkir respirator virusli infeksiyalar, xastaliklari va turli a’zolarning yallig‘lanishi bilan og‘risa shifokor bilan maslahatlashgan holda muzqaymoq berish lozim. Zero, shirin, yog‘li va sutli mahsulotlar bakteriyalarning ko‘payishiga zamin yaratadi. Agar bola surunkali sinusit va rinit, bodomcha bezlari yallig‘lanishi kabi xastalikka chalingan bo‘lsa og‘iz bo‘shlig‘ini furatsillin eritmasi bilan chaygan ma’qul. Uzoq safar oldidan ham muzqaymoq bilan bolangizni siylamang. Bu uni behuzur qiladi.

Mahsulot to‘g‘ri shaklda va mustahkam o‘ramda bo‘lishi lozim. Agar uning shakli o‘zgargan bo‘lsa, demak u qayta muzlatishdan o‘tayotgan bo‘ladi. Uning chiroyli rangi va mashhur nomiga qaramasdan mahsulot sotilayotgan shart-sharoitga e’tibor bering. Yaxshisi muzqaymoqni maxsus do‘kon va qahvaxonalardan xarid qilgan ma’qul.

Ma’rifat TOLIPOVA

tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: