Xosiyatsiz nihoya

Bir tasavvur qilib ko‘ring-a, suzishni bilmagan odam cho‘kayotgan odamga yordam bera oladimi? Yoki jon talvasasida tipirchalayotgan “qurbon”ga qo‘shilib o‘zi ham girdobga g‘arq bo‘lishni istaydimi? Yo‘q, albatta. Qachonki har bir inson jismonan sog‘lom va ma’naviyati yuksak bo‘lsa u o‘z oyoqlari ostidagi ona Zaminni yurakdan his eta oladi. Unda sobitqadam turaoladi. Ammo ba’zan bilib-bilmay yoki “mehribon” do‘stu birodarining qutqusiga uchib giyohvandlik balosiga mubtalo bo‘lgan shaxslarni ko‘rgan odamning ko‘z oldiga go‘yo yuqorida tasvirlangan manzara keladi.

Ma’lumki, sog‘lom muhitli oilalarda tarbiya topayotgan farzandlar doimo ota-ona nazorati ostida bo‘ladi. Ularning bo‘sh vaqti bo‘lmaydi. Chunki, bunday oilalarda kattalar o‘z farzandlariga oldilariga maqsad qo‘yib yashashni va vaqtdan unumli foydalanishni o‘rgatishadi. Bekorchi va loqayd hamda dangasa, buning ustiga o‘ziga to‘q xonadonning erkatoylari yoki nosog‘lom oilaviy muhitda tarbiya topayotgan maqsadsiz o‘smirlar narkotik sotuvchilar tuzog‘iga osongina ilinadi.

O‘smirlar juda qiziquvchan bo‘lishadi. Ularni har qanday noma’lum narsalar o‘ziga mehrigiyoday tortadi. Shunday paytda kattalar ularning xatti-harakatlarini nazardan qochirmasdan e’tiborliroq bo‘lishlari zarur. Birorta yomon niyatli “homiy” uni o‘z qaramog‘iga olib, “narkotik moddani bir marta tatib ko‘rsang hech narsa qilmaydi” deb avrash ehtimoli yuqori bo‘ladi. Bo‘sh-bayov, o‘z fikrida mustaqil turolmaydigan yoki oilada alamzada, qaysar bo‘lib voyaga yetayotgan ba’zi o‘smirlar uchun bu muammoning yechimi bo‘lib tuyulishi mumkin. Chunki, u ba’zan ichki kechinmalarini bayon etishga va o‘smirlik davrida organizmida ro‘y berayotgan tabiiy, biologik jarayonlarni anglashga ojizlik qiladi. Shunday paytda qiz bola bilan onasi, o‘g‘il bola bilan otasi sirdosh bo‘lishi zarur. Maktabda esa shifokor, psixolog yoki pedagog o‘smir yigit-qizlar gigiyenasi, ruhiyati va ulardagi jinsiy yetilish jarayonlari hamda bu o‘tish davrining o‘ziga xos xususiyatlari haqida ular bilan alohida-alohida suhbat uyushtirishlari kerak. Shuningdek, ular o‘quvchilarni ushbu mavzuga oid tibbiy risola va broshyuralar bilan tanishtirishlari shart. Shundagina o‘spirinlar kattalar o‘zlaridan ortib ularning ham muammolari bilan qiziqishayotganliklariga ishonishadi. Aks holda yoshlar o‘zlari kabi tajribasiz tengdoshlari yoki yomon tajribaga ega yoshi kattalarga ergashishlari mumkin. Undan ham battari har daqiqada turli mavzudagi axborot xurujlariga to‘la “o‘rgimchak uyasi” bo‘lmish internet tarmog‘idagi ularning tarbiyasiga salbiy ta’sir etuvchi pornografik, buzg‘unchi g‘oyali saytlarga murojaat etishlari ehtimoli yuqori. Nima yaxshi-yu, nima yomonligini kattalar o‘z farzandlariga tushuntirmas ekanlar ular ma’lumotni ko‘chadan olishga intiladi.

Yana o‘qing:  PNEVMOKOKK INFEKSIYASI HAQIDA OGOHLIK

Ota-onalar o‘z farzandlarining kimlar davrasida hamsuhbat bo‘lib, kimlar bilan do‘st tutinayotganidan ogoh bo‘lishlari zarur. Zero “Qovun qovundan rang oladi” degan xalq maqoli bejizga aytilmagan.

Amerikaning Vashington shtatidagi universitet mutaxassislari tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra zahri qotil – giyohvand moddalarni iste’mol qiluvchi ota-onalardan turli tug‘ma nuqsonli (yurakning tug‘ma nuqsoni, epilepsiya (tutqanoq) aqli zaif, turli darajadagi jismoniy va ruhiy rivojlanishdan orqada qolgan nogiron go‘daklar tug‘ilishi kuzatilgan.

Islom dinida ham har qanday mast qiluvchi narsalar harom qilingani haqida so‘z yuritiladi. Hatto, buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur bobomizning sog‘lom nasl haqida qayg‘urib, shahzodalarga mast holatda o‘z jufti halollari xobgohiga kirishni man etganligi ham oila qurayotgan yoshlar uchun katta ibrat maktabidir.

Yana mavzuga qaytgan holda Respublika Narkologiya Markazi oliy toifali shifokori Ravshan Valiyevdan giyohvand shaxsning xulq-atvori xususida quyidagi ma’lumotni oldik:

1. Bemor kayfiyati va xarakterining vaziyatga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘zgarib turishi. 2. Ongu shuurining karaxtligi. 3. Yolg‘iz qolishni xohlash va qorong‘ulikka intilish. 4. O‘qish va ishga qiziqmaslik. 5. Tez-tez do‘stlar davrasini o‘zgartirib turishi. 6. Yangi tanishlari bilan ko‘cha tilida gaplashish. 7. Yoki o‘zi o‘ylab topgan turli “kod”li so‘zlarni qo‘llash. 8. Doimo yolg‘on gapirish. 9. Uydan pul o‘g‘irlash yoki atrofdagilardan turli bahonalar bilan pul so‘rash. 10. Suhbat mavzusidan ortda qolish. 11. So‘zlarni cho‘zib, uziq-yuluq gapirish. 12. Hayotga bo‘lgan jamiki qiziqish va istaklarning so‘nishi. 13. Besabab jahldorlik, asabiylashish va sabrsizlik. 14. Uyquning buzilishi.

Giyohvand modda iste’mol qilgan paytdagi “kayf” holatida bunday kimsalar keragidan ortiq faol bo‘lib qolishadi. Ularning kayfiyati besabab o‘zgarib turadi. So‘zamol yoki indamas qiyofaga kirishadi. Xuddi mast odamday o‘zini boshqarolmay qoladi. Ko‘z qorachiqlari torayib yoki aksincha kengayib ketadi. Tajovuzkor bo‘lishadi. Ko‘p shirinlik iste’mol qilishni istab qolishadi.

Giyohvandlik o‘z rivojlanishida uch bosqichni bosib o‘tadi. Narkotik moddaga ruhiy moyilik paydo bo‘lishi organizmning himoya jarayonlarining yo‘qolishi, giyohvand moddalarga chidamlilikning oshishi va ularning fizioligik ta’siri saqlangan holda muntazam qabul qilinishi bilan ifodalanadi. Narkotik moddaga jismoniy moyillik paydo bo‘lishi, giyohvand moddaga yengib bo‘lmas darajada qaram bo‘lish, unga chidamlilikning yuqori darajaga yetishi(giyohvand modda organizmga zaharli ta’sir etgani bois dastlab uni iste’mol etgan shaxsda ko‘ngil aynishi, qusish, bosh aylanish kabi organizmning himoya reaksiyasi kuzatiladi) shaxsning fe’l-atvorida salbiy tomonga o‘zgarish yaqqol ko‘zga tashlanadi. Keyinchalik giyohvand moddaga chidamlilik pasayib, bu moddaning ta’siri giyohvand shaxsni tetiklantiruvchi darajada ushlab turishi mumkin. Shuningdek, ashaddiy giyohvand bemorlarda giyohvand moddalarsiz yashay olmaslik xususiyati paydo bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Prostatit: muammo, tashxis va muolaja

Abstinent sindromi(“xumor qilish sindromi”) og‘irlashib, cho‘zilib borishi, ruhiy, somatik(ichki) a’zolar kasalliklarning ortib borishi, og‘ir ijtimoiy oqibatlarning kelib chiqishi bilan ifodalanadi.

Bosh miyada endorfin moddasi ishlab chiqariladi. Bu modda ruhiy zo‘riqish(stress)larda, turli shikastlanishlarda paydo bo‘ladigan kuchli og‘riqlardan bosh miyani tabiiy himoya qiladi. Endorfin moddasi insonning ish qobiliyatini kuchaytiradi, kayfiyatni ko‘taradi. Organizmga ijobiy kuch-quvvat baxsh etadi. Narkotik modda iste’mol qiluvchi shaxslarda endorfin moddasi ishlab chiqarilishi to‘xtaydi. Bu holga sabab tashqaridan og‘riqsizlantiruvchi giyohvand modda kirganligi uchun bosh miya tabiiy og‘riqsizlantiruvchi, orombaxsh moddani ishlab chiqarmaydi. Organizmga kirayotgan narkotik vositalar moddalar almashinuvida ishtirok etganligi sababli tananing har bir hujayrasiga kirib boradi. Ushbu jarayon tufayli organizm bora-bora giyohvand moddaga moslashadi.

Bemorning tashqi ko‘rinishi

Giyohvand moddani iste’mol qiluvchi shaxslar yengi uzun ko‘ylak kiyishga harakat qilishadi. Chunki, ular qo‘l tomirlaridagi ukol(emdori) izlarini birov ko‘rishini istamaydi. Ular oyoq tomirlariga ham ukol qilishlari mumkin. Bunday notavon kimsalar ko‘proq egilib yurishga moyil bo‘ladi. Bemorning sochlari quruq bo‘lib, so‘zlari poyintar-soyintar bo‘ladi. Ko‘zlari odamga ma’nosiz boqadi. Harakatlari beo‘xshov bo‘lib, ular sekin qimillashadi. Teri rangi kulrang, sariq tusli, nosog‘lom ko‘rinishda bo‘ladi. Og‘u sababli organizmdan peshob bilan ko‘p miqdorda kalsiy moddasi chiqib ketadi. Bu ham suyaklar mo‘rtligiga sabab bo‘ladi. Natijada suyaklar tez sinishga moyil bo‘ladi. “Tajribali” bemorlarning fikricha go‘yoki xumor holati tish og‘rig‘iga o‘xshaydi. Ammo ushbu og‘riq tananing har bir hujayrasida sanchiq kabi turadi. Go‘yoki suyaklar sinib, paylar mayishib, yirtilayotganday ularda taassurot uyg‘otadi. Qo‘l va oyoqlar esa joyidan uzilib ketayotganday bo‘ladi. Karovatda yotgan bemor og‘riq zo‘ridan go‘yo shiftga uchguday bo‘ladi. Bir lahzalik “kayf”ni deb va “bir tatib ko‘rishda hech narsa qilmaydi” deya og‘ufurishlar so‘ziga uchgan bemorlarni endi tubsiz choh kutadi.

Aziz yurtdoshlar!

Ogoh bo‘ling va farzandlaringizni yomonlar ta’siridan asrab-avaylang.

Mabodo kimdir bilib-bilmay shu qabih yo‘lga qadam bossa va pushaymon bo‘lib davolanishni istasa faqat shifokor-narkolog, psixoterapevt uni og‘u changalidan ozod etishi mumkin.

Maqolamiz avvalida behudaga cho‘kayotgan odamni misol keltirmadik. Chunki, ma’joziy ma’noda hayot-bu ulkan ummon. Unda sog‘lom fikrli insonlar, pok niyatli odamlar quchog‘ini keng yoyib, ulkan ezgu maqsadlar sari suzib keta oladi. Ularni girdob ham o‘z domiga tortib ketolmaydi. Nosog‘lom inson esa o‘zi tubsiz ummonga g‘arq bo‘lgani yetmaganday, ko‘ngili bo‘sh “suzishni bilmagan”larni ham o‘zi bilan birga “suv o‘rama”si – girdobga tortib ketadi.

Yana o‘qing:  Ana, “olabo‘ji” kelyapti yoxud bolalar nega qo‘rqadi?

Gulchehra ShIRINOVA

SHU O‘RINDA

Shifokorlarning fikriga ko‘ra miya hujayralari umumiy tana og‘irligining 2, 5 foizini tashkil etadi. Ammo oyoq va qo‘llarga nisbatan bosh miya 16 barobar qon bilan jadal ta’minlanar ekan. Shu sababli xoh u spirtli ichimlik bo‘lsin, xoh u giyohvand moddalar bo‘lsin miyaga tezroq yetib borib, u yerda qo‘proq konsentratsiya (zich)lanishi kuzatilgan.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: