Hunarmand bola oydin kelajakka zamin yaratmoqda

Sog‘lom avlodni tarbiyalash – buyuk davlat poydevorini, farovon hayot asosini qurish deganidir.

Islom KARIMOV

Yaqinda bo‘lib o‘tgan yosh rassomlar ko‘rgazmasida bir surat e’tiborimni tortdi. Yashil adirlar bag‘rida yugurayotgan otlar uyurini tomosha qilganmisiz? Go‘yoki qanot yozib uchayotgandek tuyuladi. Bu ajoyib manzara qalbga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Ular chizgan suratlarni ko‘ring-a, barchasida nozik did, nafosat ufurib turibdi. Sakkiz yoshli bolakay chizgan surat boshqalarga ham juda manzur bo‘ldi. U ranglarni uyg‘un holda ishlashni Shayxontohur tumani “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazidagi ustozlaridan o‘rgangan. Bu muassasada olti yoshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan yoshlar turli xil to‘garaklarda kasb-hunar o‘rganish bilan mashg‘ul.

O‘quvchilarning yozgi ta’til kunlarini maroqli o‘tkazish maqsadida yurtimizning deyarli barcha hududlarida “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazlari tashkil etilgan. Shayxontohur tumanidagi muassasa 2011 yilda tashkil etilgan bo‘lib, boshlanishida yigirmaga yaqin to‘garak yo‘lga qo‘yilgan va olti yuzga yaqin bola jalb etilgan. Hozirgi kunga kelib to‘garaklar soni o‘ttiztaga yetdi, qatnashuvchilar esa to‘qqiz yuzdan ortiq. Bolalar yil davomida yurtimizda o‘tkaziladigan deyarli barcha tadbirlarda faol ishtirok etadi.

Markazdagi ijod namunalarini tomosha qilish jarayonida sopol idish va teriga ishlangan miniatyuralarni ko‘rib hayratimiz yanada ortdi. Jajji qo‘llar yaratgan san’at azaliy qadriyatlarning bardavomligini ko‘rsatadi.

– Bolalarning bilim olishdan tashqari kasb-hunar o‘rganishlari uchun markazimizda “Mohir qo‘llar”, “Dizayn”, “Rassomchilik”, “Miniatyura”, “Tikuvchilik va to‘qish”, “Raqs” va yana shu kabi ko‘plab to‘garaklar yo‘lga qo‘yilgan, – deydi uslubchi Barno Xojimurodova. – Ularning ijodiy qobiliyatini yuzaga chiqarish uchun markazimiz uzluksiz faoliyat ko‘rsatadi. To‘garaklarimiz a’zolarining safi kun sayin kengaymoqda.

Darhaqiqat, bolalar iqtidorini rivojlantirish maqsadida olib borilayotgan sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Ijodiy ishlarni tomosha qilish jarayonida munchoqlardan yasalgan daraxt e’tiborimizni tortdi. Darvoqe, bu yerda biserlik to‘garagi ham bor.

Ijodiy ustaxona ostonasidan ichkari hatlarkanmiz rang-barang bo‘stonga kirgandek bo‘ldik. Turfa gullar, eshik va derazalar uchun munchoq pardalar, o‘yinchoq hayvonlar barchasi biserdan yasalgan.

– O‘quvchilar iste’dodli, – deydi to‘garak rahbari Diyora Jo‘rayeva. – Markaz tashkil etilgandan buyon qizlarimiz ko‘plab tanlovlarda yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Bilasizmi, munchoqlar bilan ishlash bolaning ruhiyatiga ijobiy ta’sir etadi. Bu borada bolalar shifokorlari ham jizzakiroq, asab tizimi qo‘zg‘aluvchan bolalarni aynan biser bilan ishlash to‘garaklariga yuboradi. Har bir munchoqni barmoqlar bilan ushlab tikish ularning asab tizimini tinchlantiradi. Bundan tashqari ko‘rish qobiliyati sustroq bolalar uchun ham to‘q rangli munchoqlar bilan ishlash foydali.

Yana o‘qing:  MUSTAQILLIK TUHFA ETGAN SAODAT

Ha, mayda munchoqlarda shundayin xususiyatlar borligini kim o‘ylabdi deysiz. Demak, bolalarga kasb-hunar o‘rgatish bilan bir qatorda ularning salomatligi ham mustahkamlashib borarkan. “Barkamol avlod” markazlarining faoliyatini har tomonlama tahsinga sazovor desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

– Ikki yildan buyon “Tikuvchilik va to‘qish” to‘garagiga qatnayman, – deydi Shodiya Sa’dullayeva. – Rangli iplardan mavsumiy kiyimlar to‘qiyman. Hattoki, oila a’zolarimga ham turli liboslar to‘qib berishga harakat qilaman. Kelajakda mashhur tikuvchi bo‘lmoqchiman. Buning uchun menda barcha imkoniyatlar mavjud. Orzuimga yetishish yo‘lida ustozlarim berayotgan saboqlarni qunt bilan o‘zlashtirmoqdaman. Kelajakda milliy qadriyatlarimiz aks etgan o‘z kolleksiyamni yaratib, yurtimiz madaniyatini dunyoga yoyishda o‘z hissamni qo‘shishga harakat qilaman.

Qalbi ona Vatanga mehr bilan limmo-lim yoshlarni ko‘rib mamlakatimiz kelajagi istiqbolli ekaniga yana bir bor amin bo‘lamiz. Markazdagi bolalar bilan suhbatlashganimizda, ularning gap so‘zlaridan baxtli kunlardan mamnunlik hissini tuydik. Ayniqsa, kam ta’minlangan oila farzandlariga bepul hunar o‘rgatilishi faoliyat tizimining samaradorligini yanada oshirmoqda.

Dildora QARSHIBOYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: