DONORLIK – BEG‘ARAZ HAYOTBAXSH KUCH
Uning inson hayotidagi ahamiyati
Qon va uning tarkibiy qismlari bemor hayotini saqlab qolishda muhim vositadir. Qon, uning komponentlari va pereparatlari (plazma, eritrotsitlar, trombotsitlar, albumin va immunoglobulinlar) inson hayoti xavf ostida qolganda quyiladi. Bir qator qon tizimi kasalliklarida (og‘ir darajali kamqonliklarda, leykoz-xalq tilida “oqqon” deb yuritiladi, qon ivish tizimi buzilgan kasalliklarda, bularga gemofiliya kasalligi, koagulopatiyalar), saraton kasalliklari, patologiyali og‘ir kechadigan tug‘ruqlar, operatsiyalar, og‘ir darajali kuyishlar va turli xil favquloddagi holatlarda kuzatiladi.
Ushbu holatlarda bemorga zudlik bilan qon quyish zarur. Zero, inson hayotini asrab qolishdan ham muhim va beg‘araz hamda ma’suliyatli vazifa bormi?! Kerakli miqdordagi qonni doimo va har yerda bo‘lishini ta’minlash uchun sog‘lom insonlarni doimiy, beg‘araz qon donorligiga jalb qilish lozim.
Transfuziologiyaning birinchi bosqichida (qadim zamondan boshlab to 1901 yilgacha) qon quyish mumkinligi isbotlandi. Uning ikkinchi bosqichi immunogematologiya rivojlanishi bilan bog‘liq. 1901 yil avstriyalik vrach Karl Lanshteyner odamlarning qoni eritrotsitlardagi agglyutinogen, plazmadagi agglyutininlarga qarab bir-biridan farq qilishini aniqladi va I, II, III qon guruhlarini kashf etdi. U birinchi bo‘lib bir xil qon guruhiga mansub bo‘lgan insonlar orasidagi qon quyishlar eritrotsitlarni parchalanishiga olib kelmaydi, balki shok, sarg‘ayish, gemoglobinuriya va boshqa qon quyishdan keyingi asoratlar faqat boshqa qon guruhiga mansub insonlar orasida qon quyilganda kuzatilishini isbotladi va bu kashfiyoti uchun u 1930 yili Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. 1902 yil Dekastello va Sturli IV qon guruhini aniqlashdi. 1940 yil A. Viner yangi antigen tizimi – rezus omilni aniqladi. 1915 yildan boshlab qon quyishda uning ivib qolishini oldini olish uchun sitrat natriy qo‘shish boshlandi.
O‘zbekistonda esa 1930 yilda O‘rta Osiyo universiteti tibbiyot fakultetining jarrohlik klinikasida qon quyish xonasi tashkil qilindi. 1933 yil ushbu xona markaziy qon quyish stansiyasiga aylantirildi. 1940 yil Qon quyish instituti tashkil qilindi. Keyinchalik bu muassasa Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutiga aylantirildi.
Qon xizmatini, albatta, donorlarsiz tassavvur qilish mumkin emas. Bugungi kunda yurtimizda donorlikni, jumladan, beg‘araz donorlikni rivojlantirish borasida ko‘pgina ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2008 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida beg‘araz donorlikni rivojlantirish Dasturi” asosida Toshkent shahar va viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlari talabalari orasida donorlik targ‘ib qilinmoqda. Aynan yoshlar orasida bu ishni olib borishdan maqsad, ularni insonparvarlik g‘oyalari asosida tarbiyalashdir. Ular mamlakatning umumiy aholisining 60 foizini tashkil qiladi va eng sog‘lom kishilar hisoblanadi. Donorlik jamiyatimizning har bir sog‘lom a’zosi uchun mas’uliyatli va insoniy burch bo‘lib qolishi uchun uni keng targ‘ib qilish zarur. Tibbiyot xodimlari bilan birgalikda aholi orasida targ‘ibot ishlarini amalga oshirishda barcha jamoat, nodavlat, xayriya tashkilotlari, turli fondlar ishtirok etishlari kerak. Keng jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlash va uning xayriya tadbirlarida ishtiroki, qon donorligi insonlar hayotini saqlab qolishini, xavfsiz qon va uning mahsulotlarini ta’minlovchi qon xizmati esa sog‘liqni saqlashning muhim qismi ekanligini ta’kidlaydi.
Ma’lumki, qon donori – o‘z qoni va uning tarkibiy qismlarini tibbiyot ehtiyojlar uchun taqdim etadigan jismoniy shaxsdir. Qon donorligining asosiy tamoyili – o‘z xohishi bilan beg‘araz qon berish. Donorlar 18 dan 60 yoshgacha bo‘lgan sog‘lom insonlar bo‘lib, ular qon markazlarida to‘rt bosqichli tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, shifokor tavsiyasiga binoan, donorlik qilishi mumkin. Sog‘lom kishi uchun qon topshirish albatta, xavfsiz hisoblanadi. Chunki, odam organizmida 4,5,-5 litr qon bo‘lib, undan 400 ml olinadi va organizm 36 soat ichida yo‘qotilgan ushbu suyuqligining o‘rnini tiklab olish xususiyatiga ega.
14 iyun – xalqaro donorlar kuni beg‘araz qon donorligini nishonlaydigan o‘ziga xos kundir. Ushbu kunda butun insoniyat eng qimmatbaho ne’mat bo‘lgan qonni beg‘araz ravishda hayoti qil ustida turgan minglab bemorlarni saqlab qolish maqsadida topshiradigan kishilar oldida bosh egadi.
2015 yilgi Xalqaro donorlar kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan “Hayotimni saqlab qolganligingiz uchun Sizdan minnatdorman” shiori ostida o‘tkazildi. Bu jahonda millionlab bemorlarninng hayotini saqlab qolayotgan donorlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yana bir ifodasidir.
Muxarram PO‘LATOVA,
Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti
Qon quyish stansiyasi donorlar bo‘limi boshlig‘i