FARMATSEVTIKA: Milliy mahsulot hajmi oshmoqda
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni tomonidan farmatsevtika sanoatiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani sohadagi yutuq va kamchiliklar, farmatsevtika sanoatining bugungi holati va istiqbollari, dori-darmon ishlab chiqarishni rivojlantirish, sohaga investitsiya loyihalarini jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha fikr yuritildi.
Bugungi kunda mamlakatimiz farmatsevtika sanoatida bir yuz o‘ttizga yaqin korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan to‘qsonga yaqini “O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni tizimidagi korxonalardir.
Investitsiya dasturlari doirasida farmatsevtika sanoatiga ham xorijiy sarmoyalarni keng jalb etish, ishlab chiqarish jarayonini modernizatsiyalash, aholining sifatli dori-darmonga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir.
Anjumanda ta’kidlab o‘tilishicha, hozirgi vaqtda suyuq shakldagi dori vositalari hamda bog‘lovchi materiallarga bo‘lgan ichki bozor ehtiyoji mahalliy ishlab chiqarish korxonalari tomonidan to‘liq qondirilmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetkazilgan hapdori, in’yeksion va infuzion eritmalar, surmalar, antibiotiklar, immunobiologik preparatlari ichki bozor ehtiyojini 20 foizdan 40 foizgacha qondirmoqda. Bu esa mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining faoliyati mustahkam qonuniy tizimga solinganidan, tadbirkor va ishbilarmonlar uchun imkoniyatlar kengaytirilganidan dalolat beradi.
– 2014 yilda “O‘zfarmsanoat” DAK tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan 543,8 mlrd. so‘mlik farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarildi. Ularning 425,4 mlrd. so‘mligini dori vositalari va 118,4 mlrd. so‘mligini tibbiy yordam uchun mo‘ljallangan buyum va mahsulotlar tashkil etadi, – deydi “O‘zfarmsanoat” DAK boshqaruvi rahbari Jamoliddin Najmiddinov.
Yurtimizda farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, yangi dori turlarini o‘zlashtirish va ishlab chiqarishni kengaytirish uchun barcha sharoit mavjud. Bu imkoniyatdan oqilona foydalanib, farmatsevtika sanoatiga investitsiya loyihalarini keng jalb etish, tibbiyotning turli sohalarida qo‘llaniladigan shifo vositalari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan qo‘shma korxonalar barpo etish yuzasidan hamkorlik loyihalari kengaytirilmoqda.
Mutasaddilarning ma’lumotiga qaraganda “O‘zfarmsanoat” DAK tarkibiga kiruvchi korxonalarning dori mahsuloti 9 ta mamlakatga eksport qilinmoqda. Bu davlatlarda 302 nomdagi preparatimiz ro‘yxatga olingan. Joriy yilda investitsiya jalb qilish yo‘nalishida umumiy qiymati 222,52 mln. AQSH dollariga teng 48 ta loyiha amalga oshirilib, ulardan 23 tasini shu yilda yakunlash belgilangan.
Yurak qon-tomir kasalliklarini davolash uchun qiymati 4 mln. AQSH dollari miqdorida bo‘lgan “Mildronat” farmatsevtika substansiyasi asosida kapsula va ampula dori vositalarni ishlab chiqarishni tashkil etish, qiymati 3,2 mln. AQSH dollarli xapdori, maz va suppozitoriylarni ishlab chiqarishni ko‘zda tutgan.
Ma’lumki, bu sohani rivojlantirishda ham malakali kadrlarga alohida e’tibor qaratmoq lozim. Anjumanda ta’kidlanishicha, sohada malakali kadrlar, shu jumladan, ilmiy kadrlar tarkibi bilan ta’minlangan bo‘lib, yuqori investitsiya potensialiga ega. Kimyo-texnolog, biotexnolog, muhandis, formatsevtlar kabi mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda.
Respublikamizda ishlab chiqariladigan dori vositalarini klinik tadqiqotlardan o‘tkazuvchi yetarli baza mavjud bo‘lib, yangi dori vositalari hamda faol ta’sir qiluvchi moddalarni yaratish sohasida izlanishlar olib borishga mo‘ljallangan 15 ta ilmiy tadqiqot institutlari va markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan so‘nggi yilning o‘zida 40 tadan yangi original preparatlar yaratilganligi va ishlab chiqarishga joriy etilgani ham bugungi kunda o‘zbekistonlik formatsevtlarning dunyo formatsevtika sohasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotganidan darak beradi.
M.TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri