Yoz: suzish havzalari sizni chorlamoqda

Biz esa hushyorlikka chorlaymiz

Quyosh zamin uzra nur sochgani sari yozning qaynoq tafti o‘z hukmini o‘tkaza boshladi. Bunday paytda dam olish uchun eng ma’qul joy shubhasiz suv bo‘ylaridir. Hozirda suzish havzalari gavjum. Ayniqsa, ta’tilni yozgi oromgohlarda o‘tkazayotgan bolajonlar sun’iy havzalarda maza qilib cho‘milishmoqda. Yoz faslining zavqi ham shunda emasmi?!

Maroqli hordiq yaxshi-yu ammo ba’zi narsalarni ham unutmaslik lozim. Masalan suv havzasiga kelib uning tozaligi qay darajada ekaniga e’tibor berganmisiz? Yon-atrofdagi nazoratchidan suvning qancha muddatda yangilanishi haqida so‘rab ko‘rganmisiz? Axir, salomatlik tuman boylik, deydi donolar.

Qaysidir kuni televideniyeda bolalar salomatligi bo‘yicha ko‘rsatuv namoyish etildi. Unda to‘qqiz yoshli bola suv havzasida cho‘milishi natijasida organizmi gelmint kasalligini yuqtirib olgani haqida so‘z bordi. Bundan ko‘rinib turibdiki tiniq bo‘lib ko‘ringan suvda ham ba’zan ko‘z ilg‘amas xavf mavjud.

– Suv havzalarida cho‘milishning ham qonun-qoidasi bor, – deydi Shayxontohur tumani Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazining kommunal gigiyena bo‘limi mudirasi Tursunoy Boymurodova. – Mamlakatimizdagi barcha suv havzalari tozaligi DSENM tomonidan nazoratga olingan. Har oy ulardagi suvning tarkibi o‘rganiladi. Joylardagi suniy suv xavzalarining nazoratchilari kelganlarning salomatligi haqidagi ma’lumotnomasiz cho‘milishga ruxsat bermaydi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tganlik to‘g‘risidagi ruxsatnoma uch kungacha o‘z kuchida qoladi.

Shuni ham unutmangki, har kuni emas kunora suzishga borgan yaxshi. Basseynga tushganingizda ahamiyat bering uning kafellari sirpanchiq bo‘lmasligi lozim. Agar shunday holat kuzatilsa suv eskirgan hisoblanadi. Tabiiyki, oqmaydigan suv turli xil mikroblarning rivojlanishiga qulay muhit sanaladi.. Shu bois suv uch kunda almashtirilishi lozim.

Albatta, suv tarkibida shifobaxsh minerallar mavjud. Sihatgohlarda ham suvdan davo vositasi sifatida foydalaniladi. Biroq, mutaxassislarning fikricha e’tiborsizlik oqibatida minerallardagi xususiyatlar o‘zgarishi mumkin. Shu o‘rinda yana bir narsani eslatib o‘tamiz, bolangizni aslo kattalar uchun mo‘ljallangan havzalarda cho‘milishiga ruxsat bermang. Kattalarda uchraydigan teri kasalliklari yosh organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sabab bolalar uchun maxsus basseynlarga olib boring.

Suvning haroratiga ham ahamiyat qarating. U 22-25 darajadan oshmasligi lozim. Undan sovuqroq suvda cho‘milish tomirlarning tortishib qolishiga olib kelishi mumkin. Suv havzasiga kelganingizda termometrni ko‘rib, havo namligini ham aniqlab olish zarar qilmaydi. Suv va havo namligi tavsiya etilganidek bo‘lsagina suzishga sho‘ng‘isangiz bo‘ladi.

Yana o‘qing:  ShIRINSO‘ZLIK OILAVIY MUNOSABATLARNI MUSTAHKAMLAYDI

Dildora QARSHIBOYEVA,

Sog‘lom avlod” muxbiri

SHU O‘RINDA

Ovqatlanib qorin to‘q holda cho‘milmang. Suzish uchun mo‘ljallangan ko‘zoynaklardan foydalaning, sababi suvdagi mayda zarralar ko‘z pardasini shikastlashi mumkin.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: