VATANGA MUNOSIB G‘ALABA
Siz afsonaviy Kamelotni bunyod qilgan, o‘sha mashxur afsungar Merlinning do‘sti bo‘lgan adolatli qirol Arturni yaxshi bilasiz. Men ham uni go‘zal bir rivoyat qahramoni sifatida bilardim. Faqatgina afsona qahramoni. Ya’ni, o‘ylab topilgan, hayotda mavjud bo‘lmagan to‘qima sifatida… Angliya afsonasi, to‘qima obrazi sifatida…. ammo kecha tunda nafaqat men balki butun dunyo, shu jumladan inglizlar ham qirol Arturning aslida xayotda mavjud ekani va uning O‘ZBEK ekaniga guvoh bo‘lishdi. O‘zbekning o‘z yo‘lida TOYMAS o‘g‘loni Artur Taymazov yana bir bora Olimpiada chempioni bo‘ldi. Aynan u bu safar ham oltinning ta’mi qanday ekanini barchamizga eslatdi. Tom ma’noda afsonaga aylandi Artur. Zero, to‘rt bora Olimpiada finaliga chiqish va undan uchtasida ketma-ket g‘alaba qozonish har bir sportchining orzusi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yosh sportchilar uchun esa bu mo‘jizadek tuyuladi.
Artur Taymazov yana bir bora Olimpiada chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘lib o‘zining afsonaviy sportchi ekanini isbotladi. Medallar shodasi bizga tobora qo‘l yetmas orzu bo‘lib borayotgan bir paytda Artur uni haqiqatga aylantirdi. Ko‘ksimizni tog‘, dimog‘imizni chog‘ qila bildi.
Shu kuni o‘zbekistonlik Artur haqidagi afsona butun Angliyani mahv etdi. Arturning o‘zi esa yana bir bor Olimp cho‘qqisini zabt etdi.
Dastlab chorak finalga chiqish uchun germaniyalik Nik Matyuxin bilan kuch sinashgan Artur uni katta ustunlik bilan, aniqrog‘i 4:0 hisobida mag‘lub etdi. Shundan so‘ng sportchimizning chorak finaldagi raqibi eronlik Komil Gashemi bo‘ldi. Osiyo chempionati kumush medal sohibi bo‘lgan Gashemi ham Arturga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Polvonimiz uni ham ikki raundda yengib yarim final yo‘llanmasini hal qildi. Yarim finalda sportchimiz AQSHlik taniqli kurashchi Panamerika chempioni va jahon kubogi sohibi Tervel Dlagnev bilan uchrashdi. U bilan jangda Artur sof g‘alabaga erishdi va bu bilan Olimpiada o‘yinlarining finaliga chiqdi.
Hal qiluvchi bahsda jahon chempionati sovrindori gruziyalik David Modzamanashvili bilan kuch sinashgan hamyurtimiz raqibini mag‘lubiyatga uchratdi va London Olimpiadasining oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
Prezidentimiz tomonidan Vatanimizning yuksak mukofotlari – “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi”, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvonlari va “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangani bejizga emasligini Artur Taymazov yana bir bor isbotladi.
Bellashuvlar oldidan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 21 yilligiga Olimpiya o‘yinlari oltin medalini tuhfa qilishni niyat qilgan Vatan o‘g‘loni xalqimiz ishonchini oqladi.
Final bahsini tomosha qilar ekanman Rossiya, Polsha va yana boshqa ko‘plab davlatlar muxlislarining aynan Arturga muxlislik qilayotganini ko‘rib ochig‘i o‘zbekligimdan yana bir bora faxrlanib ketdim. Barchaning mehrini qozona olgan Arturga chempionlik uchun katta rahmatlar aytamiz. Zero, bu safar faqat ugina terma jamoamiz xazinasi oltin bilan boyishini ta’minladi.
Mamlakatimizda sportga berilayotgan e’tiborning samarasini Artur Taymazov misolida yana bir bor guvohi bo‘ldik. Prezidentimiz tomonidan sportga berilayotgan yuksak e’tibor o‘zining ijobiy natijasini berib kelmoqda. Zero, 2009 yil 5 yanvarda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi sportchilarining XXX yozgi Olimpiada va XIV Paralimpiada o‘yinlarida ishtirok etishga tayyorgarligi to‘g‘risida”gi Qarorining samarasi bugun Artur Taymazovning uch karra Olimpiada chempioni degan unvonga sazovor bo‘lganida yaqqol ko‘rinmoqda. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov farmoniga binoan Artur Taymazovning “EL-YURT HURMATI” ordeni bilan taqdirlanganligi ham bizda sportga va sportchilarga Yurtboshimiz tomonidan naqadar yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganining yorqin namunasidir.
Bugun mamlakatimiz OAVning asosiy nigohi Arturga qaratilgan. Bu hali boshlanishi, hali dunyoni lol qoldiradigan sportchilarimiz ko‘plab yetishib chiqadi. Ana shunda biz jurnalistlar ham ularning qaysi birlari haqida maqola yozishni bilmay shoshib qolamiz. Albatta, shunday bo‘ladi. Sportga, inson qadr-qimmatiga bunchalar yuksak e’tibor beriladigan Vatanda bunday bo‘lmasligi mumkin ham emas. Zero, bu muqaddas Vatanda – azizdir inson.
Tarixdan ma’lumki bobokalonimiz Jaloliddin Manguberdining ko‘rsatgan jasoratidan ta’sirlangan Chingizxon hamma o‘g‘limni birgina shu yigitga almashardim degan. Biz raqiblarini ham qoyil qoldirgan mardlar avlodimiz, shunday ekan biz albatta ularga loyiq bo‘lamiz. Artur Taymazov buni yana bir bora isbotladi. Uning qozongan g‘alabasidan so‘ng nafaqat biz balki butun dunyo “O‘g‘ling bo‘lsa shunday bo‘lsada. Yashavor, polvon!” degan bo‘lishi shubhasiz. Endi Artur afsonasi anchagacha dunyo kezadi.
U to‘g‘risida yana yangi-yangi afsonalar to‘qishadi…
Farhod TOLIPOV