ESHKAKCHILARIMIZ MUVAFFAQQIYATI
Daniya poytaxti Kopengagen shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan jahon kubogining uchinchi bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchtadan oltin va kumush, ikkita bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Nufuzli musobaqaning 500 metrga kanoeda eshkak eshish bo‘yicha juftliklar bahsida hamyurtlarimiz – ikki karra jahon chempioni Vadim Menkov va tajribali sportchimiz Serik Mirbekov marraga birinchi yetib kelib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. V.Menkov va S.Mirbekov 1000 metr masofaga eshkak eshish bo‘yicha ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilib, mahorat bobida tengsiz ekanini yana bir karra isbotladi. Ushbu juftlik 200 metrga o‘tkazilgan bahslarda ikkinchi o‘rinni egalladi.
Terma jamoamiz hisobiga yana bitta oltin medalni o‘n yetti yoshli iqtidorli sportchimiz Dilnoza Rahmatova taqdim etdi. U xotin-qizlar o‘rtasida 200 metr masofaga kanoeda eshkak eshish bo‘yicha yakkaliklar poygasida raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
Yana bir tajribali kanoechimiz Gerasim Kochnev 1000 metrga o‘tkazilgan yakkalik bahslarida kumush, 5000 metrga o‘tkazilgan musobaqada bronza medalni qo‘lga kiritdi.
200 metrga kanoeda eshkak eshish bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida Nilufar Zokirova ikkinchi, erkaklar o‘rtasidagi 500 metr masofaga baydarkada eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada Aleksey Mochalov uchinchi o‘rinni egalladi.
T.ORTIQOVA