FARZANDLAR SALOMATLIGI – USTUVOR VAZIFA

Mamlakatimizda aholi salomatligini asrashga katta ahamiyat berilayotir. Xususan, ko‘plab tibbiyot muassasalari barpo etilib, mavjudlari kapital ta’mirdan chiqarilmoqda. Natijada sohada xizmat ko‘rsatish sifati va ko‘lami ortib bormoqda. Birgina Andijon viloyatidagi Viloyat sil kasalligiga qarshi sanatoriyasining bugungi faoliyati fikrimizning tasdig‘idir.

2013 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida sil kasalligi bilan kasallanishni kamaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2011 yildagi qarori asosida muassasaning yangi binosi qurib foydalanishga topshirildi. Andijon tumanining Xartum qishloq fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan mazkur shifo maskani uch yuz o‘ringa mo‘ljallangan.

– Bu yerda 3 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan, o‘pka tizimida muammosi bor bemorlar davolanadi, – deydi sihatgoh bosh shifokori Yulduzxon Xolbekova. – Kasallik belgilari va holatidan kelib chiqib muassasamizda to‘rtta davolash bo‘limi faoliyat yuritmoqda. Rentgen kabineti, klinik laboratoriya, fizioterapiya va bolalarning dam olishlari uchun maxsus xonalar xizmati ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Davolash muolajalari qo‘yilgan tashxisga asosan ikki oydan uch oygacha olib boriladi. Ayni vaqtda bemor bolalarning salomatligini tiklash maqsadida muassasada 210 nafar malakali shifokor, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari, tarbiyachi-pedagoglar faoliyat yuritmoqda.

Obodlik ko‘ngildan boshlanadi, deydi dono xalqimiz. Darhaqiqat, salomatlikning asosi ham ozodalik, saranjom-sarishtalik bilan bog‘liq. Ushbu sog‘lomlashtirish maskanida esa bu jihatlarga jiddiy e’tibor qaratilib kelinayotir. Sihatgohdagi shart-sharoit sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob beradi.

– Davolash samaradorligini oshirishda to‘g‘ri ovqatlanish tartibiga amal qilish muhim vositalardan biri sanaladi, – deydi Yulduzxon Xolbekova. – Bu borada muassasada kerakli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Bemorlarga besh mahal parhezbop taomlar beriladi. Belgilangan me’yorda iste’mol qilinadigan go‘sht va sut mahsulotlari, shirinliklar davolanuvchilarga darmon bag‘ishlaydi. Quruq mevalar, sabzavot va poliz mahsulotlari esa vitamin yetishmovchiligini bartaraf etadi. Ayni vaqtda sihatgohda sog‘lomlashtirish jarayonlarini yanada yaxshilash niyatida fizioterapiya bo‘limini rivojlantirish, ayniqsa, bemorlarni gimnastika mashg‘ulotlari bilan davolashga katta e’tibor qaratyapmiz. Kelgusida bolalarni chiniqtirish maqsadida ochiq suv havzasi tashkil etish rejalashtirilgan.

Bolalarni uzluksiz ta’lim jarayonidan ajralmasliklarini ta’minlash maqsadida maktab faoliyati ham tashkil etilgan bo‘lib mazkur o‘quv binosida o‘n uchta sinf xonasi, jumladan, kimyo-biologiya, informatika, matematika, ona tili va adabiyot, chet tili xonalari hamda sport zali mavjud. Ularda bolalar o‘z bilim va jismoniy salohiyatlarini oshirib borish imkoniyatiga ega. O‘quvchilarning qiziqishlarini inobatga olgan holda turli fan, san’at va sport to‘garaklari tashkil etilgan. Uch yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun maktabgacha tayyorlov guruhlari tuzilgan.

Yana o‘qing:  BAYRAMGA MUNOSIB TUHFA

Bu yerda bolalar nafaqat davolanadi, balki o‘z bilimini oshirib boradi. Iqtidori va qiziqishiga qarab turli to‘garaklarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi.

Faxriddin NURMUHAMMEDOV,

Andijon viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: