Badiiy gimnastika: NAFOSAT, NAZOKAT VA JOZIBA UYG‘UNLIGI
Badiiy gimnastika. Sportning ushbu turi o‘zining nafosati va jozibasi bilan boshqa sport turlaridan ajralib turadi. Har gal televizor orqali badiiy gimnastika bahslarini kuzatish asnosida ko‘nglimda qizalog‘imni ham sport bilan oshno qilish, ayniqsa badiiy gimnastika mashg‘ulotlari bilan shug‘ullantirish istagi jo‘sh uradi. Shu niyatni dilimga tugib qo‘yaman. Buning uchun yurtimizda barcha sharoitlar mavjud. Qiz bolaning sport bilan shug‘ullanishi uning sog‘lom voyaga yetishini, bu esa kelajakda undan sog‘lom farzandlar dunyoga kelishini ta’minlaydi. Zero, Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “Sog‘lom ona – sog‘lom bola.” Bugungi kunda yurtdoshlarimiz uchun dasturilamalga aylangan mazkur shior, davlatimiz tomonidan uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan siyosatning naqadar oqilona ekanini isbotlaydi.
Sport salomatlik va go‘zallik asosi. Yurtimizda bolalar sporti, ayniqsa, xotin-qizlar sportini rivojlantirshga ulkan e’tibor qaratilmoqda. Yurtboshimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida millat salomatligini asrash, ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarimizni ham ma’nan, ham jismonan barkamol qilib voyaga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan yuksak sa’y-harakatlarni butun dunyo e’tirof etmoqda. Hamyurtlarimizning dunyo miqyosida fan-ta’lim, madaniyat va sport sohalarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari esa ana shu e’tibor va rag‘batning samarasidir.
Mamlakatimiz Prezidentining 2011 yil 27 avgustda qabul qilingan “Badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zahirasi sport maktabini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan samarali ishlar yurtimizda badiiy gimnastikaning jadal sur’atlar bilan rivojlanishiga turtki bo‘ldi.
So‘nggi yillarda davlatimizda ko‘plab yirik nufuzli xalqaro sport musobaqalarining o‘tkazilayotgani esa O‘zbekiston tenglar ichra teng ekaniga dalil bo‘lmoqda. Yaqinda dunyo sport mutaxassis va ixlosmandlari O‘zbekistonda qilichbozlik bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatining yuksak saviyada tashkillashtirilganiga guvoh bo‘lishdi. Bugun esa poytaxtimiz yana bir ulkan sport bayramiga mezbonlik qildi.
20-25 may kunlari Toshkentdagi badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zahirasi sport maktabida badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bosqichi hamda an’anaviy “Happy Caravan” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Gimnastika federatsiyasi hamkorligida Xalqaro gimnastika federatsiyasi shaf’yeligida o‘tkazilayotgan musobaqalarda dunyoning yigirmadan ziyod davlatidan yuzga yaqin iqtidorli gimnastikachi qizlar ishtirok etdi.
Uch kun davom etgan musobaqalarda yakkaliklar va guruhlar o‘rtasida ko‘pkurash va alohida gimnastika predmetlari yordamida mashq bajarish bo‘yicha final bellashuvlari o‘tkazildi. Qizlarning arg‘amchi, halqa, to‘p, bulava va tasma bilan mashq bajarish bo‘yicha yuksak mahorati, musiqa va ritmni yaxshi his etishi, chaqqon, nafis va yengil harakatlari muxlislarga zavq bag‘ishladi.
– Musobaqalarning yuqori saviyada tashkil etilganligi O‘zbekistonda sportga qaratilayotgan ulkan e’tiborning namunasi deb hisoblayman, – deydi Jahon kubogining ko‘pkurash bahslari g‘olibi rossiyalik Margarita Mamun. – Keskin va murosasiz kurashlarga boy o‘tgan musobaqalarda har bir sportchi g‘oliblik uchun jiddiy kurash olib bordi. O‘zbekistonda bo‘lganimdan xursandman. Musobaqalar davomida muxlislarning muttasil qo‘llab-quvvatlab turishlari yurtingizda baddiy gimnastikaning yildan yilga ommalashib borayotganidan darak beradi.
Musobaqalar davomida Vatanimiz sharafini himoya qilgan sportchilarimiz ham mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘lishdi. Jahon kubogi bosqichida hamyurtimiz Anastasiya Serdyukova bulavada mashq bajarishda bronza medali bilan taqdirlandi. Yana bir hamyurtimiz Yelizaveta Nazarenkova esa yakuniy natijalarga ko‘ra 7-o‘rinni egalladi. “Happy Caravan” xalqaro turnirining final musobaqasida ham gimnastikachilarimiz munosib ishtirok etdi. Sabina Toshkenboyeva ko‘pkurash va alohida gimnastika predmetlari – arg‘amchi, to‘p va bulava yordamida mashq bajarish bo‘yicha jami to‘rtta bronza medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, Nuriniso Usmonova halqa yordamida mashq bajarish bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladi.
– Musobaqadagi ishtirokim davomida ko‘plab do‘stlar orttirdim, – deydi S.Toshkenboyeva. – Shu bilan bir qatorda, ona Vatanimda o‘tkazilgan musobaqada sovrindor bo‘lish orzuim ham amalga oshdi. Bu esa o‘z-o‘zidan mamlakatimizda gimnastika bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar va murabbiylarimning xizmati samarasidir. Kelajakda ko‘plab xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, Vatan sharafini munosib himoya qilishga, yurtim bayrog‘ining jahon arenalarida mag‘rur hilpirab turishiga o‘z hissamni qo‘shishga harakat qilaman.
Sport – tinchlik va do‘stlik elchisi. Mamlakatimizda tashkil etilgan bunday nufuzli musobaqalar esa bu fikrning naqadar to‘g‘ri ekanidan dalolat beradi.
– Qizim badiiy gimnastika bilan ikki yildan buyon shug‘ullanib keladi, – deydi Jabbor To‘laganov. – O‘tgan vaqt mobaynida unda ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Qaddi-qomati tik bo‘ldi, o‘ziga ishonchi ortdi. Mustaqil fikr yuritadigan, qarorlarini o‘ylab qabul qiladigan bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, sport nafaqat insonni jismonan, balki ma’nan ham chiniqtirishiga yana bir bor ishonch hosil qildim.
Yurtboshimizning “Hech narsa mamlakatni sportchalik tez dunyoga mashhur qila olmaydi” degan so‘zi yil sayin o‘zining tasdig‘ini topib kelmoqda. Kelajakda bizdan ham yana ko‘plab chempionlar chiqishiga ishonamiz. Zero, O‘zbekiston iste’dodlar, chempionlar mamlakati. Shunday ekan bugungi e’tibor va rag‘batda hur ulg‘ayayotgan yoshlar kelajakda mamlakat nomini dunyoga mashhur qiladigan insonlar bo‘lib yetishishiga shubha yo‘q.
Farhod TOLIPOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri