TANTI TABIAT NE’MATI

Ravoch va uning foydali xususiyatlari haqida

Ravoch o‘simligini ko‘pchilik sevib iste’mol qiladi. Uning po‘stini archish jarayonida o‘simlikdan ajib bir ifor taraladi.Nordon mazasi esa ishtahani qitiqlaydi. Bundan tashqari ravochning ko‘pchilikka noma’lum bir qancha xususiyatlari ham bor.

O‘zimizning tog‘dan

Ravochning 150 ga yaqin turi mavjud. Ushbu madaniylashgan o‘simlik markaziy Xitoyda poliz ekini sifatida yetishtiriladi. Uning barglari sariq-yashil va qizil ko‘rinishga ega. Uzunligi esa 20 sm.dan – 40 sm.gacha bo‘ladi. Ravoch O‘zbekistonning tog‘li va tog‘ oldi hududlarida hamda qir-adirlarda yovvoyi holda o‘sadi.

O‘simlikning yosh, qalin, sersuv barglari xushxo‘r va ishtahaochar desert sifatida iste’mol qilinadi. Barglarining mazasi nordon bo‘lib, ishtahani ochish xususiyatiga ega. Uning tarkibida olma va limon kislotasi ham uchraydi.

Ravoch parhez mahsuloti hisoblanadi. Undan hech qanday yog‘ moddasini topmaysiz. 100 gramm ravoch tanasi bor-yo‘g‘i 116 kilokaloriyadan iborat. Mazkur o‘simlik tarkibida juda ko‘p miqdorda pektin, oziq tolalari, organik kislota va mineral moddalar mavjud. Shuningdek, S, V vitaminlari, karotin, moddalari va kaliy, fosfor, magniy tuzlari ham bor. Ravoch me’da-ichak faoliyati va hazm jarayonini yaxshilashda samarali natija beradi. Undan safro haydovchi vosita sifatida ham foydalanishadi.

Mazkur o‘simlikning ildizi ham shifobaxsh sanaladi. Uning bargi juda seret va sersuvligi sabab iste’mol qilinadi. Davo maqsadida ildizi va ildizpoyasidan foydalanish mumkin. Ravochdan tindirma va sharbat ham tayyorlanadi.

Foydadan xoli emas

Ravoch me’da-ichak faoliyati buzilishida juda foydali. Magniy, kaliy, fosfor kabi moddalar ravoch tarkibida juda ko‘p miqdorda uchraydi. Bu esa kamqonlikning oldini olishda ayni muddao. U qon yaratish tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Ravoch qonni ham ko‘paytiradi.

O‘simlikning foydali xususiyatlari bu bilan kifoyalanmaydi. U avitaminozni davolashda umumiy quvvat beruvchi dorivor vosita sanaladi.

Ayniqsa, o‘pka kasalliklari bilan xastalangan bemorlar uchun ravoch iste’mol qilish foydalidir.

Bu mahsulotni teri, tirnoq va soch faoliyatini yaxshilash maqsadida ham qo‘llash mumkin. U soch va teri rangini yaltiratish xususiyatiga ega.

Nega iste’mol

qilmaymiz?

Pankreatit (me’da osti bezi yallig‘lanishi) va gastrit(me’da shilliq qavati yallig‘lanishi) hamda me’da va o‘n ikki barmoqli ichak kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlarga ushbu dorivor o‘simlikni iste’mol qilish mumkin emas.

Yana o‘qing:  Hamdam bo‘l, ezgulik!

Ravoch tarkibida juda ko‘p miqdorda organik kislotalar mavjudligi bois u buyrak, peshob va o‘t pufagida toshlar yig‘ilishiga sabab bo‘ladi. Shu boisdan ravochni peshob-tosh va o‘t-tosh kasalligi bilan og‘rigan bemorlarning ovqat ratsionidan chiqarish zarur.

Xalq tabobatida

Ravoch xalq tabobatida bir qancha kasalliklarni davolovchi va oldini oluvchi xususiyatga ega. U yurak, o‘pka va jigar kasalliklari hamda kamqonlikda davo sanaladi. Mazkur o‘simlikning bargiga qaraganda uning ildizi foydaliroqdir.

Qabziyatda: 2 osh qoshiq ravoch ildizi yaxshilab to‘g‘raladi. 1 stakan qaynagan suvga aralashtirilib, xuddi choy singari damlanadi. Tayyor damlama uxlashdan oldin stakanning uchdan bir qismi miqdorida ichiladi. Mazkur damlama dori mahsulotlariga qaraganda samaralidir.

Gipertoniya (qon bosimining ko‘tarilishi)da: Ravochdan tayyorlangan damlama qon bosimining ko‘tarilishida ham foydali. Damlamani tayyorlash uchun 2 osh qoshiq quritilgan ravochni maydalab, 1,5 stakan qaynoq suvga solib aralashtiramiz. Ushbu aralashma 30 daqiqa davomida past olovda qaynatiladi. Tayyor bo‘lgach olovdan olib sovutiladi. 1,5 stakan damlamani iste’mol qilish, kun davomida arterial qon bosimini me’yoriga keltirish uchun yetarli sanaladi.

Avitaminoz (vitamin yetishmasligi)da: Avitaminozning oldini olish va davolashda ravoch samarali natija beradi. Uni tayyorlash uchun o‘simlikning barglaridan va po‘stlog‘idan tozalangan seret shoxlari shakar (yoki asal) kerak bo‘ladi. Ravoch sovuq suvda yuvilib, paxmoq toza sochiq yordamida quritiladi. Uning sharbati siqib olinadi. Ta’bga ko‘ra shakar yoki asal aralashtiriladi. Kun davomida 1,5 stakan nordon-shirin ta’mli sharbatni iste’mol qilish, immunitetni ko‘tarish va organizmda vitaminlar tanqisligini to‘ldirish uchun yetarli sanaladi.

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: